(Кириллча) Ўзбекистон мева ва сабзавот экспортининг асосий улуши Қозоғистон ҳиссасига тўғри келди.

(Кириллча) Ўзбекистондан шу кунгача 778 миллион долларлик мева-сабзавот четга экспорт қилинди.

(Кириллча) Тошкент метрополитенининг устки қисмида хизмат олиб бораётган Ички ишлар ходимларининг назорат пости олиб ташланди. Бу ҳақда Ички ишлар вазирлиги матбуот хизмати хабар бермоқда.

(Кириллча) Ўзбекистонда ишлаб чиқариладиган пахта ёғи учун акциз солиғи ундирилмайди.

(Кириллча) Жорий йилнинг 24 ноябрь куни мамлакатимизда илк бор «DevFest» – Google Developers Group (GDG) дастурчилар халқаро фестивали бўлиб ўтади.

«Ertaga omadim kelar ekan…»

munajjimlar
jamiyat
Dekabr07/ 2015

Tushga yaqin uchrashishimiz kerak bo’lgan tanishimga qo’ng’iroq qilib, qayerdaligini so’radim. U bo’lsa, hozir uydan chiqolmasligini, bugungi munajjimlar bashoratida hech qayerga chiqmasdan uyda o’tirishi maslahat berilganini aytdi. Shuning uchun o’qishga ham bormabdi. «Xavotir olmang, ertaga omadim kelar ekan, nima ishga qo’l ursam hammasi yaxshilik bilan tugar ekan…», deya qo’shimcha qildi u.

Darhaqiqat, bugun bosma va internet nashrlarining aksariyatida qator tele va radiokanallarda kunlik, haftalik, oylik va hatto yillik munajjimlar bashorati e`lon qilinadi. Bu bashoratlarni kundalik hayotida yo’riqnomaga aylantirib olganlar ham yo’q emas oramizda. Bu holat ayniqsa, ayollar orasida yuqori. Ba`zi yoshlar aynan munajjimlar bashoratini o’qish uchun ham gazeta sotib olayotganiga nima deysiz?

Taqdirni oldindan bilish jozibasi azaldan insoniyatni o’ziga maftun qilib kelgan. Odamlar osmon jismlari harakati, ob-havoning o’zgarishi va shunga o’xshash belgilarga qarab ishlarini rejalashtirgan. Aslida, ilmi nujum, dastlab qadimgi Rimda rivoj topgan. Lekin insoniyatning ast­rologiyaga qiziqishi XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab yanada ortib bordi. Ayni paytda esa goroskop – jadval tuzib, biznes qilish butun dun­yoda keng tar­qaldi. Buning ortidan qanchadan-qancha boylik orttirish ilinjida yurganlar o’z manfaati yo’lida kishilarni rosmana aldashdan ham tap tort­mayapti. Bugungi texnologik taraqqiyot zamonida ham kishilarning bu «safsata»ga qiziqishi, ishonchi susaymayapti. Ammo olimlar har xil ilmiy muassasalar tomonidan o’tkazilgan qirqdan ortiq xolis tadqiqotlar natijalarini keltirib, ilmi nujum bashoratlarini shubha ostiga qo’yishgan.

– Umuman, islomda ilmi nujumni o’rganish taqiqlanmagan, – deydi Toshkent shahar To’ra buva jome masjidi imom xatibi Vohidjon Aysakov. – Ulamolar bu ilmni ikkiga bo’lishgan. Birinchisi hisob-kitob ilmi. Binobarin, Qur`o­ni Karimda oy va quyoshning sayr qilishi hisobli ekani xabar beriladi. Ajdodlarimiz quruqlik va dengizda yo’l topish, namoz, ro’za, haj kabi ibodatlar vaqtini aniqlash, dehqonchilik ishlarini tashkil etish uchun yulduzlar ilmidan foydalangan. Ilmi nujumning ikkinchi qismi esa ulug’ alloma Imom Fazzoliyning fikriga ko’ra, hukmlar ilmidir. Ilmning ushbu turi shariatimizda taqiqlangan. Folbinlik qilish, yulduzlarga qarab inson hayotini ta`bir qilish gunohi kabir hisoblanadi.

Aytish kerakki, bugun ko’pchiligimiz munajjimlar bashoratining yolg’on ekanini bilib turib ham ishonaveramiz. Uning asosiy o’quvchilari esa yoshlar ekanini hisobga olsak, tar­qatilayotgan «bashorat»lar ularning tarbiyasiga, ma`naviyatiga qay darajada salbiy ta`sir etishi mumkinligini sezish qiyin emas. Binobarin, «Bugun sevgilingiz sizga bag’rini ochadi, uning istaklarini javobsiz qoldirmang, bu oxirgi imkoniyat bo’lishi mumkin…» yoki «Bugungi soch turmagingiz va libosingiz kun davomida kayfiyatingizni belgilaydi, zamonaviyroq kiyinishga harakat qiling…» kabi qaysidir bir chet el manbasidan to’g’ridan-to’g’ri tarjima qilinib, yoki ko’r-ko’rona to’qib e`lon qilinayotgan «bashorat»lar kishilarga, ayniqsa, hali oq-qorani ajratib ulgurmagan yoshlarimizga nimani targ’ib etmoqda? «Ta`birchi» bu bilan yoshlarimizni qay yo’lga undamoqda, nimaga da`vat etmoqda? Tobora globallashib, mafkuraviy tahdidlar, g’oyaviy kurashlar kuchayib borayotgan ayni zamonda bizga oddiydek ko’ringan bu kabi «bashorat»lar ortida ham kimlarningdir g’arazli maqsadlari yashirinmaganiga kim kafolat beradi?

Hayot tasodiflarga to’la. Bugun ertalab uydan chiqarkanmiz, kechgacha nimalar bo’lishini hech kim aniq aytib berolmaydi. Shunday ekan, biz inson bo’laturib, o’z aqlimizga, farosatimizga ega bo’lib, ayrim to’qib chiqarilayotgan uydirmayu taxminlarga ishonishimiz, ommaviy axborot vositalarida ularning oqibatini o’ylamasdan e`lon qilaverish to’g’rimikin? Binobarin, dinimiz ham, bugungi zamonaviy ilm-fan ham munajjimlar bashoratining mutlaqo yolg’ondan iborat ekanini ta`kidlab turibdi.

Bekzod IBRAGIMOV,

«Jamiyat» muxbiri

Teglar:

Foydali havolalar