(Кириллча) Ўзбекистон мева ва сабзавот экспортининг асосий улуши Қозоғистон ҳиссасига тўғри келди.

(Кириллча) Ўзбекистондан шу кунгача 778 миллион долларлик мева-сабзавот четга экспорт қилинди.

(Кириллча) Тошкент метрополитенининг устки қисмида хизмат олиб бораётган Ички ишлар ходимларининг назорат пости олиб ташланди. Бу ҳақда Ички ишлар вазирлиги матбуот хизмати хабар бермоқда.

(Кириллча) Ўзбекистонда ишлаб чиқариладиган пахта ёғи учун акциз солиғи ундирилмайди.

(Кириллча) Жорий йилнинг 24 ноябрь куни мамлакатимизда илк бор «DevFest» – Google Developers Group (GDG) дастурчилар халқаро фестивали бўлиб ўтади.

72 YOSHDA QAYTGAN BAXT

Jamiyat
Dekabr01/ 2016

«1938 yil. Achchiq-achchiq xoti­ralar. Maktabda o’qib yurgan kez­larim usto­zi­miz qatag’on dahshat­lari haqida so’z­­lar ekan, titrab-qaltirab keta­ve­rar­di. Ko’zlaridan yumalagan yoshni artishga ulgurmay qolardi ba`zan. Bu holat biz, o’yin­qaroq bolalarning ruhiyatiga ham ta`sir o’tkazardi. Keyin bil­sam, muallimimizning otasi ham o’sha yillari nohaq ayblanib, surgun qilingan ekan».

Qoraqalpog’istonlik Rinat otaning qismati boshqalarnikidan ancha farqli. Uning o’tmishiga guvohlar kam, iztirobiga sheriklar ham.

OTA

Rinat Kosekeev 1933 yilda Qoraqalpog’istonning To’rtko’l tumanida tug’ildi. Otasi O’razali Kosekeev ziyoli kishi bo’lib, 1937 yilga qadar tumanda mas`ul lavozimlarda ishlagan. Uni dunyoqarashi keng, ayniqsa, adabiyotdan boxabar kishi sifatida ta`riflashgan. Hatto mahalliy nashrlarning birida muharrir ham bo’lgan ekan.

Zamonning battol ko’zi «yilt» etgan uchqunni ham o’sha zahoti so’ndirishga bel bog’lagan chog’lar edi. Ko’plab ziyolilarni olib ketgan qatag’on bu xonadonni ham chetlab o’tmadi. O’razali aka aybsiz aybdor qilinib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Uning turmush o’rtog’i Amina Tantasheva 4 yashar o’g’li Rinat va 5 oylik qizi Tamiliya bilan bo’zlab qolaverdi.

Oila tebratish ojiza zimmasiga tushdi. Ish topish anqoning urug’idek gap. Hamma eshiklar ichkaridan yopiq. Kimki «xalq dushmani»ning oilasidan xabar olsa, unga ham «xalq dushmani» sifatida qaralar edi. Amina ayani navbatdagi musibat qarshi oldi. Go’dak qizi kasallik sabab hayotdan ko’z yumdi. Ayolning yuragi chil-chil sinib, yolg’iz o’g’li va bardoshiga suyanib qoldi.   Nochorlik va ilojsizlik shundoq ham tinka-madorini quritgan oila boshiga navbatdagi tashvish qo’shildi. Maktab yoshiga yetgan Rinatni boshlang’ich sinfga qabul qilishmadi. Ayol har kuni bolasi bilan maktab ostonasiga bosh urib bordi – baribir bo’lmadi.

ONA

Onaning ko’ngli qattiq og’ridi. Ko’ziga norasidadan bo’lak hech nima ko’rinmadi. O’ylayverdi, o’ylayverdi – o’yiga yetolmadi. Oxiri o’g’lining familiyasini o’zgartirishga qaror qildi. Chunki bu tamg’a bola hayotiga xavf solishi turgan gap edi. Axir maktab jurnaliga «xalq dushmani»ning familiyasini yozdirib bo’larmidi?

Xullas, Rinat onasining familiyasi va sharifi bilan maktabning birinchi sinfiga qabul qilindi. Tantashev Rinat Husainovich bo’lib o’qidi, ishladi, yashadi.

Sovuq epkinlar esib tursa-da, ona mehnatdan chekinmadi. U Qoraqalpog’iston radiosining dastlabki suxandonlaridan bo’ldi, rus va qoraqalpoq tillarida eshittirishlar olib bordi. So’ngra Xo’jayli shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyida uzoq yillar rahbar lavozimida ishladi. Kasbi orqasidan oila tebratdi.

O‘G‘IL

Rinat qancha qiyin bo’lmasin, maktabni a`lo baholarga bitirdi. Har dam onasiga tayanch bo’ldi. O’z sohasi bo’yicha ishlab, tajribali qurilish muhandisiga aylandi. Ayniqsa, otasizlik unga oilaning naqadar muqaddas ekanini anglatdi. Vaqti yetib, o’zi ham uylandi. Ikki qizning mehribon otasi bo’ldi. Ayoli erta vafot etgach, hayotini shu qizlari tarbiyasiga bag’ishladi, boshqa oila qurmadi.

HAQIQAT

Haqiqat o’z nomi bilan haqiqat. Rinat aka ko’p martalab davlat arxivlariga borib, otasi haqidagi barcha hujjatlarni to’pladi. Yurtimiz mustaqillikka erishgan kezlar edi. Ko’p qatori uning otasi ham oqlandi. Ko’ngli ancha taskin topdi. Shu kungacha otasi kimligiyu, uning nomini sir tutib yashagan inson chindan ham yorug’ kunlarni sog’ingan edi.

2005 yilda hukumatimiz tomonidan Renat otaning murojaati ijobiy hal qilinib, uning 1933 yilda berilgan tug’ilganlik haqidagi guvohnomasi haqiqiy deb topildi. U 72 yoshida hurligimiz tufayli o’z otasining sharifini olishga muyassar bo’ldi. Rinat boboning o’sha kungi shodligi ko’pchilikning ko’z o’ngida muhrlanib qoldi. Axir bir umr o’z sharifidan qo’rqib yashashning o’zi bo’ladimi? Keksa otaxon hozir 82 yoshda, nabiralari qurshovida baxtli hayot kechirmoqda. Endi u Kosekeev Rinat O’razaliyevich – o’z ismi-sharifiga ega bo’lgan baxtli inson!

Bobur ELMURODOV,

jurnalist

Foydali havolalar