O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi arafasida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida barpo etilgan beshta 5 qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligi arafasida Asakadagi «GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati asoschisi Islom Karimovning yodgorlik majmuasi ochildi.

2018 yil 1 yanvardan UzCard banklararo to‘lov tizimi tomonidan «DUET» kartalar orqali pul o‘tkazmalari to‘xtatiladi.

1 dekabr. Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori e`lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Zamondan noliganni yomon ko’raman”

Jamiyat
Iyun01/ 2016

deydi buxorolik 91 yoshli Rahmon ota Qodirov

– Hanuz yodimda… Germaniya. Reyxstag binosidan chiqib kelayotgan qurolsizlantirilgan harbiy askarlar, zobitlar. O’sha damlarni eslasam, haligacha o’kirib yig’lagim keladi, – deydi Buxoro tumanidagi Rabotak mahallasida istiqomat qilayotgan 91 yoshli Rahmon ota Qodirov. – Axir biz tinchlik va omonlikni qanchalik intizor bo’lib kutgan edik. Urush dahshati hech kimning boshiga tushmasin…

Rahmon Qodirov Kursk shahri ostonasida ilk bor Vatan himoyasiga kirdi. Oldinda uni qirg’inbarot jang, lovillab yonayotgan zamin, urushning bor dahshatli qiyofasi kutib turardi. Urush davrida o’zi bosib o’tgan yo’l – har bir qishloq, o’rmon, botqoqlik, kechuv uning ko’z o’ngida videotasmadek bir umrga muhrlangan. Dinepr daryosi o’zanlarida och-nahor, dushman o’qidan himoyalanib suv ichida jon saqlagani, qish-qirov kunlarda oyoqyalang sovuqdan muzlab qolayozgani, eski mato o’rab kun o’tkazgani, lovillab yonayotgan tanklar atrofida jizg’anak bo’lib kuyib yotgan safdoshlarini og’ir hayajon bilan, yuzlari, qo’llari, lablari titrab xotirlaydi.

Harbiy kiyimi loy va qor kechib uvadaga aylangan, daydi o’q ilma-teshik qilganda ham o’n sakkiz yoshli bu o’zbek o’g’loni jon huzurini o’ylamadi. Shunday damlarda mukammal harbiy kiyim bilan ta`minlangan, ammo jangda halok bo’lib, yerda cho’zilib yotgan dushman askarlarining issiq kiyimlari-yu, mustahkam poyabzallarini yechib olib kiyganda, joni biroz bo’lsa-da halovat topar, azoblari yengillashardi. Ammo dushmanga tegishli buyumni ishlatish – undan madad tilash bilan barobarligini chuqur his etdi. Uning or-nomusi tog’lardan-da baland, Vatanga muhabbati shirin jonidan-da aziz, g’ururi esa qahratonda-da ustun keldi, ana shu paytda.

Rahmon ota ikki minglik qo’shindan iborat polkda avvaliga snayper, keyin esa pulemyotda jangga kirdi. U hayot insonga berilgan ne`mat ekani, vaqt qadrini shu onlarda anglab yetganini takrorlab charchamaydi.

– Snayper va pulemyotda jang qilish – peshonani to’pga tutib berganday gap, – deydi u. – Bir gal dushman bilan atigi yarim soatlik to’qnashuv bo’ldi. Shu o’ttiz daqiqada 2 ming askardan bor-yo’g’i 7 nafarimizgina omon chiqdik. Ular orasida… Oh, mening qadrdonlarim, do’stlarim, tutdek yerga “duv” to’kilgan tengdoshlarim… jon talvasasidagi ingroqlar… Qay birini aytay? Shu o’ttiz daqiqa ichida 1993 ona o’g’lidan judo bo’lib, farzand dog’ida qoldi, ularning uyiga noxush xabar bitilgan qora xatlar jo’nadi. Bu bor yo’g’i urushning o’ttiz daqiqalik dahshati. Siz bu sonni 6 yilga ko’paytirib ko’ringchi, nechta insonning yostig’i quriganiyu, nechta bola yetimga aylangani, qancha ota-onaning jigari pora-pora bo’lganini tushunasiz.

Shunda ham ortga yo’l yo’q, yordamchi kuch yetib kelgunicha qanday bo’lmasin dushman yo’lini to’sib turing, degan buyruq bor edi, xolos. Ortga qaytgan qo’rqoq, xoin sanalib, otib tashlanardi… Uch soatdan so’ng navbatdagi qo’shin yetib kelgunicha butun polk hududini yettovlon himoya qildi.

U 17 yoshda jangga jo’nab, 21 yoshda uyga qaytdi. Urush uni yenga olmadi, irodasini bukolmadi. Fashizm qirg’inining olovli o’chog’idan omon chiqdi. Sababi nimada, deysizmi?

– Bilmadim, balki, jangga jo’nashimdan bir kun avval otam mahalladosh do’stim ikkalamizni Bahovuddin Naqshbandiyning qabrini yashirincha ziyorat qilishga olib borganlari menga kuch bergandir. Balki, mushtipar onamning “Porlab turgan ko’zlaringni qayta ko’rish nasib etsin, o’g’lim”, deya qilgan duosi yoki urush chog’i biror hamyurtimni uchrata olmay, vatandoshlarim diydori, Ona qishlog’im manzaralarini yana bir marta ko’rish ilinji meni bir emas o’n, balki yuz-ming o’limdan saqlab qolgandir?! – deya xotirlaydi otaxon. – Ammo urushdan qaytib kelib nimalarni ko’rdim? Uyimiz yonidan oqib o’tgan manavi ariq bo’yida jon bergan qo’shnilarimiz, kunjaradan bo’kib o’lgan yaqinlarimiz, dunyoga to’ymay ochiq qolgan norasida ko’zlar… Keksa otam bilan iloji boricha mayitlarni qabrga qo’yishga harakat qilardik. Xudo meni Vatanimga sog’-salomat yetkazdi, endi ochlikdan o’lishga haqqim bormikan? O’zga yurtlarda sarson jang qilgan kezlarim ko’p bo’ldi. Endi kuchim boricha mehnat qilishim, o’lmaslik uchun yashashim zarur edi.

Urushdan omon qaytib, u oila qurdi. Turmush o’rtog’i Istat aya Qodirova bilan 70 yil birga umrguzaronlik qilib, besh qiz, to’rt o’g’ilni kamolga yetkazdi. Farzandlarini ahil-inoq, bir-biriga g’amxo’r qilib tarbiyaladi. Ularning ortidan faqatgina rahmatlar eshitdi. Oltmish nafardan ortiq nevara va evaraning bobosi bo’ldi. – Bugungi kunlardan noliydigan, zamonamizning qadriga yetmaydiganlarni yomon ko’rishimni yashirmayman, – deydi ota suhbati yakunida. – Tinchlik bu – ulug’ ne`mat, uni asrash, qadriga yetish har birimizning muqaddas burchimizdir. Noligan Xudoga yoqmaydi. Berganiga shukr qilib yashash, el-yurt rivojiga hissa qo’shish barchaning e`tiqodiga aylanishi darkor.

Dildora IBROHIMOVA, Jurnalist

Teglar:

Foydali havolalar