O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi arafasida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida barpo etilgan beshta 5 qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligi arafasida Asakadagi «GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati asoschisi Islom Karimovning yodgorlik majmuasi ochildi.

2018 yil 1 yanvardan UzCard banklararo to‘lov tizimi tomonidan «DUET» kartalar orqali pul o‘tkazmalari to‘xtatiladi.

1 dekabr. Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori e`lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Prezident sovriniga kim munosib?

  • 1234
  • 1234
Jamiyat
Oktabr29/ 2016

Kecha erta tongdan poytaxtimizning «Turkiston» san`at saroyi har qachongidan gavjum bo’ldi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan tadbirkor, fermer va usta-hunarmandlar ishtirokida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun bu yil XX bor o’tkazilayotgan «Tashabbus» ko’rik-tanlovining yakuniy respublika bosqichi ko’rgazmasi ish boshladi.

O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar Kengashi, Xalq ustalari, hunarmand­lari, musavvirlari «Hunarmand» uyushmasi, qator vazirlik va idoralar hamkorligida o’tkazilayotgan mazkur ko’rgazmada hududiy bosqichlardagi 7 ming 701 nafar nomzod orasidan g’oliblikka loyiq deb topilgan 41 nafar omadli ishtirokchi o’z mahsulotlarini namoyish etmoqda.Tadbir tashkilotchilarining ma`lum qilishicha, qatnashchilar o’tgan yilgi kabi «Yilning eng yaxshi tadbirkori», «Yilning eng yaxshi fermeri» va «Yilning eng yaxshi hunarmandi» kabi uchta asosiy yo’nalish hamda «Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori», «Eng yaxshi tadbirkor ayol», «Eng yaxshi innovatsion loyiha», «Yoshlarga eng ko’p ish joyi yaratgan tadbirkor», «Mening yurtim – mening iftixorim», «Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi», «Oziq-ovqat sanoatidagi eng yaxshi yil tadbirkori», «Yilning eng yaxshi mahsuloti», «Eng yaxshi eksportchi», «Eng mas`uliyatli ijtimoiy sherik» kabi qo’shimcha nominatsiyalar bo’yicha bellashmoqda.

 Milliy Mahsulotlar eksportga

Tadbirkorlar uchun ajratilgan ko’rgazma maydoniga qadam qo’yarkansiz, yangi mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ko’rib, beixtiyor iftihor tuyg’usini his qilasiz. Bir paytlar faqat agrar respublika deb qaralgan mamlakatimiz bugun sanoati kun sayin rivojlanayotgan davlatga aylandi. Navoiylik ishbilarmon Vohid Fayziyev rahbarligidagi «Heating radiators» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy radiatorlar ham sanoatimiz uchun yangi o’zlashtirilgan mahsulotlardan.

–         Mazkur ishlanma mamlakatimizda hali ommalashmagan, – deydi V.Fayziyev. – Sof alyuminiydan ishlangan radiatorlar an`anaviysiga nisbatan chidamli va ikki barobar yuqori quvvatda isitish xususiyatiga ega. Uni asosan robot texnologiya yordamida ishlab chiqarayotganimiz natijasida vaqt va ishchi kuchi tejalishiga erishdik.

Toshkentlik Anvar Nodirxonov rahbarligidagi «Magnus industrial group» korxonasi tomonidan sinxronlashtirilgan texnologiya asosida mis quvurlar ishlab chiqarilmoqda. Bunday quvurlar 100 yillik kafolatga ega.

–         Mis elementi inson organizmi uchun g’oyat foydali bo’lgani bois ota-bobolarimiz undan asosan, turli ro’zg’or buyumlarini yasashda foydalanib kelgan, – deydi u. – Biz esa ushbu ming yillik tajribani zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishda qo’lla­dik. Import o’rnini bosuvchi ­­­4-­42­­ mm­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­ hajmdagi qurilish, sovutish tizimi va santexnikaga oid mazkur mahsulot shu turdagi boshqa quvurlardan tez sovutish va isitish xususiyati hamda 30 foiz elektr energiya­ni tejashi bilan farqlanadi. Quvurlar ichidagi tor yo’lakchalar ichki aylanishni yaxshilashga xizmat qiladi.

Savdo sanoat palatasi bo’lim boshlig’i Isomiddin ­Nuriddinovning aytishicha, ko’rik-tanlovning dastlabki davrida an`anaviy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarayotgan, qurilish sohasida xizmat ko’rsatayotgan tadbirkorlar ishtirok etgan bo’lsa, bugungi talabgorlar asosan, eksportbop tovar ishlab chiqarayotgan, ichki va tashqi bozorda o’z ishlanmasining mashhur brendiga ega bo’lgan ishbilarmonlardan iborat. Ularning ko’pchiligi xorijda o’nlab savdo uylariga ega. Katta miqdorda xorijiy investitsiya jalb etib, qo’shma korxonalar tashkil etgan, yoxud korxonasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlab, ishlab chiqarish tarmoqlarini muttasil kengaytirib borayotgan, ish unumdorligini oshirayotgan ishbilarmonlarni ko’rib, ochig’i, havasingiz keladi.

Ko’p tarmoqda keng imkoniyat

Ko’rgazmaning fermerlar uchun ajratilgan maydonida nafaqat qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirayotgan, balki ularni qayta ishlab, ichki bozorni oziq-ovqat tovarlari bilan to’ldirayotgan, ularni eksport qilayotgan qishloq mulkdorlari faoliyati va ular mehnati samaralari bilan tanishdik.

Andijonlik Odinaxon Otajonova ana shunday fermerlardan. Uning rahbarligidagi «Inomjon Fayz» chorvachilik fermer xo’jaligi MDH davlatlariga trikotaj mahsulotlarini eksport qilib keladi. Xo’jalik qishloq xo’jalik texnikalariga texnik xizmat ko’rsatish faoliyati bilan ham shug’ullanishi faoliyat turlarining yanada kengayishiga zamin yaratdi.

– Endilikda zotli qoramollarning yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash uchun so’nggi rusumdagi kompleks qurish va Germaniya, Gollandiya, Avstriya naslli chorva mollarini olib kelib ko’paytirish hisobidan chorvachilik mahsulotlarini ham xorijga eksport qilish niyatidamiz, – deydi O.Otajonova.

Surxondaryolik Xushboq Eshnazarov boshqaruvidagi «Nurmat Xo’jaqulov» ko’p tarmoqli fermer xo’jaligi esa paxta, g’alla yetishtirishdan tashqari bog’dorchilik, chorvachilik, asalarichilik, parrandachilik, sut va go’sht, sabzavot hamda poliz mahsulotlari yetishtirmoqda.

– Mana bu mevalar intensiv bog’imizda yetishtirilgan, – deydi fermer hozirgina uzilgandek turgan olmalarga ishora qilib. – Olmaning «brover», «golden» kabi qator navlarini o’zimizda yetishtira boshlaganimiz natijasida ularning importi sezilarli darajada kamaydi. Shu kunlarda esa yetishtirgan mahsulotlarimizni sara saqlash uchun 300 tonna sig’imga ega zamonaviy sovutgich qurishni rejalashtiryapmiz.

Hunarmand Qo’lida qadriyatlar Jonlanadi

Ko’rgazmaning xalq amaliy san`ati va milliy hunarmand­chilik namunalari o’rin egallagan qismiga tashrif buyurar ekansiz, mamlakatimizning turli hududlarida ming yillardan buyon yashab, sayqallanib kelayotgan milliy urf-odatlarimiz sarchashmalarini tomosha qilib huzurlanasiz. Bir hunarmand ishini ko’rib, keyingisi uchun ajratilgan maydonchaga o’tganingizda o’zga hudud, o’zgacha go’zallik va nafosat olamiga tushib qolasiz. Chanqovuz nolasi janubiy keng­liklarga, qovoqlar osilgan uy ostida o’tirgan qizning nigohlari qoraqalpoq zaminiga, to’quvchi dastgohida yaralayotgan atlasu adras jilvasi vodiy sarhadlariga boshlaydi sizni.

Xalq amaliy san`ati namunalarini ko’rib, zavqlanib borarkanmiz, kulolchilik charxida loyga shakl berayotgan yigit e`tiborimizni tortadi. O’zini kulolchilik sulolasining yettinchi avlodi deb tanishtirgan shahrisabzlik Rustamjon Muzaffarov qo’lida mehru-e`tibor bilan shaklga kirayotgan ko’za tez orada namo­yishga qo’yilgan boshqa buyumlar qatori ko’zni quvontiradi. Hunarmand ana shunday mahorati uchun 2014 yilda YuNYeSKOning Markaziy Osiyo bo’yicha eng qadimiy va sifatli kulollik ishlari Xal­qaro sifat sertifikatiga ega bo’lgan. Uning ishlanmalari kulollik uy muzeyidan tash­qari Moskva shahridagi Osiyo xalqlari muzeyidan ham o’rin olgan.

Ko’rgazmani kuzatarkanmiz tadbirkor, fermer, hunar­mand­larning barchasi g’oliblikka munosibdek ko’rindi bizga. Ishtirokchilar orasidan kimlar Prezident sovriniga loyiq ko’rilishi esa 6 aprel kuni soat 18:30 da boshlanadigan «Tashabbus – 2016» ko’rik-tanlovining tantanali taqdirlash marosimida ma`lum bo’ladi.

 

Nargiza HUSANOVA,

«Jamiyat» muxbiri

Teglar:

Foydali havolalar