(Кириллча) Ўзбекистон мева ва сабзавот экспортининг асосий улуши Қозоғистон ҳиссасига тўғри келди.

(Кириллча) Ўзбекистондан шу кунгача 778 миллион долларлик мева-сабзавот четга экспорт қилинди.

(Кириллча) Тошкент метрополитенининг устки қисмида хизмат олиб бораётган Ички ишлар ходимларининг назорат пости олиб ташланди. Бу ҳақда Ички ишлар вазирлиги матбуот хизмати хабар бермоқда.

(Кириллча) Ўзбекистонда ишлаб чиқариладиган пахта ёғи учун акциз солиғи ундирилмайди.

(Кириллча) Жорий йилнинг 24 ноябрь куни мамлакатимизда илк бор «DevFest» – Google Developers Group (GDG) дастурчилар халқаро фестивали бўлиб ўтади.

Faxriylar uchun sharoitlar yanada yaxshilanadi

  • 1280
  • 1280
Jamiyat
Dekabr18/ 2016

«O’zbekistonda keksa yoshdagilarni sog’lomlashtirish uchun sanatoriylarda alohida shart-sharoit yaratilgani haqida eshitib, salomatligimni tiklash maqsadida yurtingizga keldim. Ancha paytdan buyon yuragim bezovta qilishini aytganimda menga ushbu sanatoriyda sog’lig’imni mustahkamlashni tavsiya etishdi. Bu yerdagi muolajalar, dam olish soatlari, diqqatga sazovor joylarga sayohatlar – hamma-hammasi ko’ngildagidek. Sihatgohga kelganimga 3 kun bo’lmasdan, avvalgidan ancha tetik bo’lib ­qolgandek sezyapman o’zimni».

Qozog’istonning Sayram viloyatidan kelib, Toshkent shahridagi «Turon» sanatoriysida sog’lig’ini tiklayotgan Qulahmad Almetov ta`rifini keltirgan mazkur dargoh hayoti bilan yaqindan tanishib, otaxonning yuqoridagi so’zlari boisini anglagandek bo’ldik.

Qirq yildirki asab, yurak, qon-tomir kasalliklaridan aziyat chekuvchi aholi vakillarining salomatligini tiklash va madaniy hordiq chiqarishini tashkil etish maqsadlariga xizmat qilib kelayotgan sihatgohda so’nggi yillarda faxriylar sog’­lig’ini mustahkamlash masalalariga alohida ahamiyat berilayotgan ekan.

– Odam keksaya boshlagach, turli kasalliklarga moyil bo’lib qolarkan, – deydi uchtepalik Uchqun ota Shamsiddinov. – Nafaqamga og’zim tegmasdan, hammasi dori-darmonga ketadi, deb o’ylagandim. Mehnat faxriylariga yaratilgan sharoitlar sabab har yili sanatoriylarda bepul davolanish imkoniga ega bo’lyapman. Bir gal «Tovoqsoy»ga, ke­yingi safar «Chinobod»ga jo’natishadi. Har yerda izzat-ikrom bilan kutib olib, tezda va nav­batsiz joylashtirishadi. Bu safar shu yerga yuborishdi.

Qabulxona shifokori Muhammadg’ofur Hamdamovning aytishicha, sihatgoh 30 nafargacha faxriyni qabul qilish imkoniyatiga ega. Ular davolash muolajalariga yaqin bo’lgan binolarning birinchi qavatidagi alohida xonalarga joylashtiriladi.

Belgilangan fizioterapevtik va balneologik muolajalar tarkibiga atayin faxriylar uchun qo’shimcha ravishda maxsus sog’lomlashtiruvchi gimnastika, fito-aromaterapiya, galoterapiya, oksigenoterapiyadan iborat sog’lomlashtiruvchi muolajalar kiritilgan. Shuningdek, individual va guruhli psixologik maslahat, treninglar o’tkazish, relaksatsiya usulini qo’llash, musiqiy terapiya kabi nuroniylarning faol hayot kechirishiga va ruhini ko’tarishga qaratilgan psixologik muolajalar ham olib boriladi. Bundan tashqari, keksalar bilan raqs terapiya, milliy hunarmandchilik mashg’ulotlari o’tkaziladi. Gerontolog shifokor esa urush va mehnat faxriylarini davolash ishlarini namunali tashkil etishga mas`ul etib biriktirilgan.

– Bu yerdagi do’xtir bolalarimdan biri barmoqlarni harakatlantirish va rassomchilik mashg’ulotlariga qatnashishim kerakligini aytganda avvaliga hech unamadim, – deydi zangiotalik 92 yoshli mehnat faxriysi Abdisalom Vakilov. – Axir bir kami yoshim 100 ga borayotganda barmoq o’ynatib, rasm chizishim qoluvdi, meni tinch qo’yinglar, deb turib oldim. Amallab ko’ndirishdi. Ko’p o’tmay qo’llarimdagi titroq kamaya boshlagach, buning foydasini bilib, mashg’ulotlarga astoydil kirishdim. Badantarbiya mashqlarini ham chin dildan bajaradigan bo’ldim. Hozir harakatlarim ancha tetik. Endi birovning yordamisiz hassamni o’zim mahkam tutib yura olyapman. Uyga borgach shu ishlarni uzluksiz davom ettirib, tez orada hassasiz yurish niyatidaman.

Jismoniy tarbiya uslubchisi Zulfiya Temirovaning aytishicha, nuroniylarning jismoniy tarbiya bilan shug’ullanishi ruhan va jismonan tiklanishida o’ta muhim. Ammo bunday mashg’ulotlar o’tkazishda davolanuvchilarning umumiy ahvoli, ularga qo’yilgan tashxis hisobga olinishi kerak. Shunga ko’ra, sihatgohda kasalliklari bo’yicha alohida guruhlarga bo’lingan faxriylar bilan jismoniy badantarbiya mash­g’ulotlari olib boriladi.

– Bu yerda biz keksalar uchun davolanish, dam olish, turli mashg’ulotlar olib borish va ovqatlanishda osoyishta sharoitlar yaratilgani menga juda manzur bo’lyapti, – deydi yunusobodlik 93 yoshli mehnat faxriysi Husan Shomurodov. – Parhezli taomlardan tashqari og’zimizga yoqqan ovqatmi, salat deysizmi, barini tayyorlab berishadi. Istasak, bir-biridan tili shirin xizmatchi qizlarimiz yemagimizni xonamizga keltirib beradi.

Sihatgoh bosh shifokori Qalandar Sultonovning ta`kidlashicha, «Keksalarni e`zozlash yili» Davlat dasturi asosida qurilayotgan 350 o’rinli oshxona binosi bitkazilsa, faxriylarning ovqatlanish sharoitlari bundan-da yaxshilanadi. Shuningdek, 30 o’rinli yotoq korpusining qurilish ishlari yakunlanishi ham ularning yanada mazmunli va xotirjam dam olishini ta`minlash imkonini beradi. Ayni paytda davolash bo’limining ikkinchi qavatidagi ta`mirlash tugallanib, uchinchi qavatida davom etmoqda. Yaqin ikki oyda bu yer ham foydalanishga topshiriladi.

Yurtimizda yoshi ulug’lar, xususan, urush va mehnat faxriylari salomatligini tiklash borasida qilinayotgan shu kabi ishlar ularga ruhan va jismonan tetiklik bag’ishlab, hayotidan mamnun yashashiga sabab bo’layotir. Kelgusida ularning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, sog’lig’ini mustahkamlash uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish, xususan, sanator-kurort sharoitida sog’­lomlashtirish tadbirlarini bundan-da yaxshilash ham ana shunday ezgu maqsadlarimizga xizmat qilishi shubhasiz.

Nargiza HUSANOVA,

«Jamiyat» muxbiri

Teglar:

Foydali havolalar