O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi arafasida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida barpo etilgan beshta 5 qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligi arafasida Asakadagi «GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati asoschisi Islom Karimovning yodgorlik majmuasi ochildi.

2018 yil 1 yanvardan UzCard banklararo to‘lov tizimi tomonidan «DUET» kartalar orqali pul o‘tkazmalari to‘xtatiladi.

1 dekabr. Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori e`lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

G`aliz, ma`naviyatimizga zid smslar

мммуууухооокаама
Jamiyat
Oktabr25/ 2016

Ularni yuborishdan uyali aloqa kompaniyalarining muddaosi

faqat pul ishlashmi yoki boshqa qandaydir yashirin maqsadlar ham bormi?

 

CMS keldi: «Yigit va qizlar shahriga xush kelibsiz…» Bu qanday shahar ekan? Qiziqishim ortdi, SMSda ko’rsatilganidek **20 raqamiga qo’ng’iroq qildim. Qisqa chaqiruvdan so’ng «tanishuvlar shahriga xush kelibsiz, tanishlar orttirib, cheksiz suhbatlashishni xohlaysizmi? Unda tanishuvlar xizmatiga obuna bo’ling. Kunlik to’lov atigi 10 sent», degan ma`lumot berildi. Kunora qo’l telefonimga keladigan bu kabi xabarnomalarning asl mazmuni, ulardagi mavzular haqida bilishga ahd qildim.

Uyali aloqa kompaniyalarining xizmatlari kundan-kunga kengayib, foydalanuvchilarga yanada qulaylik yaratilayotgani quvonarli, albatta. Bugun siz kunlik ob-havo ma`lumoti, va­­­-l­yuta kursi yoyinki pazandalik, go’zallik borasida foydali maslahatlarni qo’lingizdagi mobil aloqa vositasi yordamida bilishingiz mumkin. Ammo mobil aloqa kompaniyalari orqali abonentlarga taklif etilayotgan shunday xizmatlar ham borki, ularni o’qib, hayratlanishingiz turgan gap. Tanishuvlar shahri, sevishganlarni bir-biriga qanchalik mosligini aniqlovchi «folbin» xizmatiga nima deysiz? To’g’ri, bozor muno­sabatlari sharoitida tadbirkorlikning barcha shakllaridan foyda ko’zlanadi. Lekin mentalitetimizga zid bo’lgan bu kabi «tashabbus»larga ko’z yumish qanchalik to’g’ri?

Keyingi paytlarda tez-tez quloqqa chalinib qoladigan bir holat: o’smir yoshdagi qiz ko’proq tanishlar orttirishni, bu haqida dugonalariga maqtanishni o’ylab, aloqa kompaniyalardan birining tanishuvlar xizmatiga obuna bo’ldi. Uning yordami bilan notanish «sevgilisi»ni topdi. Vaholanki, yettinchi osmonda uchib yurgan ma`shuqa bir oilaning baxtiga rahna solayotganini, ke­yingi paytlarda erining o’zgarib qolganidan hadikdagi kelinchakning ko’z yoshlarini o’ylab ham ko’rmagandi.

Xo’sh, bu o’rinda aybni kimdan izlaymiz: sevgiga, ishqiy munosabatlarga qiziqishi baland o’quvchidanmi, yengiltabiat erdanmi yoki foyda ilinjida har xil xizmatlarni joriy etib, uning oqibatlari, jamiyatga qanchalik zarar yetkazayotgani haqida o’ylashni yoddan chiqargan uyali aloqa kompaniyalaridanmi?

 

Muhabbatingizga buyurtma bering!

 

Ushbu jumlani o’qib, ajablanishingiz turgan gap. Beeline kompaniyasidan kelgan quyidagi SMSdan shunday xulosa qildim. «**07 raqamida muhabbating kutmoqda. Qo’ng’iroq qilib tanishish sening qo’lingda. Har daqiqasi 0,03 USD». Ucell aloqa kompaniyasi esa o’z foydalanuvchilariga sevgilisini 09** raqamidan topishni maslahat bermoqda: «Sevgingizni 09** raqamidan, toping! 1 daqiqasi $0,06».

Muhabbatning ilohiy tuyg’u ekanligini, uni ko’ngilga majburlab joylashning imkoni yo’qligini sizu biz yaxshi bilamiz. Farhodning Shiringa, Tohirning Zuhraga bo’lgan sevgisi… Bularning qaysi biri oldindan rejalashtirilgan, qay biriga buyurtma berib qo’yilgan edi? Keksa boboyu momolarimiz ko’p takrorlaydi: insonning kimligi uning ko’zidan ma`lum. Bu «shahar»da esa siz mobil do’stingizni, sevgilingizni ko’rmaysiz, hatto kimligini bilmaysiz. Tabiiyki, telefondagi shunchaki munosabatlar bilan haqiqiy rishtalar bog’lanmaydi. O’zbek xalqining an`analariga ko’ra, bo’lajak kelin-kuyovning yetti ajdodi surishtiriladi. Ma`qul bo’lsa, sovchilik asosida yangi bir oila barpo etiladi.

Xo’sh, uyali aloqa kompaniyalarining bu «tashabbus»laridan muddao nima? Pul topish ilinjida yoshlarning tuyg’ulari bilan o’ynashishmi? Ularni milliy madaniyatimizdan yiroqlashtirishmi? Pul, mol-davlat bilan baholab bo’lmaydigan sevgi, muhabbat, mehr kabi tuyg’ularning qiymatini sentga tenglashtirishmi? Tuyg’ulari beqaror bo’lgan yoshlarning ustidan kulishmi?

 

Siz noto’g`ri sevayapsiz!

 

– Telefonimga deyarli har kuni turli tanishuvlar, chatlarga «taklifnoma»lar kelib turadi, – deydi O’zMU talabasi Gulnoz Xo’janazarova. – Ba`zan bee`tibor qoldiraman, gohida qiziqib ko’rsatilgan raqamga qo’ng’iroq qilib ko’raman. Beelinedan kelgan «Sevgi hikmatli so’zlari – ZS, sevgi she`rlar – ZN harflarini 31** raqamiga yuboring. 1 kiruvchi sms 0,04$» SMSiga muvofiq sevgi hikmatlariga obuna bo’ldim. Qani, maqtalgan «hikmatlar» sarflagan pullarimga arzirmikan? Eh attang, ketgan pulimga achindim. Uning o’rniga betobligi sabab darsga kela olmayotgan kursdoshimdan hol so’rsam bo’larkan.

Suhbatdoshimizning bu afsuslari aslida ham o’rinli. SMSlarni qarang: «Vaqtida aytilmagan izhor, ozgina beparvolik, 2 daqiqalik mehr, seni yaqin insonlaringdan ayiradi.»… Taajjub, ikki daqiqalik mehr nimasi ekan? Bularni qanday qilib hikmat deya olamiz?

– Vaqti-bemahal keluvchi bu SMSlarning mag’zi puch, – deydi «Til va adabiyot ta`limi» jurnali til o’qitish metodikasi bo’limi muharriri Shahnoza Jo’rayeva. – Kechirasizu, mehrning ham o’lchovi, darajasi bo’ladimi? Bo’lgan taqdirda ham mehr­ning ikki daqiqalik tugul bir soniyasi ham insonni bir-biriga yaqinlashtiradi, aslo ayir­maydi. Bu mantiqan chigallik va g’alizlikdan o’zga narsa emas. Yana bir SMSga e`tibor bering: «Agar muhabbat sizga og’riq bag’ishlayotgan bo’lsa, demak siz noto’g’ri sevayapsiz!» Umuman olganda sevishning to’g’ri, noto’g’risi bo’ladimi? Yana bu SMSlarning sevgi hikmatlari deb atalishini qanday tushunish mumkin?

Ismingiz omadlimi yoki omadsiz?

 

«Omadli ism raqamingizni aniqlang va muvaffaqiyatga erishing! D va ismingizni **11 ga yuboring. Misol: DAkram 1 sms -0,30 USD»

Ajab, ismning ham omadli yoki omadsizi bo’larkan? Farzand dunyoga kelganda har bir ota-ona dilbandiga yaxshi, ma`noli ism qo’yishga harakat qiladi. «Ismiga munosib farzand bo’lsin», deb niyat qiladi. Yutuqqa intilish, izlanish bilan erishiladi. Inson muvaffaqiyatga erishishining ismga qanday aloqasi bor? Aytaylik, Akram ismli bir yigit omadsiz bo’lsa, bu shu ismli boshqa yigitlar ham omadsizligini bildirmaydi-ku. Bir xil ismli bo’la turib kimdir katta-katta muvaffaqiyatga erishayotgani, yana kimningdir hech ham omadi yurishmayotgani haqida hayotdan istalgancha misol keltirish mumkin. Shunday ekan, bu aldab odamlarning pulini shilishdan boshqa narsa emas.

 

Bir-biringizga mosmisiz?

 

Tasavvur qiling, oilaning kattalari kelishuvi bilan yigit va qiz fotiha qilindi. Qiz telefoniga kelgan «Bir-biringizga mosmisiz? SYeV so’zidan so’ng ismlaringizni yozing. Misol: SYeV Akmal+Ra`no **64ga yuboring. 1 sms 0,40$» mazmunidagi SMSga muvofiq taqdirini sinadi. «Natija yaxshimas, 20 foiz» degan javob keldi. Balki bu bilan to’y to’xtab qolmas, lekin butun umr qiz yuragini shub­ha kemiradi. Oilada kelishmovchilik yuzaga kelganda «o’zi bir-birimizga mos emas edik», degan o’y bilan munosabatlar yanada sovuqlashib boradi.

– Ilmiy nuqtai nazardan yigit va qizning bir-biriga mosligini ismlarga qarab aniqlab bo’lmaydi, – deydi psixolog Zebiniso Ahmedova. – Misol uchun, Nargizalardan nech­tayu, Bektoshlarning sanog’i yo’q. Ularni bir-biriga mosligini aniqlash uchun barchasining psixologiyasini o’rganish kerak. Lekin buning imkoni yo’q. O’smir yoshda qiziqish kuchli, ularning psixologiyasi og’uvchi bo’ladi. Bu mazmundagi SMSlar yoshlarimiz ongini buzyapti, ruhiyatiga ta`sir ko’rsatyapti. Shuning uchun ularga taqiq qo’yish kerak.

 

Sharqona falsafamizga mutlaqo zid

 

– Ko’pchiligimiz bee`tibor qaraydigan ayrim SMSlarni o’qib, ularda «ommaviy madaniyat» elementlarini ko’rish mumkin, – deydi falsafa fanlari nomzodi, dotsent Hakim To’xtayev. – Falsafiy nuqtai nazardan bir tahlil qilib ko’ring, inson o’zining ruhiy dunyosini, biror insonga bo’lgan mehrini qanday qilib mobil operatorlar taklif etayotgan xizmatlar or­qali bildirishi mumkin. Bu shar­qona falsafamiz, odob-axloq qoidalarimizga mutlaqo zid. «O’zing­ga ishon», «Hayotga bir marta kelasan» degan undovlar, «Tanishuvlar doirasi»… bularning barchasi bizni o’zligimizdan uzoqlashtiradi. Ongimiz, ma`naviyatimiz, milliy madaniyatimizga tahdiddir.

O’ylab ko’rilsa, bu kabi oddiy xabarnomalar deyarli har kuni qo’l telefonimizga keladi. Ko’pchiligimiz ishda, o’qishda bunga bee`tibor bo’lamiz, ammo vaqti bemalol, qiziquvchan yoshlarga biron cheklov qo’yishning imkoni bormi? Abonentlarga g’aliz, ma`naviyatimizga zid mazmundagi SMSlar yuborishdan uyali aloqa kopmaniyalarining muddaosi faqat pul ishlashmi yoki boshqa qandaydir yashirin maqsadlari ham bormi?

 

Huvaydo XO’JAMQULOVA,

«Jamiyat»ning jamoatchi muxbiri

Teglar:

Foydali havolalar