O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi arafasida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida barpo etilgan beshta 5 qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligi arafasida Asakadagi «GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati asoschisi Islom Karimovning yodgorlik majmuasi ochildi.

2018 yil 1 yanvardan UzCard banklararo to‘lov tizimi tomonidan «DUET» kartalar orqali pul o‘tkazmalari to‘xtatiladi.

1 dekabr. Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori e`lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Atlas kiygan qizmi bu, yigitmi bu?..

  • 1374
  • 1374
Jamiyat
Iyun23/ 2016

Kechqurun televizorni yoqib qo’shiq tinglay boshladim. Ekranda taniqli xonandalarimizdan biri xonish qilar, ammo uning qo’shig’idan ko’ra kiyimi ko’proq e`tiborimni tortdi. Boshqalardan ajralib turishni niyat qilgan san`atkor o’zgacha imij yaratmoqchi bo’lgan ko’rinadi: u kiyib chiqqan libos atlas va adrasdan tikilgan edi. Bir qarashda kishini hayratga soladigan bu «milliylik» meni biroz o’yga toldirdi.

Ayollarimiz shim kiya boshlaganida qancha malomatlar yog’dirib, shim erkaklar libosi ekanini, ularning bu harakati hayo pardasining ko’tarilishiga olib kelishi mumkinligini aytib, milliy-ma`naviy tarbiyamiz, odatlarimizga putur yetayotganidan tashvishga tushgan edik. Keyin esa qizlarimiz shimning qulayliklarini vaj qilib, uni yoppasiga «o’zlashtirib» oldi. Bu holga ko’zimiz ko’nikdi. Undan so’ng sekin-asta yubkalar kaltalashib, yenglar uzildi, yelkalar ochilib, yoqalar kengaydi. Bundan ham ko’ngli to’lmagan «zamonaviy», yangilikka o’ch yoshlar kiyimlariga turli yamoqlar solishga, ataylab yirtib, qirqib qo’yishga o’tdi. Ularni tanqid qilganlarni esa zamondan orqada qolganga chiqarishdi. Nahotki, endi erkaklarimiz ham moda ketidan quvib, ayollarga xos jimjima, guldor matolardan kiyim kiyishni boshladi?!

 

«Belida belbog’i bor» yigitlar kerak

 

Bizning ming yilliklardan kelayotgan o’z milliyligimiz, qadriyatu urf-odatlarimiz bor. Ota-bobolarimizdan meros milliy liboslarimiz, sharmu hayo, odob-axloq me`yorlarimiz, o’zimiz uchun to’g’ri deb biladigan udumlarimiz mavjud. Kimlargadir taqlid qilib, bachkanalikni odatga aylantiraversak va buni zamonaviylik deb tar­g’ib etaversak, o’zligimiz, o’zbekligimizga darz ketmaydimi? Yigitlarimizning erkakligi, ori qayerda qoladi? Zamonaviy dizayn yarataman deb, milliy-ma`naviy mezonlarni unutib qo’yayotganimizni nahotki sezmayotgan bo’lsak.

– Men ayollarimizning ochiq-sochiq kiyinishiga qarshi bo’lgan holda yigitlarimizning o’zlariga mos va xos erkakcha kiyinishi tarafdoriman, – deydi O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya ins­tituti magistranti Nodira Mirzayeva. – Milliylikni targ’ib etmoqchi bo’lishsa, egniga beqasam to’n, boshiga do’ppi kiysin, beliga belqars bog’lasin. Qizlarimiz ham qanchalik zamonaviy bo’lmasin, haqiqiy mard, «belida belbog’i bor» yigitlarni yoqtiradi, hurmat qiladi. O’zbek yigitlaridan biz faqat mardlik va tantilik, jasurlik va bir so’zlilikni kutamiz, yurish-turishi, shahdu shijoatida o’zligi namoyon bo’lishini istaymiz.

 

Nahotki, endi erkaklarimiz ham moda ketidan quvib, ayollarga xos jimjima, guldor matolardan kiyim kiyishni boshladi?!

 

«Kiyinishim kimga xalaqit qilyapti?»

 

E`tibor qiladigan bo’lsak, bunday «zamonaviylik» birinchi navbatda san`atkorlarimiz – xalq oldiga chiqib, ma`naviyatni, an`anayu qadriyatlarimizni targ’ib etishi kerak bo’lgan kishilar orasida kengroq tarqaladi. Ba`zi erkak xonandalar, aktyor va qiziqchilar boshqalardan ajralib turish, milliylikni targ’ib etish maqsadida atlasu adrasdan kiyim tiktiradi. Ayollar uchun yaratilgan nozik gullar bilan bezatilgan liboslar kiyib xalq oldiga chiqadi. Qarabsizki, yangi moda konsertu tomoshalarda, undan so’ng teleekranlarda oshkora «reklama qilinadi». Natijada yulduzlarga taqlid qiladigan yoshlar – atlas ko’ylakli yigitlar soni ortib boraveradi. Bu esa millat ma`naviyatini, uning kelajagini o’ylaydigan har bir kishini tashvishga solishi shubhasiz.

– Biz ko’pincha xotin-qizlarning kiyinishini tahlil va tanqid qilamiz, – deydi sotsiolog Aziz Omonov. – To’g’ri, bu o’rinli mulohaza, ammo keyingi vaqtlarda ayrim «modniy» yigitlar, erkaklarning ham kiyinishi achinarli tus olmoqda. Hozirda ko’cha-ko’yda ayrim toifa yigitlarimiz turli ko’rinishdagi ayollar matosidan tikilgan, yopishib turuvchi kiyimlarga ruju qo’yayotganiga ko’zimiz tushadi. Ulardan nega aynan shu shimni tanlaganini so’rasangiz, «menga shu yoqdi», «Nima bo’pti, hatto uyda ota-onam ham indamaydi-ku», «kiyinishim kimga xalaqit qilyapti?» kabi javoblarni beradi. Aslida ham har kimning nima ish bilan shug’ullanishiyu, qanday ki­yim kiyishi o’zining shaxsiy ishi, ammo bu o’zgalarga qay darajada ta`sir etishi mumkinligini ham o’ylab ko’rsak, yomon bo’lmaydi.

Masalani chuqurroq tahlil qiladigan bo’lsak, yoshlarimizning bu taqlid kiyinishi ortida ma`naviyatimizni tanazzulga olib boruvchi katta ijtimoiy muammolar yotganini ko’ramiz. Agar shu ketishda davom etsa, bu toifadagi yigitlar ayollarning to’liq ko’ylak-lozimini ki­yishga ham boradi.

Natijada «ommaviy madaniyat» asiriga aylangan yoshlar milliy qadriyatlarimizni, urf-odatu an`analarimizni yodidan chiqarib, kimlarningdir manfur manfaatiga xizmat qilishi turgan gap. Ana shunga yo’l qo’ymasligimiz kerak.

Buning uchun esa eng avvalo, ota-ona farzandiga ki­yim kiyishda o’rnak bo’lishi, libos tanlash madaniyatini o’rgatishi lozim. Ya`ni kast­yum-shimni qayerda, erkin libosni qay holatda kiyishni o’rgatishi kerak. Shuningdek, kiyinish madaniyati bo’yicha maktabgacha va maktab ta`limida chuqurlashtirilgan saboq berish va uni yuqori darajada talab qilish lozim. Bu jarayonni ta`limning keyingi bos­qichlarida muntazam qat`iy rioya qilinishiga erishish yaxshi samara beradi. Bundan tashqari, yigitlarning kiyinishi bo’yicha lav­halar aks etgan hujjatli video filmlarni tayyorlash va muntazam ravishda namoyish etib borish ularni o’zligimizga qaytishga undaydi.

 

Liboslarda siyrat aks etar

 

Egniga beqasam to’n, boshiga do’ppi kiygan odamni dunyoning qay yerida uchratmaylik, o’zbekligini darrov bilamiz. Ota-onaga hurmat, yoshi kattalar oldida sipo kiyinish, ochiq-sochiq, hammani o’ziga jalb etadigan liboslardan tiyilish, jamoat joyida o’zini tutish, betgachoparlik qilib, gap qaytarmaslik, uyat, andisha kabi go’zal xislatlarimiz ham qadriyat darajasiga ko’tarilgan odatlarimizdandir. Muqaddas kitoblarimizda bitilishicha, birovga taqlid qilib, o’zligidan, qavm­doshlaridan o’zgacha yurish katta gunoh sanaladi.

– Libos kishiga ziynat bo’lib xizmat qiladi, – deydi Toshkent Islom instituti o’qituvchisi, Yunusobod tuman «Mirza Yusuf» jome` masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov.

Islomda erkak va ayollar kiyinishining o’ziga xos odoblari mavjud. Xususan, birinchi nav­batda, libos insonning terisini ko’rsatadigan darajada yupqa va shaffof bo’lmasligi lozim. Erkak kishi kiyinishda o’zini ayollarga o’xshatib olmasligi yoki aksincha, ayol erkakcha kiyinmasligi kerak.

Imom Buxoriy o’zining «sahih» to’plamlarida Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda shunday deyiladi: «Rasululloh (s.a.v) (kiyinishda) o’zini ayollarga o’xshatadigan erkaklarni va erkaklarga o’xshab kiyinadigan ayollarni la`natladilar». Shuningdek, kiyim olishda haddan oshmaslik, odamlardan ajralib turish uchun o’ta qimmat libosni xarid qilmaslik ta`kidlanadi. Musulmon kishi odamlarga kibru havo qilish, o’zini ulardan yuqori tutish yoxud shuhrat qozonish uchun kiyinmasligi lozim bo’ladi. Chunki, bu narsa uni kibru havoga berilib, o’zidan mamnun bo’lishga yetaklaydi. Bu esa zararli odatlardan biridir.

Kishining libosi uning siyratidan darak beradi, de­yishadi. Darhaqiqat, yaxshi tarbiya ko’rgan, odob-axloq qoidalarini yaxshi o’zlashtirgan bolaga majburlab ham yirtiq-yamoq, bachkana bezakli kiyimni kiydira olmaysiz. U buni o’zi uchun to’g’ri deb hisoblamaydi. Farbona madaniyatga taqlid qilib, turli bema`niliklar o’ylab topayotganlar esa aksariyat hollarda to’qlikdan, o’zini ko’rsatish, bosh­qalardan ajralib turish uchun shunday qiladi. Natijada esa hali o’z fikriga, dun­yoqarashiga ega bo’lmagan yoshlar beixtiyor ular ta`siriga tushib qoladi, ergashadi. Shunday ekan, kiygan libosimiz o’zimizga xos, yigitligimizga mos bo’lsin. O’ylab topilgan bema`ni odatlar g’ururimizni, or-nomusimizni o’ldirishiga yo’l qo’ymaylik. Atlasdan kiyim kiygan yoshlarni ortidan ko’rganda, «Atlas kiygan qizmi bu, yigitmi bu…», deb hayron bo’lib yurmaylik…

Bekzod IBRAGIMOV,

«Jamiyat» muxbiri

Teglar:

Foydali havolalar