(Кириллча) Ўзбекистон мева ва сабзавот экспортининг асосий улуши Қозоғистон ҳиссасига тўғри келди.

(Кириллча) Ўзбекистондан шу кунгача 778 миллион долларлик мева-сабзавот четга экспорт қилинди.

(Кириллча) Тошкент метрополитенининг устки қисмида хизмат олиб бораётган Ички ишлар ходимларининг назорат пости олиб ташланди. Бу ҳақда Ички ишлар вазирлиги матбуот хизмати хабар бермоқда.

(Кириллча) Ўзбекистонда ишлаб чиқариладиган пахта ёғи учун акциз солиғи ундирилмайди.

(Кириллча) Жорий йилнинг 24 ноябрь куни мамлакатимизда илк бор «DevFest» – Google Developers Group (GDG) дастурчилар халқаро фестивали бўлиб ўтади.

O’yinchoq sanoatida muammolar nega haligacha saqlanib qolmoqda?

  • 1394
  • 1394
Jamiyat
Dekabr30/ 2016

Ma`lumotlarga ko’ra, mamlakatimizda bitta bolaga o’yinchoq olib berish uchun yiliga o’rta hisobda 100 dollar ekvivalentiga teng mablag’ sarflanar ekan. Bu esa yurtimizdagi 8 million 649 ming bola uchun aholining 864 million 900 ming dollarga teng puli sarflanishini anglatadi. Demak, bu kichik biznes vakillarining mamlakat ichkarisida shuncha daromad topish imkoni mavjud deganidir. Agar ularning mahsulotlari eksport qilinib, dunyodagi 1 milliard 930 million 760 ming nafar bolaga yetkazib berilsa, undan keladigan daromadni tasavvurga sig’dirish qiyin. Shu o’rinda savol tug’iladi: nega shunday katta imkoniyat bo’la turib, mazkur soha rivoji hali hamon oqsamoqda? Farzandlarimiz nima uchun milliy o’yinchoqlarimizdan ko’ra chet elnikini ma`qul ko’rmoqda?

O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida shu kabi masalalar muhokama qilindi.

– Mahalliylashtirish das­turi doirasida faoliyat yuritayotgan korxonalar import o’rnini bosuvchi bolalar o’yinchoqlarini ishlab chiqarib, aholi ehtiyojlarini qondirish bilan birga, mahsulotlarni eksportga ham yo’naltirmoqda, – dedi Iqtisodiyot vazirligi mutaxassisi Murodulla Anorboyev. – Bunda ularga yaratilgan imtiyozlar muhim ahamiyatga ega bo’lmoqda. Misol uchun, mahalliylashtirish dasturiga asosan chetdan olib kelinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar va ularning ehtiyot qismlari, shuningdek, mahsulotlar ishlab chiqarish texnologik jarayonida foydalaniladigan komponentlar uchun bojxona to’lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig’imlaridan tashqari) to’lashdan ozod etiladi. Shuningdek, yuridik shaxslar uchun ishlab chiqarilgan mahsulotdan olinadigan foyda solig’i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to’lovi hamda asosiy ishlab chiqarish fondlari bo’yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlar to’lashdan ozod etish kabi imtiyozlar taqdim etilgan.

Buning natijasida mazkur korxonalar tomonidan dastur doirasida 2010-2013 yillarda 5 xil turdagi o’yinchoq mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo’lsa, 2014-2016 yillarda ularning soni 50 taga yetdi.

Anjumanda qayd etilganidek, ayni paytda o’yinchoq ishlab chiqaruvchi o’ttizdan ortiq milliy korxonada farzandlarimizning bolalik onlarini quvonchga to’ldirish uchun tinimsiz mehnat qilinmoqda. 2013-2014 yillarda sohada mahsulot eksporti 643,8 ming dollardan 803,1 ming dollarga oshdi. Shuning barobarida mazkur yo’nalishda import hajmi ham 2 million 628,8 ming dollardan 2 million 959,3 ming dollarga oshgan. Bu esa tarmoqda yechimini kutayotgan muammolar hali talaygina ekanini ko’rsatadi.

– Ishimizdagi asosiy muammo o’yinchoq qoliplarini ishlab chiqaruvchi milliy kompaniyalarning mahsulot sifati qoniqarli emasligida, – dedi «Baby Toys Garden» korxonasi bosh menejeri Saidodil Akilov. – Qolip sifati o’yinchoq sifatining eng asosiy shartidir. Shu muammo sabab yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarishga ketadigan vaqt cho’zilib ketadi. Bozor o’rganilib, talabga muvofiq mahsulot dizayni yaratilgach, o’yinchoq qolipi ishlab chiqaruvchi xorijiy kompaniyaga buyurtma beramiz va tayyor bo’lgach uni olib kelamiz. Har biri muayyan vaqtni talab etadigan bir nechta bosqichli uzoq jarayon bir yilgacha cho’ziladi. Mabodo yaratgan mahsulotimiz ma`qul kelmasa, hamma urinishlarimiz zoye ketadi. Mahsulot import qilinganda esa uzog’i bilan bir oy ichida yangi turdagi tovarga ega bo’lamiz. U o’z xaridorini topmagan taqdirda darrov xorijdan bosh­qa turdagi o’yinchoqlarni sotib olish imkoni tug’iladi. Shu bois o’yinchoq qoliplari ishlab chiqaruvchi milliy kompaniyalar ish sifatini oshirish sohani rivojlantirishning muhim shartlaridandir.

Shuni ham aytish kerakki, o’yinchoq ishlab chiqarayotganimizda aksariyat hollarda xorijiy film va multfilmlar bosh qahramonlarining ko’rinishidan nusxa olamiz. Chunki bunday o’yinchoqlarga talab ko’p. Milliy ertak qahramonlarimizning targ’iboti juda sustligi, ular ishtirokidagi film va multfilmlar yetarli emasligi uchun ularning qiyofasi bolajonlarni unchalik qiziqtirmaydi.

Farg’ona shahrida faoliyat yurituvchi «Oydinoy qo’g’irchoqlari» korxonasi rahbari Oydin Burhonova ham milliy o’yinchoqlarning har bir oilaga, maktabgacha ta`lim muassasasi, maktablarga kirib borishi azaliy an`ana va qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni saqlab qolishga xizmat qilishini ta`kidladi.

– Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan uch turdagi qo’g’irchoqlar tabiiy milliy matolarimizdan tayyorlanishi, barcha bezaklar tikma choklar orqali berilishi, kim­yoviy bo’yoqlar va unsurlardan holi bo’lishiga alohida ahamiyat qaratamiz, ­- dedi u. – Shu bois ko’plab maktabgacha ta`lim muassasalari va maktablar rahbariyati ma`naviyat-ma`rifat xonalarini ana shunday qo’g’irchoqlar bilan milliy uslubda bezatishga qiziqish bildirmoqda. Bu ham milliyligimiz targ’ibotining bir usuli, aslida. Biroq ushbu maqsadlarga byudjetdan mablag’ ajratilishi ko’zda tutilmagani bois ayrim qiyinchiliklarga duch kelinmoqda.

Tadbirda, shuningdek, xavf­sizligi yuqori bo’lgan mahsulotlar toifasiga kiruvchi o’yinchoqlarni sertifikatlashtirish bo’yicha ovoragarchiliklarni bartaraf etish taklifi ham kiritildi. Har uch oyda o’tkaziladigan davriy sinovlarda 50 turdagi mahsulotni laboratoriya sharoitida o’rganish uchun 2 million so’m atrofida mablag’ sarflanadi. Kichik biznes faoliyatini boshlash uchun kerak bo’ladigan eng kam sarmoya 5 million so’m bo’lgani holda ushbu mablag’ning deyarli yarmi har uch oyda sarflanishi o’yinchoq ishlab chiqaruvchilar uchun jiddiy muammo tug’dirishi tilga olindi.

Davra suhbatida qayd etilishicha, milliy o’yinchoqlarimizning xavfsizligi zararli moddalardan tayyorlangan xorijiy mahsulotlardan har jihatdan afzal. Afsuski, odamlar orasida hali ham «xorijniki yaxshi» degan fikr saqlanib qolmoqda. Milliy o’yinchoq sanoatidagi yuqorida keltirilgan muammolar hal etilsa, yaqin yillarda o’zbek korxonalari dunyoning yetakchi kompaniyalari qatoriga qo’shilishi shub­hasiz. Buning uchun imkoniyatlar yetarli.

 

Nargiza MYEHMONOVA

Foydali havolalar