O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi arafasida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida barpo etilgan beshta 5 qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligi arafasida Asakadagi «GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati asoschisi Islom Karimovning yodgorlik majmuasi ochildi.

2018 yil 1 yanvardan UzCard banklararo to‘lov tizimi tomonidan «DUET» kartalar orqali pul o‘tkazmalari to‘xtatiladi.

1 dekabr. Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori e`lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Hayot sinovlarida toblangan Qashqadaryo eli har qanday yuksak marrani egallashga qodir”

  • 1617
  • 1617
Jamiyat
Noyabr29/ 2016

 

“Mendan bu yurtning eng haqiqiy boyligi haqida so’rasa, hech ikkilanmasdan, Yaratganning nazari tushgan bu yurtning asosiy boyligi mana shu zaminda yashayotgan bag’rikeng, mard va oriyatli, ko’p-ko’p qiyinchilik va sinovlarda toblangan, yaxshilikni hech qachon unutmaydigan Qashqadaryo eli va xalqi, deb javob bergan bo’lar edim…”

Yurtboshimizning 2002 yil 1 noyabrda Shahrisabzning 2700 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimda bildirgan ushbu fikrlari mohiyatini Qashqadaryoga mehmon bo’lib kelgan odam darrov anglaydi. Bu el chapani va dangal odamlari, mehmondo’st, samimiy xalqi, mirishkor dehqonlari bilan alohida ajralib turadi. Shu boisdan vohaliklar bir ishni boshladimi, oxiriga yetkazmasdan qo’ymaydi.

 

 

Ko’ngli ochiq odamlar

 

Chiroqchi tumanining keng adirlari, yaylov va lalmikor yerlaridan o’tib boryapmiz. Yangi-yangi zamonaviy binolar, qad rostlayotgan namunaviy turar joylar ko’zni quvnatadi. E`tiborli jihati, har bir xonadon oldida o’zimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy avtomashinalarni ko’rib, eng chekka hududlarda ham taraqqiyot, yangilanishlar bo’y cho’zayotganidan g’ururga to’lasiz.

Kun peshinga yaqinlashib jazirama kuchaygandan kuchayadi. Bunday paytda muzdek sharbat yoki endi uzilgan tarvuz joningizga oro kiradi. Bir paytlar yettitomliklarni vohada chorvador xalq deb bilishardi. Endilikda ular poliz ekinlari, ayniqsa, tarvuz yetishtirishning hadisini olgan. Shundanmi, har qadamda tarvuz sotib turgan dehqonlarga ko’zingiz tushadi. Biz shundoqqina tarvuz paykallari ko’rinib turgan joyda to’xtadik. Paykal egasi mehmon ekanimizni bildi chog’i, chaylasiga boshladi.

– Assalomu alaykum, biz shunchaki tarvuz sotib olgani to’xtagandik, – dedim mezbonni urintirmaslik uchun.

– Vaalaykum assalom, mehmon otangdan ulug’, kelinglar, – deydi o’zini Musurmon aka deb tanishtirgan fermer.

Issiq azbaroyi jonimizdan o’tganidanmi, mezbonning taklifini rad etmadik. Musurmon akaning chamasi 12 yoshlardagi o’g’li zum o’tmay palakdan tarvuzlarni uzib chiqib yonimizga qo’ydi.

Musurmon aka ketar chog’imizda yana 15 gektar yerda lalmi tarvuz ekkanini, yo’limiz tushsa kuzda, albatta, kelib olib ketishimizni tayinlab qoldi. Uning chin dildan aytayotgan samimiy so’zlarini eshitib, bu elda yashayotgan odamlarga berilgan ta`riflar bekorga aytilmaganiga amin bo’laman.

 

Bu kechagi qarshi emas

 

Nomozshomda Qarshiga kirib keldik. Kech tusha boshlagach shahar yanada tarovatli, fusunkor ko’rinadi. Qadimiy Amir Temur ko’prigining ikki yon tomonida, Qashqadaryo sohili bo’ylab amalga oshirilgan obodonchilik va qurilish ishlari Qarshi chiroyini yanada ochgan. Amir Temur ko’prigi zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilindi. Qashqadaryo daryosida uchta to’g’on qurildi. 51 katamaran, 2 turistik kater keltirildi. Qirg’oq bo’yidagi eski binolar o’rnida go’zal xiyobon bunyod etildi. Bu yerda barpo etilgan ko’ngilochar maskanlar, turli attraksionlar bolajonlarning havasini orttiradi, shodligiga shodlik qo’shadi.

Qarshi shahrining hududi 9 ming gektardan 17 ming gektarga kengaytirildi.

Yo’l-transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 56 kilometrlik halqa yo’li qurilmoqda. Uning temir yo’l va daryolar bilan kesishadigan joylarida 6 zamonaviy yo’l o’tkazgich va ko’priklar bunyod etilmoqda. Bu shahar havosi musaffoligini va harakat xavfsizligini ta`minlaydi.

Mustaqillik va O’zbekiston ko’chalari chorrahasida ulkan kurant bunyod etildi. U tom ma`noda mustaqillik va tinchlik vaqtini ko’rsatib turadi. Qariyb 30 metrlik kurant oq marmar bilan qoplangan, milliy kolorit bilan bezatilgan. Mutasaddilarning ma`lum qilishicha, Qarshi shahrida 50 ta favvora qurilishi rejalashtirilgan bo’lib, bugungi kunda ularning 28 tasi ishlab turibdi.

Qisqa qilib aytganda, ayni kunda Qarshi shahri ulkan qurilish hamda bunyodkorlik maydoniga aylangan. Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan Bosh reja asosida shaharning qiyofasi tubdan o’zgartirilib, rekonstruksiya ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Qashqadaryoga uch-to’rt oy oldin kelgan odam bu yerdagi o’zgarishlardan, xalqimizning bunyodkorlik ishlaridan hayratlanishi tabiiy.

 

Dehqonning kosasi oqargan kun

 

Nuroniy jamg’armasi viloyat bo’limi kengashi raisi Yanvar Inoyatov hikoyasi:

– 1984 yil, iyun. Butun Respublika bo’ylab sovuq mish-mish tarqaldi. Milliy boylik – paxta mafiyalashgan to’dalar qo’liga o’tgan. Markazning “Pravda”, “Izvestiya”, “Ogonyok” kabi yirik nashrlarida go’yoki “paxta mafiyasi”ga aylangan O’zbekistonni tozalash, Ittifoq ildiziga bolta urayotganlarni ayovsiz jazolash bo’yicha turkum maqolalar e`lon qilina boshlandi. Bundan maqsad qanday qilib bo’lmasin o’zbek xalqini badnom qilib, uni tiz cho’ktirish, tobora erkini, haq-huquqini taniyotgan aholini bo’lib tashlash va milliy kadrlarni yo’q qilishdan iborat edi. Markazchilar agar O’zbekiston tiz cho’ktirilsa, boshqa hududlar o’z-o’zidan tinchiydi, deb hisoblardi.

Ular ko’zlagan maqsadlariga qisman erishdi. Xalqning qaddi bukildi, adolatsizlik zo’raydi. Bir umr halol mehnat qilib topgani “o’g’ri”, “yulg’ich” degan nomni orttirish bo’ldi. Bu chinakam azob edi, odamlar ilojsiz, dardini hech kimga aytolmay boshi xam bo’ldi. Natijada ishdan ko’ngli sovidi. Shu damdan boshlab mamlakat, xususan, Qashqadaryo har tomonlama orqaga keta boshladi.

– Ana shunday og’ir vaziyatda meni Shahrisabzga birinchi rahbar qilib o’tkazishdi, – deb eslaydi Ya.Inoyatov. – Bu vaqtda tuman rahbariyati binosini 36 nafar markazdan kelgan “desantchi”lar egallab olgan, ular na gapga ko’nadi, na murosa qiladi. “Paxta ishi” Shahrisabzdan boshlangan degan noto’g’ri qarash ularni yanada qattiqroq zug’um o’tkazishga, begunohlarni toptashga undaydi. O’sha vaqtdagi hisob-kitoblarga ko’ra, tumanning ko’zga ko’ringan, o’z ishiga fidoyi 1058 nafar rahbari tergovga tortilgandi. Deyarli barcha xonadon “paxta ishi”ning qurboniga aylangan, boshiga kulfat tushgan odamlarning dardini eshitadigan mard topilmaydi.

Tergovchilar esa bundan zavq oladiganday qiynoq va xo’rlikni avjiga chiqaradi. Xo’jalik rahbarlarini chaqirib qo’rqitadi, boshqa birovning ustidan yozib berishga, soxta guvohlik qilishga majburlaydi, bechora sodda dehqonning bor budini shiladi. Oxiri bo’lmadi, bunday adolatsizlikka chidolmay avvaliga o’sha davrdagi viloyat rahbariga uchradim, uning ham noilojligini anglagach, Toshkentga, birinchi rahbarga qo’ng’iroq qildim. U kishi “Siz bu ishlarga aralashmang”, dedi va go’shakni qo’ydi.

Shundan so’ng barcha umidlarimiz cho’kdi, Yaratgandan najot kutish qoldi xolos. Shunday bir vaziyatda xalqning ohi-zori Xudoga yetib bordimi, hech kutilmagan o’zgarish ro’y berdi. Viloyatga birinchi rahbar etib Islom Karimov tayinlandi. Yangi rahbar ishni viloyatda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga chek qo’yishdan boshladi. 3 mingdan ortiq odam jinoiy javobgarlikka tortilgan, ko’pchiligi sudsiz, tergovsiz qamoqqa tashlangandi. Ularning haq-huquqlarini tiklamay, xalqning qaddini ko’tarmay biror ish qilish mushkul edi.

Qiyinchiliklarda diydasi qotgan, yaxshilikni bir umr unutmaydigan, Prezidentimiz ta`biri bilan aytganda, “Hayot sinovlarida toblangan Qashqadaryo eli har qanday yuksak marrani egallashga qodir” ekanini amalda isbotladi. 1987 yilning o’zidayoq viloyat g’allakorlari 100 ming tonnalik xirmon uydi, 400 ming tonna paxta yetishtirdi. Shuning 113 ming tonnasi sanoat uchun qimmatbaho ingichka tolali paxta edi.

Istiqlol yillarida esa dehqon va fermerlarning ko’kragiga shamol tegdi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan fermerlik harakati rivojlanib, yer haqiqiy egasini topdi. Fermer qishloqda yetakchi kuch, mulkdorga aylandi.

Qashqadaryolik dehqonlar bu yil 145 ming gektar maydonda g’alladan mo’l hosil yetishtirdi. Bugungi kunda mamlakatimiz g’alla xirmonining 12 foizi, paxtaning qariyb 15 foizi aynan shu viloyat hissasiga to’g’ri keladi.

Qarshi tumanida joylashgan “Shukrona” fermer xo’jaligi ham mana bir necha yildirki, mo’l hosil yetishtirishda birinchilikni qo’ldan bermaydi. Xo’jalik dalalarida joriy mavsumda 20 gektar yerda 130 tonna sara don yetishtirildi. Bu rejadagidan 90 foizga ko’p deganidir. Fermer xo’jaligi rahbari Hotam Jumayevning aytishicha, Prezidentimizning yaqinda Qashqadaryoga tashrifi doirasida fermerlar bilan uchrashuvda bildirgan fikrlari uni yangi reja va maqsadlarga undagan. Xo’jalik a`zolari chorvachilikni yo’lga qo’yish va baliqchilikni rivojlantirish uchun amaliy ishlarni boshlab yuborgan.

 

Og‘ir meros

 

Saksoninchi yillarning ikkinchi yarmiga kelib Qashqadaryoga nisbatan boqimanda degan tamg’a yopishtirilib, o’gay ko’z bilan qarash boshlandi. Yangi rahbarni Qashqadaryoda ana shunday og’ir meros kutib turgandi. U kishi voha ahlining ko’nglini, qaddini, obro’yini, g’ururini ko’tarishga bor e`tiborini sarfladi. Qashqadaryo xalqi ham o’z rahbariga shunga yarasha hurmat-ehtirom ko’rsatdi. O’zaro ishonch va samimiyat kelgusidagi ezgu ishlarga yo’l ochdi.

– Viloyatda o’tkazilgan faollar majlisida birinchi rahbar viloyat aholisi turmush tarzini ko’tarish, xonadonlarni gazlashtirish masalasini o’rtaga qo’ydi, – deb eslaydi Yanvar Inoyatov. – Men bu vaqtda Dehqonobodda ishlayotgandim. U kishi gazning katta qismini Qashqadaryo viloyati yetkazib bersa-da hududining bor-yo’g’i 4 foizi gazlashtirilgani tushunib bo’lmaydigan holat ekanini ta`kidladi. Bu zalda o’tirganlarning ko’p yillardan buyon ichida saqlab kelayotgan asl haqiqat edi. Majlisda viloyatning barcha tuman rahbarlariga bu borada zarur ko’rsatmalar berildi. Negadir o’sha vaqtda Dehqonobod tilga olinmadi. Shundan keyin men so’z olib, tumanimizga ham gaz tortib borish masalasida o’z fikrimni bildirdim. Ayrimlar buning uchun ustimdan kuldi. Orqadan “hali sen paravoz ham so’raysan” qabilida luqma tashlashdi. Viloyat rahbari fikrlarimni vazminlik bilan eshitdi va takliflarim, albatta, inobatga olinishini bildirdi.

Haqiqatan ham, o’sha vaqtda Dehqonobod va viloyatning boshqa tog’li hududlariga gaz olib borish, temir yo’l o’tkazishni tasavvurga sig’dirish qiyin edi. Mustaqillik sharofati bilangina o’sha orzular ro’yobga chiqdi. Xususan, “Toshguzar – Boysun – Qumqo’rg’on” keng ko’lamli tarixiy loyihasi amalga oshirildi va mamlakatimizning ulkan iqtisodiy-intellektual salohiyatini namoyon etdi. Dehqonobod tog’lari bag’ridan o’tkazilgan, uzunligi 223 kilometrlik ushbu temir yo’l Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarini jadal rivojlantirish, hududdagi foydali qazilmalarni samarali o’zlashtirish, mamlakatimiz janubida ijtimoiy infratuzilmani taraqqiy ettirishga xizmat qilayotir.

 

Xaloskor

 

1988 yil boshida viloyat va tuman rahbarlarini Buxoroga chaqirishdi. Tashkiliy yig’ilishda Qashqadaryoni istiqboli yo’q viloyat sifatida tugatib, Buxoroga qo’shish masalasi o’rtaga tashlandi. Bu taklifdan ko’pchilik hayratlangan bo’lsa-da, hech kim bir og’iz churq etolmadi. Chunki u Moskvaning o’sha paytdagi gumashtasi, respublika Kompartiyasi Markazqo’mining ikkinchi kotibi V.Anishchev boshliq “desantchi”lar komandasining navbatdagi nayrangi ekanini hamma sezib turardi. Ular Islom Karimov viloyatda vaqtincha yo’qligidan foydalanib, masalani osongina hal etishni maqsad qilgandi.

Lekin bunday bo’lmadi. Islom Abdug’aniyevich bu voqeadan xabar topgach, shoshilinch tarzda Qarshiga yetib keldi. Masala Toshkentda, yuqori doirada muhokama etilganida qat`iyat bilan viloyat sha`nini himoya qildi. Ana shu tarixiy yig’ilish tafsilotlari tarixchi Poyon Ravshanovning “Qashqadaryo: istiqlol arafasida” nomli kitobida quyidagicha keltiriladi: “…Nihoyat Qashqadaryo viloyatining rahbari Islom Karimovga so’z berildi. Hech kutilmaganda u kishi shiddat bilan o’z fikrini bayon etdi. Respublika Ministrlar Soveti raisining birinchi o’rinbosari V.Ogarok boshchiligidagi komissiya Moskva siyosatini ko’r-ko’rona bajarayotganini, viloyatlarni bu tarzda birlashtirish ijtimoiy, iqtisodiy va tarixiy jihatdan mutlaqo xato bo’lishini dalillar asosida isbotlab berdi.

V.Ogarokning qovoq-tumshug’i osilib ketgan. U qo’rslik bilan notiqning gapini bo’lib:

– Yuqorida o’tirganlar shuni sendan yaxshiroq bilsa kerak? – deb luqma tashladi.

Islom Abdug’aniyevich esa vazminlik bilan, men bu masalada eng bilimdon odam bilan ham munozara qilishga tayyorman, dedi”.

Notiqning har tomonlama asosli fikrlari rahbariyatni o’ylantirib qo’ydi. Shundan so’ng viloyatlarni qo’shish masalasiga chek qo’yildi. Shu tariqa keyinchalik Farg’ona, Andijon va Namangan viloyatlarini qo’shib yuborish rejasi ham barbod bo’ldi. Mana, vaqt o’tib, o’sha paytda naqadar ulkan jasorat ko’rsatilgani yanada teran namoyon bo’lmoqda.

Mustaqillik yillarida Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati misli ko’rilmagan darajada yuksaldi. Davlatimiz rahbarining uzoqni ko’zlab amalga oshirgan islohotlari sabab bugun uning iqtisodiy salohiyati, yer osti va yer usti boyliklari, rivojlangan sanoat tarmoqlari, qishloq xo’jaligi mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o’rin tutmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Sho’rtan gaz-kimyo majmuasi, “Muborakneftgaz” unitar sho’`ba korxonasi, Dehqonobod kaliyli o’g’itlar zavodi kabi zamonaviy sanoat korxonalari barpo etildi. “Hisorneftgaz”, “Ko’kdumaloqgaz”, “Sho’rtangazmahsulot” kabi yirik qo’shma korxonalar tashkil qilindi.

Qashqadaryoda joriy yilning birinchi yarim yilligida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 104,5, xalq iste`moli mollari ishlab chiqarish 118,9, qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirish 106,8, chakana savdo aylanmasi 114,3 foizga oshdi. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida 44,1 milliard so’mlik investitsiya hisobiga 246 ta loyiha amalga oshirildi. Tashkil etilgan korxonalarning 79 tasida tayyor oziq-ovqat, 167 tasida nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida 41 mingdan ortiq yangi ish o’rni yaratildi.

Bularning bari viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi izchil o’sishiga omil bo’layotir. Bugungi kunda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 7 foizidan ortig’i, tabiiy gazning 64, gaz kondensatining 87 foizi umumiy sanoat mahsulotining qariyb 11 foizi Qashqadaryo viloyatida ishlab chiqarilayotgani ham uning imkoniyatlari va ahamiyatini ko’rsatadi, albatta.

 

O’tmishdan ertaklar

 

Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining viloyat muassasasi boshqaruvi raisi Sharofat Ashurovaning hikoyasi:

– Izg’irin badanga ninadek sanchiladi. Laxta-laxta qoramtir bulutlar orasidan bazo’r ko’rinayotgan quyosh huddi so’nayotgan shamni eslatadi. Odamlar uzoqdan qorasi ko’rinsa seskanadigan NKVDning qora mashinasi loysuvog’i ko’chib, to’kilay deb turgan uy yonida to’xtadi. Uch nafar begona erkak hovlisiga bostirib kirganidan o’zini biroz yo’qotib qo’ygan Abdug’ofur tashrifning sababini anglaganday bo’ldi. Demak, navbat ungayam yetib kelibdi. Ularning dag’dag’asiga parvo qilmay, ortlaridan ergashdi. Mashina qo’zg’alib, Abdug’ofurga tanish ko’chalardan o’ta boshladi. Eski shaharni oralab Qilichbek madrasasi oldida to’xtadi. Bir paytlar bu madrasada ilm-ma`rifat gullab yashnagan, tolibi ilmlarning bahslari tonggacha davom etardi. Abdug’ofur ham ana shu dargohda ta`lim olib, savodini chiqargandi. Hozir bu yer NKVDning idorasiga aylantirilgan. “Xalq dushmanlari” so’roq qilinib “jinoyati” fosh etiladi.

Abdug’ofurni ham so’roqqa tutishdi. Tabiiyki, o’ziga qo’yilayotgan bo’htonlarning birortasini tan olmadi. Uning birgina aybi madrasada savod chiqarib, otameros noyob qo’lyozmalarni uyida saqlagani edi…

– Aynan shu yerda vohamizning minglab ziyoli, asl farzandlari qatag’on qilingan, – deydi Sh.Ashurova. – Ilgari madrasa hovlisida hovuz bo’lib, qishning chillasida mahbuslarni suvga kirishga majbur qilishgan. Muzdek suvning badanga nashtarday sanchilishiga chidolmagan begunoh odamlar qilmagan ayblarini bo’yniga olishga majbur bo’lgan. Ayrimlari esa bunday qiynoqlarga bardoshi yetmay, shu yerning o’zida jon bergan. Qama-qamalar avj olib mahbuslar soni ko’paya boshlagach, madrasaga yondosh boshqa me`moriy obidalar ham qamoqxonaga aylantirilgan. Ko’pchiligi buzib tashlangan. Umuman, yigirmanchi asrning boshlarigacha Qarshi va uning atrofida 46 ta madrasa mavjud bo’lib, madaniyat va ma`rifat rivojiga xizmat qilgan.

Sho’rolarning maqsadi xalqning milliy boyligini yo’q qilish, islom dini aqidalarini odamlar ongidan batamom supurib tashlash edi. Shu tariqa asrlar davomida millat ma`naviyatiga xizmat qilib kelgan osori-atiqalar yo’q qilindi. Hozirgi kunda 46 ta madrasadan bor-yo’g’i uchtasigina saqlanib qolgan. Ular ham qamoqxonaga aylantirilgani uchun qoldirilgan. Bu obidalar orasida sohibqiron bobomiz Amir Temur davriga oid Odina masjidi eng qimmatlisidir. Masjid hududi ham sho’rolar, keyinchalik sovetlar davrida qalin devorlar bilan o’rab olinib, turma sifatida foydalanilgan.

Faqat mustaqillik davridagina ana shu noyob yodgorliklarimizning asl qiyofasi qayta tiklandi. Har kuni ishga, o’qishga qatnaydigan eski shahar aholisi bu yerda qimmatli tarixiy obidalar borligini ularning atrofi ochilib, qayta rekonstruksiya qilinganidan keyingina bildi.

Ayni kunda viloyat hududida besh mingdan ortiq madaniy meros ob`ekti mavjud. Istiqlol yillarida ularning deyarli barchasida qurilish-ta`mirlash ishlari olib borildi. Muqaddas qadamjolar obod qilinib, avliyo va anbiyolar qabriga hurmat bajo keltirildi.

Sobiq tuzum davrida orzulari armonga aylangan, har tomonlama ezilgan, hayotdan norozi bo’lib yashagan odamlarning bugungi baxtiyor chehrasini ko’rib, shu kunlarga yetkazganiga shukrona keltirasan. Mustaqillik sharofati, xalqimizning fidokorona mehnati tufayli mamlakatimiz, jumladan, Qashqadaryo har tomonlama obod bo’lib bormoqda. Bugun har bir yurtdoshimizning shijoati o’zgacha, fikri-xayolida bunyodkorlik, o’zi yashab turgan hudud obodligiga hissa qo’shishdek, ulkan maqsadlar mujassam. Bunday yurtning ertasi, albatta, buyuk bo’lishi shubhasizdir!

 

Qahramon SAYDALIYEV

Teglar:

Foydali havolalar