O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi arafasida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida barpo etilgan beshta 5 qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligi arafasida Asakadagi «GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati asoschisi Islom Karimovning yodgorlik majmuasi ochildi.

2018 yil 1 yanvardan UzCard banklararo to‘lov tizimi tomonidan «DUET» kartalar orqali pul o‘tkazmalari to‘xtatiladi.

1 dekabr. Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori e`lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

«Namanganni haqiqiy Namangan qilgan uning ko’pni ko’rgan, mehnatkash va pok niyatli xalqidir»

  • 1681
  • 1681
Jamiyat
Noyabr12/ 2016

To’quvchi mehrila jilva qilgan atlasu-adras, chevarlar qo’lida gul ochgan naqshinkor do’ppilar kiygan gulgun qizlarining husun-jamoli so’lim bu diyordan rang olgandek go’yo. Chechaklarning atru-ifori ko’ngillarga ajib mayinlik baxsh etadi. Oromijon tabiati, dilga yoquvchi xushhavosi dunyo ahlini o’ziga maftun etib kelgan bu go’zal go’sha gullar shahri Namangandir.

Bu yurt o’zining ko’p yillik tarixi davomida ne-ne sinov va mashaqqatlarga guvoh bo’lmadi. O’ziga xos rivojlanish bosqichlarini bosib o’tdi. Lekin har qanday og’ir davrlarda ham barcha sinovlardan mardona o’tdi, o’zligini yo’qotmadi. Istiqlol bergan imkoniyat cabab Namangan viloyati bugun har tomonlama rivojlanib, yurtimiz taraqqiyotida o’zining munosib o’rniga ega bo’ldi. Prezidentimiz bu haqda fikr bildirar ekan, jumladan shunday degan edi: «Bu zaminning rang-barang tabiati, turli boyliklari, ko’hna tarixi va madaniyati haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin Namanganni haqiqiy Namangan qilgan uning ko’pni ko’rgan, mehnatkash va pok niyatli xalqi, desak, hech qanday mubolag’a bo’lmaydi.»

Orzular ro’yobi

«Odamlar turmushidagi qiyinchiliklar, hayot darajasining pastligi, tibbiy, maktab va maktabgacha ta`lim muassasalari bilan yetarli ta`minlanmaganlik, kerakli miqdorda ish joylarining yo’qligi vaziyatni murakkablashtirmoqda, ijtimoiy ­keskinlikni oshirmoqda».

«Namangan haqiqati» gazetasi. 1989 yil 14 dekabr. (Namangan shahar partiya komiteti byurosi

yig’ilishi materiallaridan)

– Sobiq tuzum davrida yigirma yetti yil, mustaqillik yillarida 20 yildan ortiq umumta`lim muassasalarida fizika fanidan dars berdim, – deydi Faxriylarni ijtimoiy qo’llabquvvatlash «Nuroniy» jamg’armasi viloyat bo’limi raisi Fanijon Ortiqov. – U paytlarda kolxoz idorasi yoki choyxona kabi moslashtirilgan binolar maktab vazifasini o’tardi. Men o’sha paytda faoliyat yuritgan muassasa turarjoy maqsadida fin uslubida yog’ochdan qurilgan bino bo’lib, osti sement-beton xonalarda qishda jon saqlash nihoyatda qiyin edi. Xona o’rtasida katta ustun va pech bo’lib, ko’mirchi kunda ikki mahal pechga ko’mir tashlar, xona buruqsib, o’quvchilar bo’g’ilib qolardi. Shunday og’ir sharoitda ham ular bilim olishni jon-dilidan istardi.

Bugun esa ertamiz egalari uchun hech kimdan kam bo’lmagan va kam bo’lmaydigan munosib sharoitlar yaratilgan. Viloyatda keyingi paytlarda maktab ta`limini rivojlantirish dasturi doirasida 355 ta umumta`lim maktabi foydalanishga topshirilgani, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ham doimiy e`tiborda ekani ayni shuning isbotidir. O’tgan 25 yil davomida maktablar 51,3 millard so’mlik o’quv jihozlari bilan ta`minlanib, shundan 659 ta kompyuter sinfi, 311 ta lingafon xonasi, 1676 ta fan kabineti zamonaviy talablar asosida to’liq jihozlandi. Namangan yoshlarining 121 ta oliy va o’rta maxsus ta`lim dargohlarida 130 dan ziyod ixtisoslik bo’yicha bekamu-ko’st shart-sharoitlarda tahsil olayotgani, kasb-hunar o’rganayotgani, zamonaviy mutaxassisliklarni egallayotgani yurtimizda ta`limga e`tiborning samarasini qo’rsatadi.

To’qib oxiriga

yetkazilmagan

Xalqning tashabbuskorligi, ijodiy intilishlari chegaralab qo’yilgan zamon mashmashalari odamlarni rosa toliqtirgan edi. Ayniqsa, xususiy mulk, tadbirkorlik desa, o’sha davr rahbarlarining labiga uchuq toshardi. O’sha mudhish davrlarni eslab, namanganlik tadbirkor Latifjon ota Ahmadjonov shunday hikoya qiladi:

– Istiqloldan keyin otamdan qolgan imoratni qayta ta`mirlashga to’g’ri keldi, – deydi u. – Uyning tomidan bir tuguncha chiqdi. Ochib qarasak, to’qishi oxiriga yetkazilmagan bir o’ram atlas. Bu oxiriga yetkazilmay o’rab qo’yilishiga jiddiy sabab bo’lgan. Otam gazlamani to’qiyotganida ta`qibga uchragan. Sekingina kishi ko’zi ilg’amas joyga yashirgan. Shukrki, bunday kunlar ortda qoldi. Vatanimiz istiqloli biz hunarmandlarga emin-erkin faoliyat yuritish, yosh avlodga bu kasb sir-asrorlarini o’rgatish imkoniyatini berdi.

Ayni kezda Namanganning milliy matolari jahondagi eng nufuzli ko’rgazmalarda namoyish qilin­yapti. Mashhur dizaynerlar ular asosida yangi kolleksiyalarni taqdim etmoqda. Bularning barchasi O’zbekis­ton nomini xalqaro miqiyosda tanitishga xizmat qilmoqda. Shuni alohida qayd etish kerakki, Namangan shahrida ayni kezda 400 ga yaqin oila Latifjon otadek atlas, adras to’qish bilan mashg’ul.

Gullar ichra chiroy

ochayotgan Namangan

Istiqlol yillarida gullar diyori ko’z o’ngimizda yashnab, go’zallashdi. Bunda «Namangan shahrini 2009-2012 yillarda obodonlashtirish va infratuzilmasini rivojlantirish bo’yicha chora-tadbirlar dasturi to’g’risida»gi Prezidentimiz qarori muhim ahamiyat kasb etdi.

– Dasturga muvofiq, 140 ga yaqin yangi ob`ekt ishga tushirilib, qariyb 325 milliard so’mlik qurilish-ta`mirlash ishlari amalga oshirildi, – deydi «Mahalla» xayriya jamoat fondining Namangan viloyat bo’limi raisi Mamatxon Xo’jayev. – Istiqlol ko’chasida 190 ta, Bobur shox ko’chasida 16 ta ko’p qavatli uy qad rostladi. Eng muhimi, bunday keng ko’lamli qurilish va obodonchilik viloyatning barcha shahar va tumanlarida jadal amalga oshirilmoqda.

Shu kabi bunyodkorliklar viloyat ahlining kayfiyatini ko’tarib, yaratuvchanlik ishtiyoqi bilan hormay-tolmay mehnat qilishga, chinakam fidoyilik namunasini ko’rsatishga chorlamoqda. Bu esa qator sohalarda erishilayotgan yuqori natijalarda o’z ifodasini topmoqda.

Hayot haqiqatiga

aylangan mo’`jizalar

1996 yil 6 noyabrda Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Yurtboshimiz tomonidan bir misol keltiriladi: «Namangan viloyatida butun sobiq sho’rolar zamonida bor-yo’g’i 95 ming xonadon tabiiy gaz bilan ta`minlangan edi. Istiqlol davrining besh yilida esa 90 ming xonadon gazlashtirildi. Bu sodda raqamlar mustabidlik sharoiti bilan mustaqillik sharoiti o’rtasidagi farq­ni juda yaqqol ko’rsatadi. Bir o’ylab qaraylik, besh yil muqaddam Nanay, Chodak qishloqlariga tabiiy gaz borishini kim ham tasavvur qilardi?!».

Nanay va Chodak qishloqlari viloyatning so’lim,   maftunkor ­tog’oldi go’shalaridan. Sobiq ittifoq davrida bu qishloqlarni gazlashtirish muammo edi. Pana-pastqam, paxsa-guvaladan barpo etilgan imoratlar shu qadar nochor ediki, o’choq-o’tinga, qurum bosadigan pechkalarda isitishga mo’ljallangan edi. Viloyatning ikki chekkasidagi olis bu qishloqlarning istiqlol tufayli ko’kragiga shamol tegdi.

Bugun Tyan-Shyan tog’ tizmalari bag’ridagi Chodak qishlog’ining shundoq yonidan 123,1 kilometrlik Angren-Pop elektirlashtirilgan temir yo’lning 19,2 kilometrlik tunneli orqali poyezdlar harakati yo’lga qo’yilgani ko’pchilikning hayratini oshirdi.

– To’rt tomoni tog’u toshdan iborat bu tog’ qishlog’i obod go’shaga aylandi, – deydi tadbirkor ­Ilhomjon Nortojiyev. – Loyiha asosida temir yo’lchilarga o’nta muhtasham turarjoy binolari qurib berildi. Bundan tashqari, bu yerda hududni obodonlashtirish, ayniqsa, turizimni rivojlantirish uchun bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri – «Chodak» mehmonxonasi. Mazkur ob`ektga hozirgacha 1 milliard so’mdan ortiq mablag’ sarflandi, yana 3 milliard so’mlik qurilish-montaj, bezak ishlari bajarilyapti. Mehmonxona ishga tushsa, «Namanganning Shveysariyasi» deb ataladigan Chodak qishlog’ida turizm yanada rivojlanadi. Ko’plab odamlar muqim ish joyiga ega bo’ladi.

Ishbilarmonlar shahri

Iqtisodiyotni tarkibiy o’zgartirish natijasida istiqlolning dastlabki davridan bugungacha viloyatda yalpi xududiy mahsulot hamji 40 barobarga ortib, 2015 yil yakuni bilan 7 trillion 154 milliard so’mni tashkil etdi. Bunda, albatta, barqaror taraqqiyotning negizi hisoblangan sanoat sohasining munosib ulushi bor. Agar mustaqillikning dastlabki yillarida viloyatda 110 ta sanoat korxonasi tomonidan 46 turdagi mahsulot ishlab chiqarilgan bo’lsa, keyingi davrda ayni sohani rivojlantirishga qaratilgan katta e`tibor, modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash borasidagi tadbirlar natijasida ularning soni 3200 ga yetdi. Mazkur sanoat korxonalari tomonidan 97 turdagi tayyor mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Istiqlolgacha Namanganga faqat gullar shahri deya ta`rif berilgan bo’lsa, bugun unga ishbilarmonlar shahri deb ham qaralayotgani bejiz emas. Hozirgi kunda 15 ming 700 dan ziyod kichik biznes sub`ektining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 80,2 foizni tashkil etib, o’tgan yili ishlab chiqarilgan 1 trillion 662,2 milliard so’mlik sanoat mahsulotining 61,9 foizi, ish bilan band aholining 82 foizdan ziyodi soha hissasiga to’g’ri kelishi buning yorqin dalilidir.

Sirlar kentiga sayohat

Namangan o’zining boy tarixiga ega. Qadimiy Axsikentdan qazib olingan noyob topilmalar ming yillar avvalgi ajdodlarimizning yuksak madaniyatidan, aql-zakovatidan dalolat beradi.

– Ushbu arxeologik yodgorlik o’zbek davlatchiligi tarixida o’z o’rniga ega, – deydi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari O’g’iloy Boltaboyeva. – Shu bois yodgorlik muhofazasini yanada kuchaytirish, qolaversa, Axsikent shahristonini xalqaro sayyohlik yo’nalishi tasnifiga kiritish uchun amaliy ishlar olib borilmoqda. Zero, bu makonning mohiyatan tabarruk, tariximizning bir bo’lagi ekanligini keng omma ongiga chuqur singdirishimiz lozim.

Bosh loyihaga ko’ra, toposyomka asosida yodgorlik hududi va chegaralari aniqlanib, boburiylar davri me`morchiligi andozalarida istehkom devorlari barpo etiladi. Shuningdek, muzey uchun bino va zarur bo’lgan boshqa infratuzilma ob`ektlari quriladi.

Shijoat

Hech bir soha mamlakatni sport singari dunyoga tanita olmaydi. Iqtidorli yoshlarning jahon arenalarida erishayotgan muvaffaqiyatlari so’zimiz tasdig’idir. Xo’sh, bir paytlar shunday imkoniyatlar bormidi?

– Sobiq sho’rolar davrida xo’jalikda birigada boshlig’i bo’lib ishlaganman, – deydi To’raqo’rg’on tumanidagi «Xaticha aya» fermer xo’jaligi rahbari, O’zbekiston Qahramoni Xalchaxon Mirzayeva. – Hatto, kattagina xo’jaligimiz xududida arzirli bir sport inshooti yo’q edi. O’sha davr yoshlari o’lda-jo’lda qolib ketgan, tashlandiq yerlarni tekislab to’p tepardi. Bugun har bir tumanning zamonaviy stadioni bor. Yam-yashil sun`iy qoplamali futbol maydonlari tobora ko’payib borayapti. Yangidan qurilayotgan maktablarning sport sohasidagi imkoniyatlari havasingizni keltiradi. Bunday qulay sharoitlarda chiniqib, sportning turli yo’nalishlarida katta muvaffaqiyatlarni qo’lga kiritayotgan yoshlar Vatanimiz sharafini mag’rur himoya qilmoqdalar.

Yaqinda, 1997 yilda tug’ilgan, To’raqo’rg’on ijtimoiy-iqtisodiy va sport kolleji o’quvchisi Gulira`no Vaqqosova sportning taekvondo turi bo’yicha 6 karra O’zbekiston chempioni, 3 karra Osiyo chempioni bo’lganligini eshitib qoldim. Shuningdek, u Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga ham sazovor bo’libdi. Bunday yoshlar shijoatini ko’rib, quvonmay bo’ladimi?

Haqiqatan ham, birgina o’tgan yilning o’zida namanganlik sportchi yoshlar xalqaro musobaqalarda 139 ta, respublika bellashuvlarida esa 396 ta oltin medalni qo’lga kiritdi…

Yuksalish dovonlari

«Aholini turarjoy, yer uchastkalari bilan ta`minlashda murakkabliklar bor. Hozirgi paytda yer uchastkalari olish uchun 20 mingga yaqin kishi navbatda turibdi».

«Namangan haqiqati» gazetasi. 1989 yil 14 dekabr. (Namangan shahar partiya komiteti byurosi

yig’ilishi materiallaridan)

Bugungi kunda viloyat aholisi qariyb 2 million 600 ming kishini tashkil etmoqda. Keyingi 5-6 yilda viloyatda aholi 10 foizga o’sdi. Tabiiyki, hayot o’zgarishi bilan odamlarning talab va ehtiyojlari, orzu-niyatlari ham ortib boradi.

– Uzoq yillar kommunistik mafkura ta`sirida o’zidan, o’zligidan begona bo’lgan xalqimiz hatto o’z zamini, yeridan ham foydalanishga huquqsiz bo’lib keldi, – deydi uchqo’rg’onlik Adashali Bekmirzayev. – Asosiy yer maydonlari paxta dalalariga aylantirilib, aholi yashashi uchun uy-joy masalasi ko’p yillar muammo bo’lib turdi. O’tgan asrning 90-yillari boshida tumandagi Hayqobod jamoa xo’jaligida rais o’rinbosari vazifasida ishlagan chog’im har kuni o’nlab kishilar turarjoy uchun yer ajratish masalasida iltimos bilan kelardi. Bir xonadonda 3 o’g’lining oilasi bilan yashab, to’rtinchi o’g’lining qurilijak oilasi uchun joy yetishmagan Abdul­hodi Bozorov, o’z uyida to’rt o’g’lini oilasi bilan olib o’tirgan Tojixon Usmonova kabi necha-necha kishilarning iltimosini bajarish imkonsiz edi. Istiqlolning boshidanoq davlatimiz rahbari odamlarga yer berish masalasini kun tartibiga qo’ydi. O’shanda jamoa xo’jaligidagi 513 oilaga yakka tartibda uy-joy qurish uchun 43 gektar, 610 oilaga shaxsiy yordamchi xo’jalik maqsadlari uchun 55 gektar yer berildi. Abdulhodi ota hozir 80 ga chiqqan, Tojixon aya esa 88 yoshda. Doim ular bilan ko’rishib qolsak, o’sha zamondagi uqubatlarni ming nadomat bilan eslaydi.

Bugun viloyatda aholini barcha qulayliklarga ega bo’lgan uy-joy bilan ta`minlash, odamlarning turmush sharoitini tubdan yaxshilash asosiy e`tibordagi masalalardan. Chunonchi, keyingi yillarda viloyatning qishloq massivlarida namunaviy loyihalar asosida 4 mingdan ortiq uy-joy qurildi. Mazkur massivlarda 216 kilometr ichimlik suvi tarmog’i, qariyb 100 kilometr elektr, 186 kilometr gaz tarmoqlari barpo etilgani bu uylarda yashayotgan odamlar uchun qulay hayot sharoitlarini tug’dirmoqda.

Barchasi sog’lom

kelajak uchun

Odamlar salomatligi kelajagi buyuk davlat qurish yo’lidan borayotgan xalq uchun bebaho boylik hisoblanadi. Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi arafasida viloyatdagi qator davolash-profilaktika muassasalari eng zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan ta`minlandi.

– Sog’lom va barkamol avlod tarbiyasi yo’lida, xususan, «Sog’lom ona va bola yili» Davlat dasturiga asosan maqsadli ishlar qilinmoqda, – deydi Namangan viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi boshlig’i, Oliy Majlis Senati a`zosi Solijon Mo’minov. – Shu maqsadda barcha homilador ayollar va yangi tug’ilgan chaqoloqlar tibbiy tekshiruvlardan o’tkazib boriladi. Tibbiy muassasalarda tekshiruvlarni amalga oshirishda qo’llaniladigan eng mukammal asbob-uskunalar ta`minoti izchil yo’lga qo’yilgan. Shuningdek, so’nggi yillarda viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam markazi va uning tuman bo’limlariga, bir qator yangi shifo maskanlari uchun yangi binolar bunyod etildi. Shular qatorida 15 milliard so’m byudjet mablag’i hisobidan ko’p tarmoqli tibbiyot markazi va onkologiya dispanseri binosi, viloyat bolalar ko’p tarmoqli tibbiyot markazi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Yana bir muhim loyiha, ya`ni Namangan shahrida barcha qulayliklarga ega, Farg’ona vodiysida yagona bo’lgan «Kardioxirurgiya» markazi faoliyati takomillashtirildi. Shifoxonaga qiymati 1 million dollarlik eng so’nggi Fangiograf apparati keltirildi. Natijada ilgari faqat poytaxtimizda yoki xorijda amalga oshirilayotgan murakkab yurak jarrohlik amaliyotlari ushbu markazda muvaffaqiyatli o’tkazilayotir.

…1959 yilda Namangan viloyati tugatildi. Uning shahar va tumanlari Andijon va Farg’ona viloyatlari tarkibiga qo’shib yuborildi. Oradan sakkiz yil o’tib, qayta tashkil etilgan Namanganning sabotli xalqi o’zligini yo’qotmadi. Namangan zamini o’tgan chorak asrda ulkan o’zgarish, yuksalish va rivojlanish yo’lini boisb o’tdi. Namanganning o’ziga xos salohiyati istiqlol yillarida yanada yorqin namoyon bo’ldi. Bu, aytish mumkinki, yaqin kelajakda viloyat taraqqiyotining yanada yuksalishiga mustahkam zamin bo’lib xizmat qiladi.

 

Ma`murjon QIYOMOV,

«Jamiyat» muxbiri

 

Teglar:

Foydali havolalar