(Кириллча) Ўзбекистон мева ва сабзавот экспортининг асосий улуши Қозоғистон ҳиссасига тўғри келди.

(Кириллча) Ўзбекистондан шу кунгача 778 миллион долларлик мева-сабзавот четга экспорт қилинди.

(Кириллча) Тошкент метрополитенининг устки қисмида хизмат олиб бораётган Ички ишлар ходимларининг назорат пости олиб ташланди. Бу ҳақда Ички ишлар вазирлиги матбуот хизмати хабар бермоқда.

(Кириллча) Ўзбекистонда ишлаб чиқариладиган пахта ёғи учун акциз солиғи ундирилмайди.

(Кириллча) Жорий йилнинг 24 ноябрь куни мамлакатимизда илк бор «DevFest» – Google Developers Group (GDG) дастурчилар халқаро фестивали бўлиб ўтади.

Abadiy muzliklar makoni

  • 1695
  • 1695
Jamiyat
Dekabr20/ 2016

Yurtimizning so’lim tabiati, yashillikka burkangan qiru adirlari har qanday kishiga o’zgacha zavq ulashadi. Biri biridan g’aroyib bu maskanlarda sayr qilgan odamning charchog’i tarqab, taniga quvvat kiradi, ruhiyati tiniqlashib, kayfiyati ko’tariladi.

 

 

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi tomonidan jurnalistlar uchun Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog’iga tashkil etilgan ekologik mediatur davomida ana shu kechinmalarni yana bir bor his etdik.

Farbiy Tyan-Shan tog’li hududlarida, asosan tog’, o’rmon, yaylov, suv akvatoriyalari, sug’oriladigan va lalmi yerlarda dengiz sathidan 800 metrdan 4000 metr balandlikda joylashgan hamda Markaziy Osiyoda eng yirik milliy bog’lardan hisoblangan Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bog’i iqlimi, o’simliklar olami, hayvonot dunyosi va betakror manzarasi bilan o’lkamizning boshqa hududlaridan ajralib turadi. Bu maskan dam olish, davolanish hamda sport bilan shug’ullanish uchun juda qulay. Milliy bog’ hududida Ixnoch, Bodak, Urungoch, Shovurko’l kabi tabiiy ko’llar va Tuproqbel, Barqroqsoy, Tekeshsoy va Shovurko’lning yuqori qismida abadiy muzliklar mavjud.

Ushbu tabiiy hudud 1990 yilda Burchmulla va Chirchiq o’rmon xo’jaliklarining o’rmon fondi yerlari qo’shilishi natijasida tashkil bo’lgan. Mazkur tabiatni muhofaza qilish davlat idorasining ahamiyatini yanada mustahkamlash maqsadida uning hududi Chotqol davlat biosfera ko’riqxonasi va Ohangaron o’rmon xo’jaligi hududlarining hisobiga kengaytirilib, bugungi kunda 574, 6 ming gektarni tashkil etadi.

 

Chodirlar shaharchasi

 

Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bog’ining noziri Jahongir Pirimov bizni Burchmullo o’rmon xo’jaligiga qarashli Yangiqo’rg’onsoy qishlog’ining Soymozor bo’limining tog’lar bag’rida barpo etilgan mavsumiy chodirlar shaharchasi sari boshlaydi.

– Ushbu hududda dam oluvchilar uchun sharoit yaratish maqsadida tapchan va chodirlar o’rnatilib, sayyohlarga bir necha xizmatlar taklif etiladi, – deydi J.Pirimov. – Dam oluvchilar yozning jaziramasida nafaqat tapchan yoki chodirlarda dam oldi, balki tabiat qo’ynida sayr etib, soyning tepa qismidan oqib tushayotgan sharshara va toshlardan tabiiy holda hosil bo’lgan hovuzlarda cho’milib, yangi ish haftasiga ko’tarinki kayfiyatda qaytadi.

Qisqa tanishuvdan so’ng jurnalistlar uch chaqirim olisdagi sharshara tomon oshiqadi. Bizni oldinda garchi biroz mashaqqatli bo’lsa-da, ajoyib safar kutib turadi. Mediatur ishtirokchilari zo’r ishtiyoq bilan yo’lga otlanamiz. Yo’l-yo’lakay bog’ xodimlari bizga har bir giyoh, ko’kka bo’y cho’zib turgan qoyalar haqida hikoya qiladi.

Darhaqiqat, hudud yozning eng issiq kunlarida ham yoqimli salqinlik hukm surishi hamda betakror manzarasi, tabiiy holda o’sib turgan o’simlik va hayvonot olami bilan betakrordir. Atrofda qushlarning sayrashi, yer tagidan sizib chiqayotgan buloq suvi, soy bo’yida toshdan toshga urilib oqayotgan suvning shovqini, atrofidagi oq qayin va boshqa manzarali daraxtlar, dorivor giyohlar, tog’ yon bag’irlarida tabiiy holda o’sib turgan archalar dam oluvchilarni o’ziga jalb etmay qolmaydi. Tog’ning tepa qismida xarsang toshlar ustida goh-gohida ko’rinib turadigan Sibir tog’ echkilari kishini o’sha tomonga ildam odimlashga undaydi.

Hayvonot va

nabotot olami

 

Milliy bog’ hududida 1800 ga yaqin o’simlik o’sib, undan 74 xili O’zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan. 8 xil lola, O’rta Osiyo noki, Pskom piyozi, Abolin astragali, Eremuruslar, Boshqizilsoy gerani, Minkvits teziumi, yovvoyi sallagul shular jumlasidan. Hayvonot dunyosining 230 ga yaqin turini uchratish mumkin. Ularning 38 turi, xususan, qor qoploni, Tyan-Shan Qo’ng’ir ayig’i, Menzbira sug’uri, Turkiston silovsini, kichik takaburun, lochinlar, qumoy, Chotqol shayton balig’i, Turkiston laqqachasi, ko’lja arvoh kapalagi kabilar O’zbekiston va jahon Qizil kitoblariga kiritilgan.

– Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog’i boshqarmasi tomonidan bog’ hududidagi 6 ta tabiiy va 3 ta tarixiy ob`ekt ro’yxati tuzilib, 2015 yil 12 fevralda Bo’stonliq tuman hokimining qarori bilan ularga tabiat yodgorliklari maqomi berildi, – deydi Milliy tabiat bog’i noziri Abdusayid Baratov. – Qo’riqxona hududida biologik xilmaxillikning holati va undan barqaror foydalanish hamda muhofaza qilish borasida tegishli qaror qabul qilish uchun to’liq ma`lumotlarni to’plash maqsadida   muntazam ravishda tadqiqotlar olib boriladi.

Jurnalistlar goh aylanma, goh keskin burilishlari mo’l tog’ yo’lidan yuqoriga qarab yuradi. Muzdek soy suvidan kechib o’tish mashaqqatli tuyulsa-da, kuchli istak hech bir ishtirokchini ortga chekinishga yo’l qo’ymaydi. Bizning 10-15 kishilik guruhimiz yo’l-yo’lakay tog’ manzaralariga mahliyo bo’lib boradi. Savlat to’kib turgan daraxtlar, buta va butasimonlar, turfa gul-chechaklar o’sayotgan yovvoyi o’t-o’lanlarni ko’rib, bu yerning chindan ham tabiatning maxsus qarov, nazorat ostidagi yeri ekaniga amin bo’lasiz.

Tog’dan oqib tushib, pastdagi qishloqlarga obi hayot yetkazayotgan soyning bir kengayib, bir yerda torayib oqayotgan yo’nalishi bo’ylab, yuqoriga ko’tarilamiz. Ammo guruh a`zolari toliqish sezib, tepaga ko’tarilib boradigan toshli so’qmoqda yurishga qiynaladi va har yerda to’xtab dam olishga majbur bo’ladi.

Nihoyat manzilga yetamiz. Mana o’sha mediatur ishtirokchilarini mashaqqatli tog’ yo’lini bosib o’tishga sabab bo’lgan sharshara.

Sharshara manzarasi chindan-da tabiat mo’`jizasi. Balandlikdan shiddat bilan otilib tushayotgan suv toshlarga urilib, yon-atrofga sachraydi. Katta-katta xarsang toshlar orasidan oqib tushayotgan sharshara bag’rini ikkiga ajratib turgan ulkan qoyatosh tabiat mo’`jizasi emas, go’yoki inson qo’l mehnatining mahsuliga o’xshaydi.

– Mana shu sharsharani yaqindan ko’rish, uning muzdek suvini tatib ko’rish ishtiyoqi ko’pchilik yurtdoshlarimiz hamda xorijlik sayyohlarni bu yerga boshlaydi, – deydi Jahongir Pirimov. – Shu bois sayyohlarni yanada ko’proq jalb etish maqsadida tabiat bog’i hududida 30 dan ziyod ekologik marshrutlar ishlab chiqdik. Boisi ekologik turizm respublikamizda yangi va jadal sur`atlarda rivojlanayotgan yo’nalishlardan biri bo’lib, tabiiy hududlarni muhofaza qilish va saqlash, tabiat yodgorliklarining ahamiyatini yanada oshirish, mahalliy aholining turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladi.

Xullas, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog’i tabiatning musaffo, asl ko’rinishi saqlangan, noyob jonivoru qushlar, nodir giyohlarga panoh bo’lib kelayotgan oshiyonidir. Uning bag’rida bo’lgan kishi o’zi ham tabiatning bir bo’lagi ekanini, uni asrab-avaylashga mas`ulligini teran his qiladi. Qalban shunday go’zal manzaralarga talpinadi, ularga oshufta bo’ladi.

Xayrullo ASTANAQULOV,

“Jamiyat” muxbiri

Teglar:

Foydali havolalar