(Кириллча) Ўзбекистон мева ва сабзавот экспортининг асосий улуши Қозоғистон ҳиссасига тўғри келди.

(Кириллча) Ўзбекистондан шу кунгача 778 миллион долларлик мева-сабзавот четга экспорт қилинди.

(Кириллча) Тошкент метрополитенининг устки қисмида хизмат олиб бораётган Ички ишлар ходимларининг назорат пости олиб ташланди. Бу ҳақда Ички ишлар вазирлиги матбуот хизмати хабар бермоқда.

(Кириллча) Ўзбекистонда ишлаб чиқариладиган пахта ёғи учун акциз солиғи ундирилмайди.

(Кириллча) Жорий йилнинг 24 ноябрь куни мамлакатимизда илк бор «DevFest» – Google Developers Group (GDG) дастурчилар халқаро фестивали бўлиб ўтади.

Buyuk Yo‘lboshchi Uning nomi abadiyatga mangu muhrlangay

  • 1721
  • 1721
Jamiyat
Dekabr09/ 2016

Ayrim odamlarni hat­to o‘z oilasi hurmat qilmaydi. Ba`zilar bor, eldan chiqqan, uyiga na qarindosh-urug‘, na qo’ni-qo’shni kirib-chiqadi. Ayrim oilalarda esa kunda, kunora janjal.

Bir ro’zg’orga risoladagidek bosh bo’lish, ikki-uchta odamning boshini qovushtirib, ularga rahbarlik qilish oson emas.

Odamlar turfa, taqdirlar turfa. Tanigan-bilgan qancha ko’p bo’lsa, do’st ham, dushman ham shunga yarasha bo’ladi. Hammaning ko’nglini birvarakayiga olib, hammaga barobar yoqib bo’lmaydi. Buning sira iloji yo’q.

Lekin shunday shaxslar borki, million-million odamlarning hurmat-e`tiboriga sazovor bo’ladi, mehrini qozonadi, yuragidan joy oladi, ularga o’z otasi, o’z onasi, jigari kabi yaqin, tog’dek suyanch va tayanch bo’ladi. Chunki Yaratganning o’zi ularga shunday buyuk xislat ato etadi.

O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti­ Islom Karimov ana shunday buyuk shaxs, o’ttiz ikki millionlik ko’p millatli, ko’p konfessiyali xalqning mehrini qozongan, qalb gavhariga aylangan haqiqiy inson edi.

 

Bugun butun O’zbekiston chuqur qayg’uda. Buyuk davlat va siyo­sat arbobi Islom Abdug’aniyevich­ Karimov shu yil 2 sentyabr kuni og’ir kasallikdan so’ng vafot etdi.

Jahon xaritasida Mustaqil O’zbekiston davlati paydo bo’lgani, o’zbek xalqi bukilgan qaddini ko’targani, tenglar ichra teng bo’lgani, hech kimdan kam bo’lmasdan, dunyoning eng taraqqiy topgan davlatlaridan biriga aylanib borayotgani… – bularning barchasi ulug’ Yo’lboshchi, O’zbekiston Qahramoni, Vatanni qanday sevish kerakligini hammamizga o’rgatib ketgan, O’zbekistonga umrini, jonini fido qilgan benazir Inson Islom Karimov nomi bilan bevosita bog’liq.

Islom Abdug’aniyevich Karimov­ 1989 yilning iyunida O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi etib saylangan. 1990 yil 24 mart kuni O’zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida O’zbekiston SSR Prezidenti etib, 1991 yil 29 dekabrda muqobillik asosida o’tkazilgan umumxalq saylovida O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti etib saylandi. 25 yil davomida mustaqil O’zbekis­tonni boshqardi.

Xo’sh, bu davr ichida mamlakatda nimalar bo’ldi, qanday o’zgarishlar yuz berdi, o’zbek xal­qi o’shanda kim edi, hozir kim bo’ldi?

O’sha paytda es-xushini tanigan odamlar yaxshi eslaydi, Respublikamiz fuqarolar urushi, qon to’kish, millatlar va konfessiyalararo mojarolar yoqasida turgan edi. Xuddi shunga o’xshash voqealar qo’shni mamlakatlarda sodir etildi ham. Qancha-qancha odamlar o’z uylarini tashlab O’zbekistonga kelganiga guvohmiz. Mamlakatimizda o’ta tang va tarang ijtimoiy vaziyat yuzaga kelgan.

Bu haqda Islom Karimov 1992 yil 2-3 iyul kunlari bo’lib o’tgan XII chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida so’zlagan nutqida vaziyatga shunday baho bergan edi: «74 yil mobaynida O’zbekiston taqdiri va ta`minoti sobiq Ittifoq qo’lida edi. Sobiq Ittifoq bu yerdan mahsulot va xom ashyoni olib ketib, bizga suv va havoday zarur narsalarni o’z ko’rsatmasi bilan keltirib berardi. Sodda qilib aytganda, paxta va boshqa boyliklarimiz olib ketilardi, don, shakar, yonilg’i va boshqa xalq iste`moli mollari, umuman, hayotimizga, iqtisodiyotimizga va xalq xo’jaligimizga zarur bo’lgan mahsulotlar olib kelinardi. Mana, birgina misol. Sobiq SSSR Kanada va Amerikadan har yili 40-50 million tonna g’alla sotib olardi. Shuning hisobidan O’zbekistonga ham ulush berardi. Ittifoq parchalanib ketganidan keyin biz yillik ehtiyojimizga yetarli ­6 mil­lion tonna g’allani qayoq­dan olib kelishni, qayoqdan valyuta topishni o’ylab rosa sarson-sargardon bo’ldik.

Bugun ochiq aytaversak ham bo’ladi: 1991 yilning oxiri va 1992 yilning boshida ko’p narsalarda uzilish bo’lib, juda og’ir ahvolga tushib, naq ocharchilik ostonasida turar edik.

Bizning oldimizda yigirma bir million nafar katta bir xalqni boqish vazifasi ko’ndalang bo’lib turardi. Ayniqsa, pul-valyuta topish masalasi o’ta qiyin muammoga aylandi. Xalqimizni, iqtisodiyotimizni ta`minlash masalasida juda katta xavf tug’ildi».

Saksoninchi yillarning oxirida sobiq ittifoqda yuzaga kelgan ijtimoiy tang vaziyat xalqni nihoyatda qiyin, nochor ahvolga solib qo’ygan bir payt­da bunday og’ir vaziyat odamlar hayotiga ta`sir etmay qolmadi, albatta.

1991 yilni yaxshi eslayman. Islom Karimov O’zbekistonni mustaqil, deb e`lon qilganini bobomning yonida o’tirib, televizorda ko’rganman. Biz bobomning hovlisida to’rtta oila, 17 jon yashar edik. Bobom o’sha yili «mana O’zbekiston mustaqil bo’ldi, endi sizlar ham mustaqil bo’lib, o’z uylaringga ko’chinglar», deb bizni yangi uyga ko’chirib o’tkazdi.

Endi o’ylasam, hali sobiq tuzum davridayoq mamlakatimiz rahbari odamlarga ekin-tikin qilish, uy-joy qurish uchun bergan tomorqa, yer uchastkalaridan bizga ham nasib etgan ekan.

Men o’shanda 9 yosh edim. Ota-onam, ikki ukam va ikki singlim – jo’ja birday jonmiz. Hammamiz yeyman-ichaman, deb turgan vaqtimiz. Otamning topish-tutishi yomon emas. Uyda doim pul bo’lardi. Lekin xarid qilay desak, qishlog’imizdagi bittayu bitta magazin bo’m-bo’sh. Yangi uyimizni «Qutlug’ bo’lsin» qilish uchun mehmonlar kelardi. Dasturxonda esa non yo bo’lardi, yo ko’pincha u ham topilmay qolardi. O’zimizdan chiqqan yong’oq va mayiz, mehmonlarning o’zlari olib kelgan non bilan ularni kuzatardik.

Otam ish bilan ba`zan ikki-uch kunlab uyga kelmasdi. Oilaning katta farzandi bo’lganim uchun ko’pgina yumushlar mening zimmamda edi. Magazinda, bozorda un yo’q. Kelsa ham uzun navbat, urho-ur bo’lardi. Menga ba`zan navbat tegardi, ba`zan tegmasdi, navbat yetganida un tugab qolardi. Men deyarli har kuni yelkamga sumka osib non izlab chiqib ketardim. Tumanimizning qayerida non sotadigan joy bor, qayerida nov­voyxona bor, «bo’lka» chiqaradigan sex bor, deyarli hammasini bilardim. Kunim non izlash bilan o’tib ketgan vaqtlar qancha bo’lgan.

Bir kun shom aralash uyga keldim. Meni ko’rib onamning ko’zi jiqqa yoshga to’ldi va «keldingmi bolam?» deb og’ir xo’rsindi.

– Ukang ertalabdan beri non so’raydi. Biror bir qo’shninikidan ham topolmadik. Turshak berdim ko’nmadi, mayiz berdim ko’nmadi, yong’oq ham yemadi. Faqat non so’rayapti…

Kichik ukam ikki yosh edi o’shanda. Afsuski men kun bo’yi izg’ib, bitta ham non topolmasdan uyga qaytgandim…

Tamaki ekiladigan yerlariga kimdir arpa, kimdir bug’doy ekdi. Lekin negadir kolxoz hech kimga qarshilik qilmadi. Ilgari bug’doy ekish tugul ruxsatsiz qadam bosib bo’lmasdi kolxozning yeriga. «Tepadan «odamlarga indamanglar, o’z kunini o’zi ko’rsin» degan ko’rsatma kelgan», degan gaplar ham tarqadi el orasida. May oyidanoq odamlar har kuni dalaga qatnay boshladi. Hali sut bo’lgan bug’doy boshog’ini ochib ko’rar, qachon pishar ekan, deb betoqat bo’lardi. Mol-qo’y boqish uchun chiqqan bolalar sut bug’doyni yeb yurardik. Iyun oyining boshlarida bug’doy hali to’la pishib yetilmasdan odamlar boshoqlarni yulib, uni kaltaklab, shamolda sovurib doni bilan somonini ajratar va oftobda quritib, kimdir 10 kilo, kimdir 15 kilo bug’doyni tegirmonga olib borardi. Ayrimlar hali yaxshi qurimagan bug’doyni tegirmonga soldirgani uchun tegirmon un o’rniga xamir chiqarganini o’zim ko’rganman. Bug’doy ekolmaganlar arpa unidan non yopardi. Arpa noni og’izni urib tashlardi. Makkajo’xori, tariq, hatto supurgi donini torttirib yeyishga majbur bo’ldi, ba`zi oilalar…

Hozir shu kunlarni eslasam, yuragim orqaga tortib ketadi. Mustaqillik arafasida va undan keyin tug’ilgan yoshlarga ayt­sangiz aslo ishonmaydi, bu gaplarga. «Ikkinchi jahon urishi yillarini gapiryapsizmi», deb kinoya ham qiladi. Ular bugungi farovon kunlarni tabiiy deb o’ylaydi. Mayli, shunday bo’lgani ham yaxshi. Unday kunlar qaytib kelmasin, aslo.

«Dunyoga kelgan chaqaloq avval emaklab, keyin tetapoya bo’ladi. Vaziyat shunday keldiki, Mustaqil O’zbekiston tug’ilgan kuniyoq oyoqqa turishga, o’zi yurishga majbur bo’ldi – degan edi o’sha sessiyada Islom Karimov. – Xorijiy dunyo bozori bilan, dunyo banklari bilan, tijoratchi firmalar bilan aloqa bog’ladik. Bu juda nozik masala. Qaysi davlat bizga qancha va qanday shart bilan sarmoya va qarz beradi? Qarz bergan davlatlarning siyosiy shartlari bo’lmaydimi? Birovdan qarz olib, keyin uning ilmog’iga tushib qolmaymizmi? Ular bizga tazyiq o’tkazmaydimi? Olgan qarz-kreditlarimiz bo’ynimizda og’ir yuk bo’lib qolib ketmaydimi?

Minglab shunday savollarga javob izlashga va topishga to’g’ri keldi.

Qarz olish oson, bu hammamizga ma`lum, lekin uni bir kun kelib to’lash ham kerak. Biz faqatgina bugungi kunni emas, balki ertamizni, kelajak avlodlarni ham o’ylashimiz kerak. Bugun biz xato qilib qo’ysak, farzandlarimiz kelajakda qoqilib qolishini hisobga olmasak, bu – katta gunoh bo’ladi.

Ozodligimizni, iqtisodiy mustaqilligimizni yo’qotmasdan, kim bilan, qaysi davlat bilan munosabat o’rnatmaylik, xalqimizning izzatini joyiga qo’yadigan, uning tengligini ta`minlaydigan yo’lni tanlashimiz kerak bo’ladi».

E`tibor bering, Islom ­Karimov o’sha paytda qanday masalalarni kun tartibiga qo’ydi. Vaqtincha qiyinchilikdan bir amallab chiqib ketishni emas, kelajakni o’yladi. Buning ustiga o’sha paytlari mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham «O’zbekiston mustaqil bo’lib yashay oladimi, yo’qmi?» degan savol muhokama etilardi. Ochig’i, ko’pchilik bugungidek farovon kunlar kelishiga shubha bilan qarardi.

«Iqtisodiy tanglik davrida nizo chiqarish juda oson, – dedi ulug’ Yo’lboshchi. – Gugurt chaqilsa bas – ho’lu quruq baravar yonib ketishi mumkin…

Fuqarolar to’qnashuvi bo’layotgan mintaqalarda odamlar nobud bo’lyapti, qon to’kilyapti, xalq xo’jaligi yuz millionlab so’m zarar ko’rmoqda, mol-hol qarovsiz, dalalar ekinsiz qolib ketmoqda. Otishmalar yetmaganday, do’l, sel, zilzila kabi baloi ofatlar ham xalqning tinkasini quritmoqda.

O’zbekistonning yo’li shuki, biz tinchlik va osoyishtalikni saqlab, bozor iqtisodiyotiga o’tishni shoshmasdan, aholining nochor qismini asrab-avaylab, ularga yetarli shart-sharoitlarni yaratib berib, ana undan keyin amalga oshirishga bel bog’ladik.

Eng avvalo, iqtisodiyotning faqat xom ashyo yetishtirishdek samarasiz yo’nalishidan qutulish kerak. Unutmaslik kerakki, hozirgi davrda iqtisodiyotimizning eng zaif tomoni – tayyor mahsulotlarning yetishmasligi. Taxminan 55-60 foiz xalq iste`mol mollarini chetdan olib kelishga majburmiz».

Mamlakatda o’shanda qanday ijtimoiy tang ahvol yuzaga kelganini tasavvur qilish qiyin. Ana shunday o’ta og’ir davrda ­Islom Karimov kuchli irodasi va qat`iyati bilan xalqimiz va mamlakatimizni shunday achinarli qismatdan saqlab qoldi. Uning uzoqni ko’ra bilish qobiliyati, qancha mashaqqat bo’lmasin, odamlarni o’z ortidan ergashtira olgani, eng muhimi, to’g’ri yo’lni tanlagani sababli bugun shu kunlarga erishdik.

Ammo bugun ham uzundan uzoq navbatlar bor. Ammo bu navbatlar nonga, oziq-ovqatga emas. Har qadamda to’yxona bo’lsa-da, odamlar to’y qilish uchun ikki-uch oylab oldin nav­batga yozilmoqda. Haj ziyoratiga borish uchun navbatda turmoqda, mashina sotib olish uchun salonlarga oldindan pul to’lab qo’ymoqda.

Qarang, bu navbatlar aslida baxtli hayotimizdan dalolat emasmi?

Biz bunga osongina erishdikmi? Osmondan tushdimi bu baxt­li hayot? Hammasi Yaratganning o’zi xalqimiz boshiga yuborgan Ulug’ Insonning tanlagan yo’li, tutgan siyosati, metindek irodasi, o’z yo’lidan aslo qaytmasligi, tanlagan yo’li to’g’riligiga avvalo o’zi qat`iy ishonib, odamlarni ham shunga ishontirgani va ortidan dadil yetaklagani natijasi emasmi bu?

Islom Karimov har doim marrani baland olgan, boshqalarni ham, ayniqsa yoshlarni shunga da`vat etgan, ulug’ maqsadlarni ko’zlab yashagan haqiqiy fidoyi inson bo’lib qalbimizda abadiy qoladi. Bunday fidoyilikni munosib davom ettirish, Vatanni sevib, ulug’lab yashash, Vatan manfaati yo’lida yanada birlashish, jipslashish, muqaddas zaminimizni har qanday balo-qazodan asrash har birimizning muqaddas burchimizdir.

Bugun nafaqat o’zbek xalqi, balki butun mintaqamiz, yorug’ jahon og’ir judolikka uchradi. Chunki Islom Karimov nafaqat O’zbekistonda tinchlikni saqladi, uni ravon taraqqiyot yo’liga olib chiqdi, balki Markaziy Osiyo mintaqasi va butun dunyoda tinch-osuda hayot uchun kurashdi. U mintaqada, jahonda sog’lom ijtimoiy-siyosiy muhitni saqlab turishga katta ta`sir ko’rsata oladigan shaxs edi.

Islom Karimov nomi shak-shubhasiz abadiyatga muhrlangay. Uning yotgan joyi tabarruk qadamjoga aylangay. Biz uning mardligi va jasorati, vatanparvarligi va pok qalbi, yurtga sadoqati va mustahkam irodasi, tengsiz aql-zakovati va dono siyosati, rahbarlik salohiyati va boshqaruv san`ati hamda ko’p-ko’p insoniy fazilatlari haqida kelgusi avlodlarga so’zlab bergaymiz.

Islom Karimov vafot etgani haqida xabarni eshitib, ko’z yoshimni tiyolmay televizorga tikilib o’tiribman.

– Ha ota, nima bo’ldi, – deb katta o’g’lim yonimga keldi. Men uni bag’rimga bosib, «Islom Karimov bizni tashlab ketdi, bolam…» dedim.

4 sentyabr, kuni u birinchi sinfga chiqdi. Kechqurun ishdan borsam, xursand bo’lib yonimga yugurdi.

– Siz meni aldagan ekansiz, Prezident o’lmagan ekan ota! Mana bizga uning sovg’alarini berishdi!

U shunday deb chiroyli sumka, kitob-daftarlarini maqtay boshladi.

– To’g’ri, Islom Karimov o’lmagan, o’g’lim, – dedim men. – Hali u kishining senga atalgan sovg’alari juda ko’p…

Xalqi uchun jonini fido qilganlar aslo o’lmaydi. Islom Karimov ochgan, qurdirgan yo’llardan taraqqiyot oqib kelaveradi. U kishi barpo etgan uylarda, ta`lim dargohlarida barkamol avlod voyaga yetaveradi. Yangidan bunyod etilgan shaharlar O’zbekistonning Birinchi Prezidenti kim bo’lganidan, mamlakatimizning kuch-qudratidan so’zlayveradi. ­Islom ­Karimov bolalari dunyo­ni lol qoldiraveradi, g’oyalari xalqimizni baland-baland cho’qqilarga boshlayveradi.

 

Bekzod ShUKUROV

Teglar:

Foydali havolalar