(Кириллча) Ўзбекистон мева ва сабзавот экспортининг асосий улуши Қозоғистон ҳиссасига тўғри келди.

(Кириллча) Ўзбекистондан шу кунгача 778 миллион долларлик мева-сабзавот четга экспорт қилинди.

(Кириллча) Тошкент метрополитенининг устки қисмида хизмат олиб бораётган Ички ишлар ходимларининг назорат пости олиб ташланди. Бу ҳақда Ички ишлар вазирлиги матбуот хизмати хабар бермоқда.

(Кириллча) Ўзбекистонда ишлаб чиқариладиган пахта ёғи учун акциз солиғи ундирилмайди.

(Кириллча) Жорий йилнинг 24 ноябрь куни мамлакатимизда илк бор «DevFest» – Google Developers Group (GDG) дастурчилар халқаро фестивали бўлиб ўтади.

Nega gazeta o‘qiymiz?

  • 1739
  • 1739
Jamiyat
Dekabr19/ 2016

Istiqlol arafasida chop etilgan gazeta safihalarini varaqlab, go‘yo chorak asr avvalgi yurtimiz ko‘chalari bo‘ylab kezdim. Og‘ir turmush sharoitlari, o‘sha davr odamlarining dardu tashvishini dildan his qildim. Sahifalari sarg‘ayib ketgan bo‘lsa-da, o‘tmish bag‘riga ko‘milgan sirlarni ochgan bu nashrlar naqadar bebaho ekanini angladim o‘sha dam.

 

Radiodagi kabi ovoz, televideniye­dagi kabi tasvir va harakat, Internet kabi multiimkoniyatga ega bo’lmasa-da, aniq ma`lumotlar asosida yozilgan har bir satri tarixiy merosga, ma`naviy boylikka aylanib boradigan bosma OAV ko’pgina afzalliklari bilan alohida qadr-qimmatga ega. Jozibali, lekin yakunlanishi bilan havoga uchib, vaqt o’tgani sayin xotiramizdagi izlari ham xira tortib boruvchi teleradio­dasturlar matbuot kabi ma`lumotlarga qayta murojaat etish imkonini berolmasligi shubhasiz. To’g’ri, teleradiodasturlar ham arxiv fondida saqlanadi. Ammo soha xodimlaridan boshqa yana kim ham ulardan istagan vaqtida istagancha foydalana oladi deysiz? Internet materiallari esa sayt boshqaruvchisi tomonidan o’zgartirilmasligi, yoxud veb manbadan olib tashlanmasligiga biror kafolat yo’q.

Shuningdek, bosma nashrlar har turli shevalar qorishib yotgan bosh­qa OAVga qaraganda tilning til sifatida dunyo sahnidagi maqomini baland tutish, adabiy til me`yorlarini saqlashdan tashqari aholining tilshunoslik qonun-qoidalaridan boxabarligini oshirishga ham xizmat qiladi. Bundan tashqari, odamlarning huquqiy, iqtisodiy va bosh­qa bilimlarini mustahkamlashda ham OAVning bu turi katta imkoniyatga ega.

– Uch yil muqaddam biznes boshlash niyatida tanish-bilishlarga maslahat soldim, – deydi Xorazm viloyati Qo’shko’pir tumanidan Jasurbek Ahmedov. – Birov u dedi, birov bu, hech kimdan tayinli ma`lumot ololmadim. Shu yo’nalishdagi ko’rsatuvlar ham qo’l kelar, degan o’yda televizor qarshisiga o’tirdim. Ammo dastur vaqti mening vaqtimga hamisha ham to’g’ri kelmas, muhim ishlarimni qoldirishga to’g’ri kelardi. Ba`zan esa elektr toki bilan bog’liq muammolar ishning beliga tepardi. Axiyri, biznes yuritishga oid nashr­lar bilan tanishib boradigan bo’ldim. Bosma nashrlar mutolaasi uchun esa na elektr toki kerak, na qa`iy belgilangan vaqt. Shunisi menga juda qo’l keldi. Sohadagi yangi qonunchilik, qay yo’nalishda ish boshlash ma`qulligi, imtiyozlar, xom­ashyoyu uskunalarni qayerdan qancha narxga olish haqida barcha ma`lumotga ega bo’ldim. Mana hozir «Qo’shko’pir Agro Invest» MChJ rahbariman. Korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida 8 turdagi svetodiod lampalar ishlab chiqarmoqdamiz. Hozir ham sohadagi yangiliklardan muntazam xabardor bo’lish uchun iqtisodiy yo’nalishdagi gazeta va jurnallarni kuzatib boraman.

Ha, eng ishonchli va arzon axborotga ega bo’lishning yo’li aynan shu – bosma nashrlarga murojaat qilish. Agar sizga internetdan foydalanish qulay bo’lsa, nashr­larning internetdagi rasmiy sayti orqali ham materiallar bilan tanishishingiz mumkin. Ammo baribir gazeta o’qish maroqli va foydali. Boisi maqola veb-sayt­da aniq, lo’nda, biroq qisqa shaklda joylashtirilishi mumkin. Batafsillik, tahlil esa gazeta va jurnallarning alohida xususiyati. Aynan mana shu xususiyat munozarali, muhokamatalab mavzularda artoflicha so’z yuritish, masalaga tahliliy yondashib, uning mohiyatiga nazar tashlash, sabab, oqibat va natijalar haqida keng mushohada yuritish imkonini beradi. Buni internet orqali shunchaki axborot olish bilan mutlaqo solishtirib bo’lmaydi.

– Jurnalist tahliliy maqolani shunchaki ma`lumotlarni keltirish bilan tayyorlamaydi, – deydi faxriy jurnalist Ahmadjon Meliboyev. – Buning uchun mavzuni chuqur o’rganadi, masalaning mohiyatini anglaydi va uning bahsli tomonlari haqida soha vakillari bilan fikrlashadi. Ana shunda hajmidan qat`i nazar, o’quvchini o’ziga g’arq qilib yuboradigan maqola yoziladi. Uning mutolaasi internetdan olingan yolg’on-yashiq, uzuq-yuluq axborotdan ko’ra kishida yuz chandon ko’proq tasavvur hosil qilish, mavzuga oid bilimlarini boyitish bilan birga ma`naviy ozuqa ham beradi. Bunday maqolani o’qigan kishi charchamaydi, aksincha, dam oladi hamda ketgan vaqtiga achinmaydi.

Ammo bugun mana shu tarzda ma`naviy ozuqa olishga intilmaydiganlar, vaqtini behuda sarflaydiganlar ham bor oramizda. be`mani seriallar ko’rish, ijtimoiy tarmoqlarda birovning mushugi bolalaganiyu, sigiri buzoqlagani, qaysi bir san`atkorning ajrashishi hamda yangi ishq mojarolari haqidagi ma`lumotlarni almashib vaqt o’tkazadiganlar ko’p. Tobora rivojlanib borayotgan axborot asrida ijtimoiy ahamiyatli va ishonchli ma`lumotlar bilan tafakkurini boyitish o’rniga mana shunday mashg’ulotlar bilan shug’ullanish qanchalik darajada foydali?

– Bolaligimizda onam hovli burchagidagi so’rida, ayozli kunlar esa tancha atrofida «qani, olamda nima gap ekan», deya biz uch aka-singilga turli gazeta va jurnallar o’qib berardi, – deydi jurnalist Nizomjon Islomov. – Maroq bilan ting­layotgan bizdek g’o’r bolalar uchun olam sirlarini ana shu tarzda ochardi. Onam nashrlarning har bir sonini ehtiyotlab olib qo’yar edi. Ba`zan esa bizga «uni unday, buni bunday qilinglar, falon gazetada shunday deb yozilgandi, esingizdami?» derdi. Onamning bu odati hanuz bor, haligacha bizni ana shunday qilib tartibga chaqiradi, to’g’ri yashashga undaydi. Endi o’ylasam, onam biror oliy o’quv yurtida tahsil olmagan bo’lsa-da, gazeta va jurnal o’qib, bilimini muntazam oshirib borgan va bizni ham shunga o’rgatgan. Har safar maqola yozishdan avval ular ham uzoq-yaqindagi oilalarga kirib borishi, kattayu kichikka olam sirlarini ochishi, tafakkurini boyitishi kerakligi haqida o’ylab, ishimga jiddiyroq yondashaman.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, dunyoqarashini boyitib borish, ayni damdagi voqelik haqida mushohada yuritishni istagan faol fuqarolik pozitsiyasiga ega kishi albatta gazeta va jurnal mutolaasi uchun alohida vaqt ajratadi. Davlat va jamiyat hayotiga daxldorlik hissi bilan yondashadi, atrofdagilarda ham ana shunday kayfiyat hosil qiladi.

Nargiza HUSANOVA,

                «Jamiyat» muxbiri

Teglar:

Foydali havolalar