(Кириллча) Ўзбекистон мева ва сабзавот экспортининг асосий улуши Қозоғистон ҳиссасига тўғри келди.

(Кириллча) Ўзбекистондан шу кунгача 778 миллион долларлик мева-сабзавот четга экспорт қилинди.

(Кириллча) Тошкент метрополитенининг устки қисмида хизмат олиб бораётган Ички ишлар ходимларининг назорат пости олиб ташланди. Бу ҳақда Ички ишлар вазирлиги матбуот хизмати хабар бермоқда.

(Кириллча) Ўзбекистонда ишлаб чиқариладиган пахта ёғи учун акциз солиғи ундирилмайди.

(Кириллча) Жорий йилнинг 24 ноябрь куни мамлакатимизда илк бор «DevFest» – Google Developers Group (GDG) дастурчилар халқаро фестивали бўлиб ўтади.

«Xorazmliklar – oqibatli, ahdiga sodiq xalqdir»

  • 1743
  • 1743
Jamiyat
Dekabr19/ 2016

Quyoshli o’lka. Xorazm aynan shunday ma`noni beradi. Bu ta`rif uning issiq, yil bo’yi oftob nur sochib turuvchi iqlimi uchun emas, chehrasi ochiq, g’ururi baland xalqiga nisbatan aytilgan bo’lsa ne ajab. Negaki bu elda yashovchi insonlar bilan tanishganda ularning naqadar javonmard ekani, qalbida ona yurtga sadoqat, o’z go’shasiga jon fido etish kabi olijanob fazilatlar mujassamligini kuzatasiz. Ular bilan do’stlashgan odam afsus qilmaydi, bu yurt odamlari do’stining yaxshi-yomon kunida doim yonida turadi. Fayirlikni bilmaydi, gapning po’st kallasini ochiq-oydin aytadi-qo’yadi. Mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom ­Karimov ta`biri bilan aytganda, «xorazm­lik bilan do’st bo’lish oson emas. Lekin do’st bo’lib qolsang, bu – abadiy do’stlik bo’ladi. Chunki xorazmliklar – oqibatli, ahdiga sodiq xalqdir.»

Istiqlol va yashash zavqi

«Katta yo’l yoqasida joylashgan qator uylar. Uylarning ko’pchiligi suvoqlari tushib, ohaklari yomg’ir bilan yuvilgan. Devorlarining yarmigacha nam, ba`zi joylari nuragan uyga kirib bordik. Zax hidi urib turgan sovuq dahlizda qizcha kir yuvyapti»

«Tashkilotchilik yetishmagach» sarlavhali maqoladan. «Xorazm haqiqati» gazetasi. 1990 yil 9 yanvar.

Yaqin-yaqingacha xorazmliklar ana shunday og’ir bir sharoitda yashashga majbur bo’ldi. Uyini ta`mirlay desa yil bo’yi paxta dalasida ishlab topgani ro’zg’oridan ortmaydi. Bu yoqda ayoli negadir kundan-kunga ozib boryapti. Qattiq yo’tal tutgandan laxta-laxta qon tupuradi. Bunday holat uchta uyning bittasida bor…

Mustaqillik yillarida insonga, uning ijtimoiy himoyasiga e`tibor butunlay o’zgardi. Bu ishlar Xorazm viloyatida ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Natijada odamlarning turmush tarzi yaxshilanib, hayotga qarashi o’zgarmoqda. Istiqlol bergan imkoniyatlar haqiqiy ma`noda yashash zavqini uy­g’otmoqda. Viloyatda keyingi besh yil ichida yangidan barpo etilgan va rekonstruksiya qilingan 15 ta bolalar musiqa va san`at maktabi, 33 ta sport inshooti va 5 ta suzish havzasi qurib foydalanishga topshirildi. Bunday yangi qiyofadagi ta`lim va madaniyat maskanlaridan samarali foydalanayotgan viloyat yoshlari jahon fan olimpiadalari, xalqaro sport musobaqalari va musiqa festivallarida yuqori natijalarni qo’lga kiritmoqda.

Hududda sog’liqni saqlash sohasini isloh etish, aholi salomatligi, turmush farovonligini yaxshilash yuzasidan bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni kunda 160 dan ortiq qishloq vrachlik punkti, 3 ta oilaviy poliklinika, 2 ta shahar va 10 ta tibbiyot birlashmasi, 2 ta viloyat shifoxonasi, 11 ta tibbiy markaz, 7 ta dispanser va tumanlardagi ko’p tarmoqli markaziy poliklinikalar qishloq joylarida, ayniqsa, chekka tumanlarda yashayotgan aholiga malakali tibbiy yordamdan foydalanish imkonini bermoqda.

Puxta o’ylangan, bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli Xorazm viloyati oddiy agrar mintaqadan zamonaviy ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasi, transport-kommunikatsiya tarmoqlari rivojlangan hududga aylandi. Keyingi yillarda viloyatning shaharu qishloqlari havas qilgulik darajada ko’rkam qiyofa kasb etib, chiroyiga chiroy qo’shildi. Ayniqsa, voha markazida olib borilayotgan bun­yodkorlik ishlari kishini hayratga soladi. Bu borada O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 6 dekabrdagi «Xorazm viloyatining obodonchilik va aholi suv ta`minotini tubdan yaxshilash, Urganch shahar bosh rejasini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori asosida ro’yobga chiqarilayotgan bunyodkorlik loyihalari yaqqol bo’y ko’rsatmoqda.

Bunyodkorlik Shijoati

Xalqimiz azaldan obihayot manbalarini ko’z qorachig’idek asrab-avaylab keladi. Lekin havzalar qir­g’oqlarini mustahkamlash, tevarak-atrofini obodonlashtirish katta mashaqqat talab etadigan yumush hisoblangan. Shovot kanali haqida ham xuddi shunday fikrni aytish mumkin.

Bugun Urganch shahrining qoq markazidan oqib o’tgan mazkur kanal hamda uning yon-atrofi fusunkor maskanga aylandi. Buning uchun qariyb bir yil davomida katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari bajarildi. Suv yo’li qirg’oqlari betonlashtirilib, mustahkamlandi. Tevarak-atrofida bog’-rog’lar, oromgohlar, xizmat ko’rsatish shoxobchalari qurildi. Natijada Shovotning ikki yoqasi bo’ylab deyarli 15 kilometr masofada sayr qilish uchun mo’ljallangan yo’llar barpo etildi. Uning o’zanida doimiy akvatoriya hosil qilish maqsadida gidroinshoot qurilib, 7,3 kilometr uzunlikdagi yopiq-yotiq drenaj tizimi yaratildi.

– Har kuni tongda, oqshom vaqtida ana shu kanal bo’yini sayr qilib, darddan forig’ bo’lgan bemorlarni bilaman, – deydi shifokor Odilbek Kuryazov. – Chunki bu yerdagi betakror go’zallikdan bahra olib, kayfiyatingiz ko’tariladi, zavqingiz oshadi, charchoqlaringiz unutiladi. Ruhan tetik bo’lasiz. Axir bularning barchasi salomatlik uchun koni foyda!

Yangi bunyod qilingan «Yoshlik» shaharchasi ham kattayu kichikning faxriga aylangan desak, aslo mubolag’a bo’lmaydi. Undagi sport majmuasi tarkibidan yopiq suv havzasi va sport maneji, gimnastika zali, 2 ta sport zali hamda ochiq futbol maydoni o’rin olgan. 60 milliard so’mdan ziyod mablag’ evaziga qurilgan, 9,17 gektar maydonni egallagan mazkur maskanni o’ziga xos «Olimpiya shaharchasi»ga qiyoslash mumkin. Mutaxassislarning ta`kidlashicha, bu yerda sportning 22 ta turi bo’yicha yirik xalqaro musobaqalarni o’tkazish uchun barcha imkoniyat mavjud. Shahardagi yana bir muhtasham inshoot – 12 ming 500 tomoshabinga mo’ljallab rekonstruksiya qilingan markaziy stadion sportchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni yanada kengaytirdi.

Yangilanish shukuhi

Urganch xalqaro aeroportiviloyatning ramziy darvozasi. Bu yerga har kuni dunyoning turli nuqtalaridan havo laynerlari kelib qo’nadi. O’z navbatida, xuddi shu manzildan respublikamiz shaharlari hamda turli mamlakatlarga parvozlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda aeroportda 60,3 milliard so’mlik bunyodkorlik ishlari olib borildi. Uning maydonini obodonlashtirishga 4,4 milliard so’m mablag’ yo’naltirildi. Shu orqali Xorazmning sayyohlik salohiyatini yuksaltirish uchun yanada mustahkam poydevor yaratildi. Fuqarolik aviatsiyasi assotsiatsiyasi tashkil qilgan nufuzli tanlovda «Urganch» xalqaro aeroporti «2015 yilda MDH davlatlari orasidagi eng yaxshi aeroport» va «Sayyohlik sohasiga qo’shgan katta hissasi» yo’nalishlari g’olibi deb topildi.

Urganch shahrining markaziy maydoni eng gavjum, eng tarovatli manzillardan biri. Bu yerda ulug’ bobokalonimiz Muhammad ibn Muso Xorazmiy haykali savlat to’kib turibdi.

– Dam olish kunlari nevaralarim bilan shu yerga kelaman, – deydi maydonda sayr qilib yurgan onaxon, nafaqadagi o’qituvchi Gulnora Ismoilova. – Ajdodlarimizning ulug’ dahosidan so’zlayman, boy madaniy merosimiz bilan tanishtiraman. Bir paytlar bu joylar kechalari odam yursa qo’rqadigan, tashlandiq, sho’r bosib yotgan yerlar bo’lganini aytsam, nabiralarim ishonmay atrofga qaraydi. Mana shunday obodlik va ko’kalamzorlashtirish ishlari bor-yo’g’i 15-20 yil ichida qilinganini o’ylasam, xalqimizning, davlatimizning bunyodkorlik qudratiga tasannolar aytgim keladi.

Zamonaviy shaharsozlik namunalarini har yerda ko’raverib bunga ko’nikib qolar ekansiz. Barcha qulayliklarga ega muhtasham temir yo’l vokzali haqida ham shunday fikr bildirish mumkin. Ayni paytda bu yerda kuniga 2 ming nafardan ortiq yo’lovchiga jahon standartlari darajasida xizmat ko’rsatilayapti.

Qisqasi, shaharning har ikki darvozasidan qadimiy hamda navqiron vohaga qadam qo’ygan kishi borki, kunduzi quyosh nurida, oqshomda chiroqlar yog’dusida jilolanuvchi go’zallikka oshno bo’ladi. Ko’chalarning ikki yoqasida biri-biridan ko’rkam bino va imoratlar – milliy hamda zamonaviy me`morchilik an`analari asosida qurilgan to’rt-besh qavatli turarjoylar, mehmonxonalar, xizmat ko’rsatish majmualari, ijtimoiy soha ob`ektlari qad rostlagan.

O’tgan yillar davomida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan to’rtta muhim das­tur qabul qilindi, – deydi «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo’limi bo­­­­­sh­­­­­qaruvi raisi v.b. Altiboy Rajabov. – Mazkur dasturlar asosida 2013-2017 yillarda jami 3 trillion so’mlik loyi­halar amalga oshirilishi ko’zda tutilgan bo’lib, bugungi kunda ushbu dasturlarda belgilangan ishlar jadal davom ettirilayapti. Masalan, viloyatda turizmni rivojlantirish dasturiga asosan, 120 ga yaqin loyiha hayotga tatbiq etilmoqda. Bugungacha uning 50 ga yaqini yakuniga yetkazildi.

Sanoat va eksport salohiyati

«…Uzoq yillar «oq oltin» diyori, yuqori hosil ustalari eli, farovonlik, saxovat o’lkasi deb ko’klarga ko’tarib maqtalgan Xorazmda xalq xo’jaligi asosan bir tomonlama rivojlantirilgani, hamma e`tibor, mehnat ahlining kuch-g’ayrati nuqul xomashyo yetishtirishga qaratilganligi achchiq oqibatlarini endilikda yaqqol ko’rib turibmiz. Butun Ittifoq va jumhuriyat mintaqalari orasida aholi g’oyat zich joylashgan, dehqonchilik ko’lamlarini kengaytirish uchun yer, suv imkoniyatlari juda cheklangan viloyatimizda ming-minglab kishilar ish bilan ta`min etilmay qolyapti, qator rayon markazlarida sanoat korxonalari yo’q…»

«Sanoatni rivojlantirishhayotiy zarurat» sarlavhali maqoladan. «Xorazm haqiqati» gazetasi. 1991 yil 23 yanvar.

Biz mana shu kabi arxiv materiallarini bekorga keltirayotganimiz yo’q. Chunki bu o’sha vaqtlardagi holat bilan bugungisini solishtirib, ayni kunda barcha jabhada amalga oshirilayotgan o’zgarishlar mohiyatini yanada teranroq tushunishga yordam beradi. Xorazmda ham bugungi kunda sharoit butunlay o’zgardi. Hududda sanoatni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. So’nggi besh yil mobaynida sanoatdagi o’sish sur`atlari 40 foizdan ziyodni tashkil etgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Hozir vohada xorijiy investorlar ishtirokida 30 dan ziyod qo’shma korxona faoliyat olib bormoqda. Shulardan 20 dan ortig’i keyingi o’n yilda tashkil etildi.

Voha sanoatining eng kenja korxonalaridan biri hisoblangan Bog’ot tumanidagi «Xorazmtex» MChJ ham qisqa muddatda o’z mahsulotlari bilan peshqadam korxonalardan biriga aylandi.

O’tgan yili korxonaning 850 tonna mahsuloti xorijiy mamlakatlarga sotildi. Chet el sarmoyasining kiritilishi esa korxona iqtisodiy qudratini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

– Korxonamiz yaqin kelajakda yanada yuksak salohiyatga ega bo’ladi, – deydi Gulg’uncha Karimova. – Ip yigirish fabrikasi ham ishga tushadi. Uning keng, yorug’, shinam sexlariga Xitoy, Shveysariya, Italiya mamlakatlaridan keltirilgan eng zamonaviy dastgohlar o’rnatiladi. Ishlab chiqarish hajmi yanada oshadi.

Shu o’rinda yana bir misol: «Xonqa rayoni hududidamaishiy xizmat ko’rsatish uylari mavjud. Ammo barcha joydagi qiyinchiliklar u yerlarda ham istagancha borAncha muammolar maishiy xizmat xodimlariga ro’baro’ turibdi. Ta`minot juda qoniqarsiz. Masalan, tikuvchilik atelyelarida mijozlar ki­yimlik yoki tayyor kiyim topolmay qiynalishlari tayin. Uy-ro’zg’or buyumlarini tuzatuvchi ustalar ehtiyot qismlar topolmay xunoblar. Sartaroshlar uchun zarur vositalar bahosi osmonda»

«Sabr tagi oltinmi?» sarlavhali maqoladan. «Xorazm haqiqati» gazetasi. 1991 yil 9 yanvar.

Viloyatda mahalliy xom­ashyoni qayta ishlab, ulardan sifatli, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlayotgan korxonalarning soni tobora oshmoqda. Shuningdek, bugungi kunda nafaqat viloyat markazida, balki   qishloqlarda ham yirik sanoat korxonalari samarali faoliyat yuritmoqda.

Shovot tumanida joylashgan «Shovot tex» mas`uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan ip-kalavalar respublikamizning ichki bozori bilan birga Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Polsha kabi qator davlatlarga ham eksport qilinmoqda.

Shu paytgacha viloyatda sanoat sohasida, asosan, yengil sanoat hisobidan o’sish kuzatilar edi. Endilikda hududda mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, elektrotexnika tovarlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi tarmoqlarni rivojlantirish uchun ham imkoniyatlar yaratildi. Bugungi kunda viloyatda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining 31 foizi mashinasozlik va metalni qayta ishlash sohasiga, 27,2 foizi yengil sanoat, 17,7 foizi oziq-ovqat sanoati va 16,6 foizi boshqa tarmoqlar hissasiga to’g’ri kelmoqda.

«GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyatining Xorazm filiali tomonidan o’tgan yil yakuni bo’yicha 49 ming «Damas», 2 ming 984 «Orlando» va 1 ming 431 «Labo» avtomobili ishlab chiqarildi. «UzXMG» qo’shma korxonasi tomonidan 233 qishloq xo’jalik texnikaci, jumladan, 149 ekskavator, 72 buldozer va 12 yuk ortgich texnikaci ishlab chiqarildi. Mahalliylashtirish dasturi ijrosi doirasida Xiva tumanidagi «Xiva maishiy texnika» korxonasida 1 ming 200 muzlatkich va sovitkich ishlab chiqarildi. Bularning barchasi viloyatning sanoat salohiyati tobora yuksalib borayotganidan dalolatdir.

Haqiqatga aylangan ertak

Bolaligimizdan hammamiz ertak eshitib katta bo’lganmiz. Mana ulardan yana biri: «Qush uchsa qanoti, odam yursa oyog’i kuyadigan sahroda uzoqdan tillarang naqshlari yaltirayotgan shahar ko’ringanday bo’ladi. Bir qarashda ko’zlaringiz bunga ishonmaydi, cho’l havosi boshingizni aylantirib navbatdagi ko’lankaga duch kelgandek tuyuladi. Ammo unga yaqinlashganingiz sayin shaharning ko’rku tarovati ochilib, ro’parangizda insonning bu­n­­­yodkorlik qudrati bilan yaralgan azim Xiva gavdalanadi…»

 

Bu ertaknamo shaharga qadam qo’ygan har qanday sayyohning beixtiyor ana shunday bolalik xotiralari uyg’ongandek bo’ladi. O’sha beg’ubor damlardagi tasavvurlari haqiqatga aylanganini ko’rib hayratlanadi. Tush emasmikin degan xayolda obidalar koshinlariga qo’l tekkizib ko’radi.

Xorazm viloyati ulkan iqtisodiy hamda ma`naviy mavqega ega bo’lgan, fan, madaniyat, ijod, ilm-ziyo yuksak ravnaq topgan eng qadimiy tarix va o’ziga xos madaniyatga ega hududlarimizdan biridir.

Xalqimiz ma`naviyatining noyob yodgorligi bo’lgan «Aves­to» kitobi ham Xorazm tuprog’ida yaratilgan. Asrlar davomida Xorazm zaminidan yetishib chiqqan allomalar ham o’z navbatida insoniyat sivilizatsiyasiga munosib hissa qo’shgan.

Bugun viloyatda saqlanib qolgan tarixiy obidalar O’zbekiston javohirlari sanaladi. Viloyatda 256 ta madaniy meros ob`ekti mavjud. Ularning 18   tasi arxeologiya, 134 tasi arxitektura, 66 tasi haykaltaroshlik yodgorliklari, 6 tasi diqqatga sazovor joylar va 32 tasi muqaddas qadamjo-ziyoratgohlardir. «Osmon ostidagi muzey» nomi bilan mashhur Xiva «Ichan qal`asi»ning umumiy maydoni 27 gektarni tashkil etib, unda saqlanib qolgan yuzdan ziyod tarixiy obidalar majmuasi YuNYeSKOning Jahon madaniyati merosi ro’yxatiga kiritilgan.

Mustaqillik yillarida Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800, Xorazm Ma`mun Akademiyasining 1000, Xiva shahrining 2500, «Avesto» muqaddas kitobining 2700 yillik yubileylari tantanali ravishda nishonlandi. Bularning bari vohaning sayyohlik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda, shu jumladan, Xorazmda o’tgan 25 yil davomida erishilgan yutuqlar o’zining olamshumulligi bilan kishi qalbida faxr-iftixor uyg’otadi. Ayni kunda voha ahli ana shunday inju tuyg’ular og’ushida yashamoqda. Buni hayotga dadil qadamlar bilan kirib kelayotgan xorazmlik yoshlarning yoniq ko’zlarida, «janlimisiz», deya mulozamat ko’rsatadigan ochiq chehra odamlarning mamnun qiyofalarida ko’rish, his qilish mumkin.

 

Dilrabo Kuryazova,

Fuqarolik jamiyati

shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Xorazm viloyati hududiy bo’linmasi yetakchi mutaxassisijurnalist

Teglar:

Foydali havolalar