(Кириллча) Ўзбекистон мева ва сабзавот экспортининг асосий улуши Қозоғистон ҳиссасига тўғри келди.

(Кириллча) Ўзбекистондан шу кунгача 778 миллион долларлик мева-сабзавот четга экспорт қилинди.

(Кириллча) Тошкент метрополитенининг устки қисмида хизмат олиб бораётган Ички ишлар ходимларининг назорат пости олиб ташланди. Бу ҳақда Ички ишлар вазирлиги матбуот хизмати хабар бермоқда.

(Кириллча) Ўзбекистонда ишлаб чиқариладиган пахта ёғи учун акциз солиғи ундирилмайди.

(Кириллча) Жорий йилнинг 24 ноябрь куни мамлакатимизда илк бор «DevFest» – Google Developers Group (GDG) дастурчилар халқаро фестивали бўлиб ўтади.

«Iqtisodiyotimizning barqarorlashuvida Jizzax ­viloyatining katta ­hissasi, ­munosib o‘rni bor»

  • 1799
  • 1799
Jamiyat
Dekabr03/ 2016

Bundan o’ttiz yil burun ­Jizzax viloyati ko’p o’tmay sayyohlarning sevimli maskaniga aylanadi, desa ko’pchilik ishonmas edi. Zero, o’sha yillarda Jizzax deganda odamlarning ko’z oldiga faqat paxta dalalari, bepoyon Mirzacho’l kelardi.

Bugun esa Jizzax shahrini kezar ekansiz, qo’llarida fotoapparat ko’tarib olgan sayyohlarga tez-tez duch kelasiz. Ayniqsa, Zomin, Forish, Baxmal va boshqa tumanlari mahalliy va xorijiy sayyohlarning sevimli maskaniga aylangan. Bu yerlarda hordiq chiqarish, hududning go’zal tabiatidan bahra olish, shaharning diqqatga sazovor joylarini sayr qilish odamga bir olam zavq beradi.

Go’zallikni bunyodkor

qo’llar yaratadi

O’zbekiston Respublikasining Birinchi ­Prezidenti Islom Karimovning 2013 yil 19 iyun kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog’ida hududda ishlab chiqarishni kengaytirish, yengil sanoat sohasini rivojlantirish va yangi ish o’rinlari yaratish hisobidan paxta tolasini qayta ishlashga ixtisoslashgan loyihalarni ko’paytirish, viloyat markazi qiyofasini tubdan o’zgartirish va irrigatsiya tarmoqlarini yanada yaxshilash bo’yicha bergan tavsiyalari asosida shaharning bosh rejasi qayta ko’rib chiqildi.

Jizzax shahrining Mustaqillik ko’chasi 50 metrgacha kengaytirilib, pastqam va ko’rimsiz binolar o’rnida 34 ta ko’p qavatli, ko’rkam uy-joylar qad rostladi. Hozirga qadar 17 kilometr avtomobil yo’li yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.  Shahardagi uchta yirik bozorda qayta qurish va rekons­truksiya ishlari amalga oshirilib, sotuvchi va xaridorlar uchun qulay muhit yaratildi. Qadimiy Ko’kbozor o’rnida ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklidagi yangi «Markaziy dehqon bozori» barpo etildi. Bozorning 5 ming 400 kvadrat metr savdo maydoniga ega qishloq xo’jalik mahsulotlari pavilonida 1 ming 152 savdo o’rni tashkil etildi.

Sobiq tuzum davrida qurilgan, shahar ekologiyasiga katta zarar keltirgan ohak zavodi shahar tashqarisiga ko’chirilib, uning o’rnida yashil hudud, bog’ va gulzor tashkil qilindi. Tashlandiq yer o’zlashtirilib, Navro’zbuloq bolalar bog’i barpo etildi. O’tgan yili to’rt gektar maydonda Keksalar bog’i dam olish maskani qurildi. Istiqlol bolalar bog’i, Hamid Olimjon xiyobonida keng ko’lamli qurilish-rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari bajarildi.

…Bir suhbatda «Jizzax shahrini  shahar qiyofasida ko’rgim keladi» – degan edi shahar ijroiya komitetining sobiq raisi  Ahmad Soatovich xo’rsinib… To’g’risini aytish kerak, Jizzax shahri qiyofasi ko’pgina viloyat markazlari, rivojlangan shaharlarga nisbatan ko’pgina sohalarda orqada… Bunga asosiy sabab, juda ko’p yillar mobaynida… shahar obodonchiligiga na mahalliy rahbarlarimiz, na yuqori rahbarlarimiz deyarli e`tibor berishmadi. Rahbarlarimiz paxta yakkahokimligi hukm surgan paytlarda  paxtadan yuqori hosil olganliklarini pesh qilib mag’rurlanib yuraverishdi. Xalqning turmush sharoiti bilan, uning ijtimoiy talablari bilan qiziqishmadi.

«Rais nega xo’rsindi?» sarlavhali maqoladan. H.Mahmudov, «Sirdaryo haqiqati» gazetasi. 1990 yil 11 yanvar.

Bugun jizzaxliklarning ana shu orzulari ro’yobga chiqayotir. Xo’rsinishlari g’ururga almashayotir. Birgina «Orom» favvoralar majmuasi, Bog’ishamol, Sangzorko’l dam olish maskanlari, Istiqlol bolalar bog’i, Forum majmuasi, Favvoralar xiyobonini ko’rib bunga yana bir karra amin bo’lasiz. Ayni kunda bu joylar shaharliklar va mehmonlar sayr qiladigan, hordiq chiqaradigan bahavo go’shaga aylandi. Umumiy maydoni 65,8 gektar bo’lgan «Yoshlar shaharchasi»dagi Yoshlar sayilgohi, Yoshlar bog’i, Yoshlar markazi, shuningdek, «O’rda» yoshlar ekologik bog’i ham yoshlarning sevimli maskani bo’ldi.

O’tgan yili Navoiy va Mustaqillik ko’chalari oralig’ida barpo etilgan istirohat bog’i ko’rkamligi bilan tashrif buyuruvchilarni maftun etmoqda. Keyingi ikki yilda Jizzax shahrida 17 yangi xiyobon barpo etildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, sanoat, qishloq xo’jaligi va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yilning 16 sentyabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog’ida yana bir bor viloyatda olib borilayotgan ishlarga e`tibor qaratdi.  Jizzax viloyati faollari bilan bo’lib o’tgan yig’ilishda davlatimizning Birinchi ­Prezidenti­ ­Islom ­Karimovning Vatanimiz ozodligi, yurt ravnaqi, tinchligini ta`minlash borasidagi faoliyati, beqiyos xizmatlari alohida qayd etildi. Xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan bu buyuk siymoning hayot yo’li bugungi va kelajak avlod uchun ibrat maktabi vazifasini o’tashi ta`kidlandi. So’nggi chorak asr mobaynida erishilgan olamshumul yutuqlarimiz ko’lamini yanada oshirish barchamizning burchimiz ekaniga alohida urg’u berildi.

Maxsus iqtisodiy

Makon

Bugungi kunga kelib Jizzax deganda ko’pchilikning ko’z o’ngida iqtisodiy jihatdan yuksalayotgan, sanoatlashayotgan viloyat gavdalanishi shubhasiz. Raqamlarga murojaat qiladigan bo’lsak, 2016 yilning birinchi yarmida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 9,5 foizga o’sdi. Sanoatda 13,7, qishloq xo’jaligida 5,6, qurilishda 12,8, chakana savdo aylanmasida 14,2 foiz o’sishga erishildi.  Albatta, bu jarayonda qabul qilingan farmon va qarorlarning ahamiyati katta bo’lmoqda. Masalan, davlatimizning Birinchi Prezidentining 2013 yil 18 mart­dagi «Jizzax» maxsus industrial zonasini barpo etish to’g’risida»gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, tadbirkorlik sub`ektlari uchun yaratilgan qulaylik va imtiyozlar mahsulot eksportini ko’paytirishga xizmat qilmoqda. Mazkur farmonga muvofiq Jizzax shahridan 364 gektar, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidan 150 gektar yer maydoni ajratilib, «Jizzax» maxsus industrial zonasi tashkil etilishi hudud iqtisodiy rivoji va aholi bandligini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

«Jizzax» maxsus industrial zonasida xorijiy investitsiyalar ishtirokida jami qiymati 158,2 million dollar bo’lgan 24 yirik sanoat loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni payt­gacha 63,6 million dollarlik 21 ta loyiha ishga tushirildi. Jumladan, «Auto Pad Systems» qo’shma korxonasida yiliga 520 ming dona tormoz kolodkalari, «Roison Home White Goods» qo’shma korxonasida yiliga 650 ming­ta televizor, muzlatkich, elektr pechi va kir yuvish mashinasi kabi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi.

Maxsus industrial zona korxonalarida hozirgacha 1100 dan ortiq yangi ish o’rni tashkil etildi. Uning 60 foizdan ortig’iga kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari qabul qilindi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozorni ta`minlab, xorijga ham eksport qilinayotir.

Ayniqsa, mazkur hududda 14 korxonada o’tgan yili 102 milliard so’mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 6,4 million dollarlik tovar eksport qilindi. Ishlab chiqarish, transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini shakl­lantirish maqsadida qariyb 84 milliard so’m hajmidagi kapital mablag’lar o’zlashtirildi. Ushbu industrial zonaga olib boruvchi 12 kilometrlik tashqi yo’llar rekons­truksiyasi yakunlandi. 5,7 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi va 8 kilometr gaz tarmog’i qurildi, energiya ta`minotini yaxshilash maqsadida 2 taqsimlovchi punkt va 4,6 kilometrlik elektr tarmog’i qurilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 7 kilometr­lik ichki yo’llar qurilishi va rekonstruksiyasi oxiriga yetkaziladi.

Shovullagan bog’lar

bolga  kirdi

Shu kunlarda Jizzaxning qishloqlariga qadam ranjida qilgan  kishi ajib manzaraning guvohi bo’ladi. To’kin-sochinlik, dorilamonlik va yaratuvchanlik ishlaridan ko’zi quvonib, hayrati oshadi. Viloyatda qishloq xo’jaligini rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ham yuksak samaralar berib, bundan shaharu qishloqlarda istiqomat qilayotganlar birdek bahramand bo’lmoqda. Zero, so’nggi 10 yilda viloyatda 1,7 ming, jumladan, qoramolchilik yo’nalishida 484, parrandachilikda 533, baliqchilikda 319, asal­arichilik yo’nalishida 623 loyiha amalga oshirildi.

Qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlashga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Ke­yingi 8 yilda 15 go’sht, 37 sut, 23 meva-sabzavot, 2 jun va 2 ta terini qayta ishlash korxonasi ishga tushirildi. 30 ta zamonaviy muzlatkichli omborxona barpo etildi.

– Bir paytlar Mirzacho’lni «Qush uchsa qanoti, odam yursa oyog’i kuyadigan cho’l», deb atashardi, – deydi O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan qishloq xo’jaligi xodimi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Tinchlik Berdibekov. – Hozir ko’rsangiz havas qilasiz. Bog’u rog’larni sayr qilib, qurilayotgan zamonaviy inshootlarni,  istiqlol yaratib bergan imkoniyatlarni ko’rib faxr etasiz. Mustaqillik sharofati bilan men ham dastlab fermerlik boshlangan yillarda yer olib, dehqonchilik qildim. Bugungi kunda xo’jaligimizning yeri 42 gektarga yetdi. Ikki o’g’limga fermerlikni o’rgatayapman. Xullas, mehnatning tagi rohat, deganlari rost ekan. Yurtda obro’-e`tibor qozondim. Bilganlarimni yoshlarga o’rgatayapman. Bularning barchasi erkinlik, o’z yerlarimizga o’zimiz ega bo’lganimiz, bir so’z bilan aytganda, Mustaqillik sharofatidir.

«Keyingi 25 yilda paxta narxi ikki barobar oshgan. Biroq unga qaraganda texnika, o’g’it, yonilg’i, ximiyaviy moddalarning narxi ko’p marotaba qimmatlashdi. Shuning uchun ham paxtakorning biri ikki bo’lmayapti, turmush sharoiti unchalik yaxshilanib ketmayapti.»

«Dehqonning kosasi qachon oqaradi?» sarlavhali maqoladan ­B.Muhammadiyev, «Sirdaryo haqiqati» gazetasi 1990 yil 16 yanvar.

Bir vaqtlar jizzaxliklarning ana shunday ayanchli hayoti bugun o’tmishda qolib ketdi. Qaddi ko’tarilib, mulk­dor bo’ldi, islohotlarni, bun­yodkorlikni harakatga keltiruvchi katta kuchga aylandi.

—         Avvalo Mustaqillik bizga erkin va farovon hayotni berdi, – deydi «Delfin ovozi» xususiy korxonasi rahbari Shomirza Turg’unov. – Har bir inson o’zi xohlagan kasb-korni qilayapti. Ayniqsa, tadbirkorlarga keng yo’l ochib berildi. 2011 yilda xo’jaligimizni tashkil etdik. Ba`zi odamlar «Bekor ochibsan, baliqchilik qiyin soha, mashaqqati ko’p, boshqa ish qilganing ma`qul», deb yo’ldan qaytarmoqchi bo’ldi. Inson o’z mehnati, aqlu farosati bilan qiyinchiliklarni yengar ekan. Mana biz o’tgan yili aholi dasturxoniga 6 tonna baliq yetkazib berdik. Joriy yilda 8 tonnalik marrani ko’zlayapmiz.

Aleksandr

qoyil qoldi

Istiqlol tufayli Jizzax viloyatining eng katta tumanlaridan biri bo’lgan Mirzacho’l ham tom ma`noda ulkan o’zgarishlarga yuz tutdi. Fallachilik, meva-sabzavotchilik, polizchilik kabi qishloq xo’jaligi sohalari taraqqiy etdi. Bugun tumanda yetishtirilayotgan paxta va g’alla nafaqat viloyat, balki respublika xirmoniga munosib ulush bo’lib qo’shilmoqda. Mirzacho’l qovunini yurtimizning barcha hududlarida, hatto xorijda ham yaxshi bilishadi. Ayni paytda shirindan-shirin meva-sabzavotlar xorijlik xaridorlar e`tiborini tortmoqda. Ayniqsa, yaqinda poytaxtimizda bo’lib o’tgan xalqaro meva-sabzavot yarmarkasidan so’ng chet elliklarning Jizzax viloyatiga, xususan, Mirzacho’lga tashrifi odatiy tus oldi.

 

– O’zbekiston xalqiga havasim keladi, – deydi «Magnit» va «Agrolayn» savdo kompaniyasining ijrochi direktori (Rossiya) Aleksandr Vinevskiy. – Chunki dunyodagi eng shirin meva-sabzavotni hil-hil pishib turgan paytida iste`mol qilish imkoniyatiga egasiz. Hozirda yurtingizda meva-sabzavot hamda poliz mahsulotlari yetishtirish yanada ko’payayotgani, standartlash, saqlash, xorijga yetkazib berishning qulay vosita va tartiblari joriy etilayotgani bizni quvontiradi. Chunki bu bizga sifatli mahsulotlarni xarid qilish imkonini bermoqda. Men bilan birga «Magnit» savdo kompaniyasining menejeri Vitaliy Chuprina ham kelgan. Kompaniyalarimiz Rossiyadagi barcha savdo tarmoqlarini meva-sabzavot hamda poliz mahsulotlari bilan ta`minlaydi. Rossiya qishloq xo’jaligi vazirligi bilan hamkorlikda RFning turli hududlarida 30 ta logistika markazini tashkil etish  choralarini ko’rayapmiz. Hamkorligimiz har ikkala tomon uchun foydali bo’lishiga aminman. Mendan bu yerda qaysi qishloq xo’jaligi mahsuloti yoqdi, deb so’rashganda, hech ikkinlanmay «Mirzacho’l qovuni» deb javob beraman.

Mirzacho’l tuman qishloq va suv xo’jaligi bo’limidan olingan ma`lumotga ko’ra, 800 gektar maydonda Aleksandrga yoqqan poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda. 200 gektarlik olma, o’rik, olxo’ri, nok, shaftoli, gilos kabi mevali bog’lar ham mavjud.

Baxti

kulgan ayollar

Afsuski, rayon (Mirzacho’l tumani)dagi… fermalar kapital remontga muhtoj. Chunki deraza oynalari, shiferlar singan, lotoklar axlatga to’lib qolgan. Suv oqadigan quvurlar butunlay chirib, ishdan chiqqan… Sutdan chiqqan buzoqlar ham nochor. So’nggi oyda 12 ta sigir bola tashlagan… Yil davomida 325 bosh buzoq olish planlashtirilgan. Amalda u 130 boshga yetgan. Sigirlar trixomanoz bilan kasallangan ekan.

«Fermalarda ahvol chatoq» sarlavhali maqoladan. I.Mamarasulov, Oblast agrosanoat uyushmasining yetakchi mutaxassisi, S.Norboyev. «Sirdaryo haqiqati»ning muxbiri. «Sirdaryo haqiqati» gazetasi. 1990 yil 10 yanvar.

Mirzacho’l tumani markazida yashovchi ishbilarmon Jamila Rajabovaga bugun ko’pchilikning havasi keladi. U 2011 yilda chorvachilik bilan shug’ullana boshladi. Xuddi shu yili Aydarko’l hududidan 600 gektarlik havza olib, baliqchilik xo’jaligi faoliyatini yo’lga qo’ydi. Ko’l bo’yida 300 gektar yaylovi bor. Unda 60 ta yirik shoxli chorva mollari o’tlayapti. Tadbirkor go’sht sotish bilan birga har yili ko’ldan o’rtacha 17 tonna baliq ovlab, ichki bozorga chiqaradi. Ishbilarmon ayol erishgan marralari bilan cheklanib qolmoqchi emas. Ayni vaqtda sun`iy havza qurib, yana bir baliqchilik xo’jaligi faoliyatini yo’lga qo’yish ustida ish olib borayotir.

—         Mamlakatimiz Birinchi Prezidentidan benihoya minnatdorman, – deydi u. – U kishi tadbirkorlikka keng yo’l ochmaganida, xotin-qizlarga e`tibor qaratmaganida, hozir uyda nima qilishimni bilmay o’tirarmidim…

Jizzax xal­qi azaldan mehnatkash, samimiy, iqtisodiyotda, dehqonchilik va boshqa sohalarda yangilik yaratishga intiluvchi hamdir. Ana shunday mehnat bilan jizzaxliklar mamlakatimiz iqtisodiyotiga, uning yuksalishiga o’zining munosib hissasini qo’shib kelmoqda. O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta`kidlaganidek, jamiyatda tarkib topayotgan yangicha munosabatlar asosida iqtisodiyotimizning barqarorlashuvida Jizzax viloyatining katta hissasi, munosib o’rni bor.

 

Rufat NE`MATOV,

«Jamiyat» muxbiri

Teglar:

Foydali havolalar