(Кириллча) Ўзбекистон мева ва сабзавот экспортининг асосий улуши Қозоғистон ҳиссасига тўғри келди.

(Кириллча) Ўзбекистондан шу кунгача 778 миллион долларлик мева-сабзавот четга экспорт қилинди.

(Кириллча) Тошкент метрополитенининг устки қисмида хизмат олиб бораётган Ички ишлар ходимларининг назорат пости олиб ташланди. Бу ҳақда Ички ишлар вазирлиги матбуот хизмати хабар бермоқда.

(Кириллча) Ўзбекистонда ишлаб чиқариладиган пахта ёғи учун акциз солиғи ундирилмайди.

(Кириллча) Жорий йилнинг 24 ноябрь куни мамлакатимизда илк бор «DevFest» – Google Developers Group (GDG) дастурчилар халқаро фестивали бўлиб ўтади.

Ota bolasini yuragiga ko‘madi

  • 1912
  • 1912
Jamiyat
Dekabr14/ 2016

Sotim xo’jalikda oddiy hisobchi edi. Rahbar almashgach, uni ombor mudiri etib tayinladi. Mudir bo’lgach, oshna-og’aynilari ko’paydi. Shu orada qo’chqorday o’g’illi bo’ldi. Ombor deganlari katta kon ekan. Pichog’ing moy ustida. Sotimning mo’may daromadi ko’paygach, eski «Moskvich»i yangi «Jiguli»ga aylandi.

Bu dunyoda mansabing bo’lsin ekan. Sotim egniga eski kurtka kiyib, yelkasini qisib, cho’tini shaqillatib yurganda unga salom beruvchilar sanoqli edi. Mansabga o’tirdiyu, hamma unga xushomad qila boshladi. Kerakli paytda rais ham u bilan yaxshi gapiradigan bo’ldi. Puli ko’paygan sari odamlar bilan muomalasi ham, yurish-turishi ham o’zgardi. Oradan 3-4 yil o’tib, uni xo’jalikning bosh hisobchisi etib tayinlashdi.
Sotim ulfatchilikni yaxshi ko’rardi. Mansabi oshgach, kimsan, xo’jalikning bosh hisobchisini bir piyola choyga taklif etuvchilar ham ko’paydi. Ko’pincha o’tirishlarga besh yashar yakkayu yolg’iz o’g’lini ham olib boradigan bo’ldi. Yuzlari yumaloq, to’lachadan kelgan Boboali sho’x-shodon, tinib-tinchimas bola edi. Ayniqsa, ishtahasiga gap yo’q. Bir-ikkita og’aynisi yosh bolani bunday davralarga olib kelish yaxshi emasligini aytganda unga yoqmadi. Kimsan, bosh hisobchiga aql o’rgatgani uchun koyib berdi. Qolaversa, mehmondorchilikka kimni olib borishi uning shaxsiy ishi. Ota mening davrimda o’g’lim yayrab o’ynab qolsin, deb o’ylar, buning qanday oqibatlarga olib kelishi tushiga ham kirmas edi.
Ana shunday davralarning birida Sotim mast bo’lib qoldi. Shishani bir ko’tarishda yarmigacha sipqorib, davraning bir burchagida o’tirgan xo’jalikda iqtisodchi bo’lib ishlaydigan, kasalligi tufayli ichmaydigan Azimga qarab so’z qotdi.
– Azimboy, aroqni yigitning guli ichadi, endi bu dunyoga kelgandan so’ng kayfu safo qilib qolish kerak-da. Yurmasang, ichmasang, chekmasang, nima qilasan yashab?
– Bizga to’g’ri kelmaydida, bug’altir bova. Sog’lig’im yaxshi emas, bilasizku, ko’p vaqtdan beri davolanib yuribman. Ichkilik hech kimga yaxshilik keltirmagan…
– Bu ayollarning gapi bo’ldi, ukam. To’qsonga kirib kayfini surib yurganlar qancha. O’laman degan odam ichmasayam o’lib ketaveradi. Aroq bu – shifo. Bitta piyolani to’ldirib ichgin, otday bo’lib ketmasang, men kafil.
– Icholmayman, ilojim yo’q. Shu ahvolga tushishim ham aslida mana shu kasofat aroqning dastidan. Shuning uchun qancha ulfatlarimdan voz kechib yubordim.
Sotimniki tutib ketdi. Shishani oldi-da, yarim piyola aroq quyib, o’g’lining oldiga qo’ydi. «Mana shu bolacha bo’lolmaysanmi? – dedi Azimga qarab. – Hozir bizning polvon mana shu aroqni bir ko’tarishda sipqoradi. Toy bola-da bu, haqiqiy erkak. Qani, o’g’lim, akangizga ichish qanday bo’lishini bir ko’rsatib qo’ying!»
Boboali aroqni qo’liga olib, otasiga qaradi. Sotim imo qilgach, ko’zini yumib, ichib yubordi. Ulfatlar qiyqirib, qarsak chalishdi. Azim mulzam bo’lib qoldi. Boboali qoyil qildimmi deganday hammaga mamnun qarab qo’ydi. Ulfatlar endi Boboali kelmasa, o’tirish bo’lmasligini e`lon qildi. To’y bo’lmagan kunning o’zi yo’q edi.
Sotim o’zida yo’q baxtli edi. Mansabi oshdi, o’g’li o’ynab-kulib ulg’aymoqda. Dang’illama uy soldi. «Jiguli»ni «Volga»ga almashtirdi. Ammo shunday masrur kunlarning birida boshiga kulfat tushib qoldi. Erkatoyi, merosxo’ri, dilbandi Boboali kasal bo’lib yotib qoldi. Otaning ko’ziga dunyo qorong’u bo’lib ketdi. Eng zo’r shifokorlarni topib tekshirtirdi. Ammo o’g’lining ahvoli kun sayin og’irlasha bordi. Do’sti Muhammad Toshkentda zo’r professor borligini aytib, olib borishni maslahat berdi.
Professor bolani uzoq tekshirdi. Ertaga kelishlarini aytib, indamay tashqariga chiqib ketdi. Ertasiga professorning xonasiga kirganda u qandaydir analiz qog’ozlarini ko’rib o’tirardi. Salom-alikdan so’ng Sotimga yuzlanib so’radi:
– O’g’lingiz spirtli ichimlik icharmidi?
Sotimning tili kalimaga kelmay qoldi. Aytay desa, aytolmaydi, aytmay desa, shifokordan aybni yashirish yaxshilikka olib kelmaydi.
– Oz-oz ichar ekan, lekin biz buni bilmaganmiz, – dedi tutilib.
– Nahotki olti yashar o’g’lingiz aroq ichadiyu, siz bexabar bo’lsangiz. Odam ham shunchalik beparvo bo’ladimi?
– Ish bilan bo’lib, vaqt topolmasdim-da. Endi e`tiborli bo’laman, tuzalib ketsa, sport bilan shug’ullantiraman.
– O’g’lingizning organizmi yosh bo’lgani uchun spirtli ichimlik unga juda yomon ta`sir qilgan, – dedi professor uning gaplarini eshitmaganday. – Organizm o’sish jarayonida bo’lgan. Bunday davrda har qanday spirtli ichimlik organizmni o’sishdan, keyinchalik faoliyatdan to’xtatadi.
– Tuzalib ketarmikan, Nima kerak bo’lsa muhayyo qilaman, pul kerakmi, dori kerakmi…
– Biror gap aytishga ojizman. Faqat sut-qatiq, parhez taomlar berib ko’ringlarchi, balki…
Sotimning ko’z oldi qorong’ulashib ketdi. Professorga minnatdorlik bildirib, o’g’lini olib qishlog’iga qaytdi.
Bosh hisobchi qilgan qilmishi uchun ming pushaymon bo’lib, Yaratganga iltijolar qildi, o’g’liga umr so’radi. Biroq butun tanasi «zahri qotil» ta`sirida qurib qolgan norasidaning tuzalishga kuchi yetmadi. Oradan bir-ikki oy o’tib, otaning qo’lida jon berdi. Ichishning oqibatini ko’rsatib ketdi.
Bolasini tuproqqa topshirgan Sotimga hayotning qizig’i qolmagan edi. Ichkilikka battar ruju qo’yib, telbanamo bo’lib qoldi. Hamma undan o’zini olib qochadigan bo’ldi. Bu orada bor-yo’g’idan ajraldi, mansabidan, ishidan ketdi. Afsus-nadomat bilan bir yilcha yashay oldi, xolos. Ota bolasini yuragiga ko’madi, deb shunga aytsa kerak-da.

Obiddin MAHMUDOV

Teglar:

Foydali havolalar