(Кириллча) Ўзбекистон мева ва сабзавот экспортининг асосий улуши Қозоғистон ҳиссасига тўғри келди.

(Кириллча) Ўзбекистондан шу кунгача 778 миллион долларлик мева-сабзавот четга экспорт қилинди.

(Кириллча) Тошкент метрополитенининг устки қисмида хизмат олиб бораётган Ички ишлар ходимларининг назорат пости олиб ташланди. Бу ҳақда Ички ишлар вазирлиги матбуот хизмати хабар бермоқда.

(Кириллча) Ўзбекистонда ишлаб чиқариладиган пахта ёғи учун акциз солиғи ундирилмайди.

(Кириллча) Жорий йилнинг 24 ноябрь куни мамлакатимизда илк бор «DevFest» – Google Developers Group (GDG) дастурчилар халқаро фестивали бўлиб ўтади.

Kimning xatosi ko‘p?

  • 1972
  • 1972
Jamiyat
Dekabr28/ 2016

Safar bobo mahalla idorasi tomon ketarkan, «tez yetib kelmasangiz bo’lmaydi», deb chaqirganiga qaraganda yana kimningdir uyida janjal bo’lgan chog’i, deb o’yladi. O’tgan oyda Oybek do’konchining o’g’li va kelinini yarashtirib qo’ygandan so’ng boshqa bunday masalada chaqirilmagan edi. Fuqarolar yig’ini binosi yonida to’planib turgan odamlarni ko’rib, o’ylagani to’g’ri ekanini fahmladi.

 

 

Ko’rinishidan oltmishlardan oshgan, qip-qizil yuziga shop mo’ylovi ajib salobat baxsh etib turgan mahalla raisi oqsoqolni ichkariga taklif qildi. Safar bobo kirishi bilan o’zaro janjalni to’xtatmayotgan Hasan bilan Sanobar birdan jim bo’lib qoldi. Yerga qarab bir-bir salom berdi. Otaxon moshguruch soqolini barmoqlari bilan tararkan, yig’ilganlarga ko’z tashladi. Keyin bosiqlik bilan vaziyatni o’rgandi. Ma`lum bo’lishicha, oila qurganiga olti yildan oshgan kelin-kuyovning gap-so’zi, dunyoqarashi bir-biriga umuman to’g’ri kelmasmish. Bir-biri bilan sevishib turmush qurgan ikki yoshning besh-olti yil o’tib, bunday o’zgarib qolishi Safar bobo uchun yangilik emas. U hammani jim eshitdi.

– Eh, bolalarim-a, bunchalik kalta o’ylamasalaring, – dedi nuroniy bosh silkib. – Oilaning qanchalik muqaddasligini nahotki anglab yetmasalaring. Arzimagan tushunmovchilik, kichik muammo shunday go’zal oilani buzishga, butun boshli qo’rg’onni vayron etishga, orzu-havas, niyatlaringizni barbod qilishga arziydimi? Hech bo’lmasa, ota-onangizning, mahallaning sha`ni, obro’sini o’ylang. Buning ustiga, hali maktabga ham chiqmagan shiringina qizingiz bor ekan. Uning tarbiyasini kim bo’yniga oladi?

– O’zim tarbiya qilaman, qizimni, – gapni bo’ldi ayol. – Mubinamni hech kimga bermayman. Siz ham ko’p nasihat qilib boshimizni qotirmang, baribir bu kishi bilan yashamayman. Ana, o’zlari ham javobimni berishga zor bo’lib o’tiribdi.

Shundan so’ng ayol erini yomondan olib yomonga soldi. Uning har kuni arzimagan narsadan janjal chiqarishi, kam pul topishidan tortib, oilasiga bosh bo’la olmayotganigacha rosa javradi. Oxiri javobimni bersayam, bermasayam ketaman, deb turib oldi. Yigit ham undan qolishmay gap qaytarar, ularning janjalini tinglab Safar boboning tobora ensasi qotardi. Nihoyat ularni amallab to’xtatdi-da, shunday dedi.

– Hozir bir ish qilamiz. Ikkingiz ham ikki varaqdan oq qog’oz olasiz va bir-biringizning kamchiligingizni unga tushirasiz, ke­yin o’tirib, ularni bafurja muhokama qilamiz. Qani kimning xatosi ko’p ekan?

Bu fikr ikkoviga ham ma`qul tushib ikki xonaga bo’linishdi. Otaxon ularning yozib bo’lishini kuta boshladi. Ko’p o’tmay bir varaq qog’ozni to’ldirib Hasan chiqib keldi. Safar ota unga achinganday tikilib, jahl bilan so’z qotdi.

– O’tgan yili bir yigit senga o’xshab ajrashmoqchi bo’lib kelgandi. Ularga ham xuddi shunday topshiriq bergandim. Ammo yigit menga qarab, «Otaxon, ajrashishimizni xotinim istayapti. Men u haqida hech narsa demayman. Agar hozir ayolimning aybini aytib qo’ysamu, u bilan yarashadigan bo’lsam, o’z jufti halolimning xatosini oshkor qilgan, mabodo ajrashsam ham begona bir ayol haqida ig’vo qilgan bo’laman», deb javob bergandi. Sen esa shu ojizaga teng kelib o’tiribsanmi? Oilani asrash avvalo, erkakning vazifasi. Muqaddas kitoblarda erkak kishi oilaga rahbar qilinganining ikkita sababi keltiriladi. Birinchisi, Alloh taolo erkakni ayoldan afzal qilib yaratganidir. Ikkinchi sabab oila qurish va bu yo’ldagi barcha sarf-xarajatlar erkak kishi zimmasida ekanidir. Bunday rahbarlik ulkan mas`uliyatdir. Ushbu mas`uliyat erkak kishi zimmasiga oilaga, jumladan, ayolga homiylik qilish, uni boqish, muhofaza qilish vazifalarini yuklaydi. Shu ulug’ qadriyatni muqaddas tutgani tufayli xalqimiz doimo tinch-totuv va farovon yashab keladi. Ayolga qanchalik yaxshi gapirsang, uni yo’lga solishing shuncha oson bo’ladi.

Safar bobo shunday deb qo’lidagi yozuvli qog’ozni to’rt buklab yaktagiga yashirdi. Tortmadan yangi qog’oz olib Hasanning qo’liga berdi. Yigit ham aybini tushundi shekilli, ko’zlari yerga qadaldi, yuzi qizardi. Shu paytda qo’shni xonadan kelin chiqib, erinmay to’ldirilgan ikki varaq qog’ozni uzatdi.

– Mana, qolganini og’zaki aytaman, – dedi ko’zlari yoshlanib. Safar bobo qog’ozni olib, naridan-beri o’qigan bo’ldi-da, stol ustiga tashladi.

– Erimning yozgani qani? – dedi ayol Nuroniyga qarab. – Rosa ig’vo qilgandir o’ziyam.

– Yo’q, adashasiz, – dedi hoji bobo o’ychanlik bilan. – Turmush o’rtog’ingiz sizni juda yaxshi ko’rar ekan. Oldingizda urushgani, janjal qilib baqirgani bilan, sizni hech narsada aybdor deb bilmas, birorta kamchiligingizni aytib berolmas ekan. – Hasanning qo’lidagi qog’ozni olib ko’rsatarkan davom etdi. – Mana, hammasiga o’zim aybdorman, deb hech narsa yozmabdi. Shunday sadoqatli va suyukli eringiz bor ekanu, undan voz kechasizmi?

Sanobar bir muddat jim qotib qoldi. Bir boboning qo’lidagi qog’ozga, bir o’zi to’qib yozgan stol ustidagi varaqqa, bir jimgina bosh egib turgan eriga qaradi. Mahalla raisining sekingina tomoq qirganidan o’ziga keldi. Kipriklari pirpirab, ko’zlari namlandi. Yuzlari qizarib, ko’rsatkich barmog’ini tishladi. Shu tobda ko’nglida qandaydir tushuniksiz hislar mavjlanar, nima qilishni, nima deyishni bilmasdi.

Xona eshigi ochilib, katta yoshlardagi ayol, undan so’ng 4-5 yashar kichkina qizcha kirib keldi. Nabirasini bog’chadan olgan qaynona o’g’lining mahalla idorasiga chaqirilganini eshitib, uni to’g’ri shu yoqqa boshlab kelgandi. Qizcha yugurib kelib otasining oyog’idan quchoqlab oldi. Otasi uni bag’riga bosib o’parkan, eshik tomon yurdi. Ikki ayol ham uning ortidan beixtiyor ergashdi.

 

Bekzod IBRAGIMOV

Teglar:

Foydali havolalar