(Кириллча) Ўзбекистон мева ва сабзавот экспортининг асосий улуши Қозоғистон ҳиссасига тўғри келди.

(Кириллча) Ўзбекистондан шу кунгача 778 миллион долларлик мева-сабзавот четга экспорт қилинди.

(Кириллча) Тошкент метрополитенининг устки қисмида хизмат олиб бораётган Ички ишлар ходимларининг назорат пости олиб ташланди. Бу ҳақда Ички ишлар вазирлиги матбуот хизмати хабар бермоқда.

(Кириллча) Ўзбекистонда ишлаб чиқариладиган пахта ёғи учун акциз солиғи ундирилмайди.

(Кириллча) Жорий йилнинг 24 ноябрь куни мамлакатимизда илк бор «DevFest» – Google Developers Group (GDG) дастурчилар халқаро фестивали бўлиб ўтади.

Yurtni ulug‘ etgan ulug‘lar

Jamiyat
Dekabr30/ 2017

30 yanvar – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi
Prezidenti Islom Karimov tug‘ilgan kun

Istiqlolning ilk kunlari esingizdadir. O’sha damlarni ko’z oldimizga keltirganda, hanuz hayratlanamiz. Negaki, yosh mamlakatning iqtisodiyotini tiklash, aholining arziga quloq tutish, yillar davomida yig’ilgan tashvishu muammolarni bartaraf etish aytishgagina oson. Ana shunday og’ir vaziyatdan chiqib ketish, jar yoqasiga kelib qolgan iqtisodiyotning qaddini ko’tarish, O’zbekistonning manaman degan mamlakatlar qatoriga qo’shilishi – bularning barchasi Birinchi Prezidentimizning chinakam jasorati tufaylidir.
Yurtimizning bugungidek salohiyatga ega bo’lishida yana bir muhim jihat borki, u ham bo’lsa, Islom Karimovning mustaqillikning birinchi kunlaridanoq xalqimiz tarixi, boy madaniy merosi, urf-odat va an`analarini asrab-avaylash va rivojlantirish, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband va boshqa o’nlab aziz-avliyolarimiz, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi singari ulug’ ajdodlarimiz xotirasiga nisbatan tarixiy adolatni tiklashga kirishganidir.
Bularning barchasi kelajagi buyuk davlatni barpo etishdek ulug’vor maqsad oldidan buyuk bobokalonlarimiz ruhini shod aylashga qaratilgan ibratli amallar, dastlabki dadil qadamlar edi.

E`zoz va ehtirom

Istiqloldan oldin noyob iste`dodi, zakovati bilan dunyoda dovrug’ qozongan allomalarimizning nomini hatto aytolmasdik. Buxoriy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur merosidan ko’ra tilimizga, dunyoqarashimizga yot g’oyalarni «o’rganishga» mahkum edik. Ne baxtki, u kunlar ortda qoldi.
Darhaqiqat, yurtimizning har bir go’shasida aziz-avliyolar qadamjosi bor. O’tgan davr mobaynida ko’plab allomalarning tavallud sanalari nishonlandi, hoki poklari mangu qo’nim topgan go’shalar obod etilib, ziyoratgohlarga aylantirildi.
Jumladan, Imom Xo’ja Ismoil al-Buxoriy yodgorlik majmuasining dovrug’i bugun butun olamga yoyilgan.
Samarqand viloyatining Payariq tumani, Xartang qishlog’ida joylashgan bu ziyoratgoh kechayu kunduz odamlar bilan gavjum. Ko’rkam naqshinkor binolar ichidagi hazratning maqbaralari bu muborak manzilga tashrif buyuruvchilar qalbiga orom baxsh etadi.
Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 29 apreldagi qarori bilan ulug’ muhaddisning maqbarasi o’rnida maxsus yodgorlik majmui barpo etildi. Bu yodgorlik majmui alloma tavalludining 1225 yilligi munosabati bilan qurib bitkazildi va 1998 yil 23 oktyabr, juma kunida ochildi.
Imom Xo’ja Ismoil al-Buxoriyning ilmiy merosi nafaqat o’zbek xalqi, balki butun olamning faxru iftixoridir. Birinchi Prezidentimiz ushbu yodgorlik majmuining ochilishiga bag’ishlangan marosimda shunday deb ta`kidlagan edi: «Allohning inoyati bilan ezgu niyatimiz ijobat bo’lgan shu qutlug’ kunda men bu muazzam yodgorlik majmuining shunchaki ziyoratgoh emas, balki go’zal O’zbekistonimizni butun dunyoga tanitadigan, yosh avlodimizni ezgulik ruhida tarbiyalaydigan, har bir insonni hayot va abadiyat haqida o’ylantiradigan aziz maskan bo’lib qolishiga ishonaman».

Jaholatga
qarshi ma`rifat

– Istiqlol tufayli diyorimizda tug’ilib o’sgan, ilm-fan, ma`rifat rivojiga bemisl hissa qo’shgan ulug’ bobokalonlarimiz xotirasiga yuksak ehtirom qo’rsatilmoqda, – deydi manbashunos olim Komilxon Kattayev. – Xususan, Imom Moturidiy tavalludining 1130 yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida qad rostlagan maqbara ham ana shu e`zoz va e`tibor samarasidir.
Imom Abu Mansur Moturidiy o’zining «Kitob ut-tavhid», «Kitob ut-ta`vilot» kabi o’lmas asarlarida xalqimizga xos bag’rikenglik, olijanoblik va taraqqiyparvarlik kabi ulug’ fazilatlarni yorqin namoyon etgan. Shu bois bugun hazratning faoliyati va qoldirgan benazir merosini yanada chuqur o’rganish, tahlil etish, zamondoshlarimiz va yosh avlodlarga yetkazish borasida izlanishlar olib borilmoqda.
Juda yaxshi eslayman, sobiq tuzum davrida ko’plab aziz-avliyolarning so’nggi makonlari singari Moturidiy hoki qo’nim topgan Chokardiza majmuasi ham qarovsiz, tashlandiq holda, hovuzlar botqoqqa aylangan edi. Bu tabarruk maskanni manqurtlarcha yo’q qilishga urinishgan. Ammo xalq xotirasini yo’qotishning iloji bo’lmadi. Abu Mansur Moturidiy xotirasini tiklash haqida tarixiy qaror qabul qilindi. Shundan so’ng maxsus komissiya maqbaraning asl joyini aniqladi va u yerda maqbara loyihasi tayyorlandi. X asr ruhida kungira gumbazli zamonaviy maqbara – ziyoratgoh bunyod etildi.
Bu ishlarning barchasi g’oyat qisqa fursat – to’rt oyda bajarilgani ham xalqimizning ul tabarruk zotga ixlosi ifodasidir. Aziz zotlarning nomlari ulug’lanib, maqbaralari va qadamjolari obod etilgani tufayli yurtimiz nafaqat sayyohlar makoniga, balki butun dunyodan ziyoratchilar intilib keladigan qutlug’ bir maskanga aylanib bormoqda.

Dillarga
muhrlangan kalom

O’zbekiston qadim-qadimdan ulug’ allomalar, valiy insonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan yurt. Ana shunday ulug’ zotlardan yana biri Bahouddin Naqshbanddir.
Sho’rolar davrida hazrat Bahouddin Naqshband shaxsiyatiga, ta`limotiga bepisand qaraldi. Ul zotning maqbarasi, Qasri orifon majmui tashlandiq holda qoldi. Istiqlol tufayli ushbu majmua ham ta`mirlanib, obod qilindi. 1993 yilda Naqshband hazratlarining 675 yilligi jahon miqyosida nishonlandi, bu joy hozir Qubbat ul-islom nomi bilan mashhur bo’lgan Buxoroi sharifning eng ko’rkam manzillaridan biriga aylandi.
Davlatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2003 yil 27 noyabrda Bahouddin Naqshband ziyoratgohida o’tkazilgan tantanali marosimda shunday degan edi: «Buyuk ajdodlarimiz yashab o’tgan davrdan buyon yer yuzida ne-ne suron va to’fonlar ro’y berganiga, zamonlar, saltanatlar, hayotga qarashlar o’zgarganiga qaramasdan, bu piri komilning «Dil ba yoru dast ba kor», ya`ni «Diling Allohda, qo’ling mehnatda bo’lsin» degan hayotbaxsh hikmati xuddiki shu bugun aytilgandek jaranglamoqda».
– Chin dildan qilingan niyat, albatta, ijobat bo’lar ekan, – deydi O’zbekiston Qahramoni, yog’och o’ymakori Abdug’ani Abdullayev. – Bahouddin Naqshband bobomizning muborak qadamjosini obod qilishga kirishilgan paytda bu yerda har kuni sirli-sinoatli hodisalar ro’y berib turdi. Islom Karimov ushbu qadamjoga kelib, bu yerni ta`mirlash ko’p yillardan buyon xayollarini band etib kelayotganini, har safar shu muqaddas dargohni ziyorat qilganida o’zini shu buyuk zotning ruhi oldida qarzdor deb his etganlarini ta`kidladi. Yodgorlik majmuasini yangitdan bunyod etish masalasini shu joyning o’zida muhokama qilish jarayonida boshqa inshootlar bilan birga, bu yerdagi yangi ayvonning qayerda va qanday shaklda bo’lishini o’z qo’llari bilan chizib berdi. Ertasi kuni ishga kirishildi. Quruvchilar shu loyiha bo’yicha ish boshlaganda Islom Karimov ko’rsatgan joydan ilgari mavjud bo’lgan tarixiy ayvonning yer ostida qolib ketgan poydevori chiqdi…
Xorijlik olimlar
e`tirofi

…Dunyo tamadduni va ilm-faniga qo’shgan hissalari munosib e`tirof etilib, bir qator xorijiy davlatlarda ham Alisher Navoiy, Amir Temur, Ibn Sino, Ahmad Farg’oniyning haykallari va xiyobonlari bunyod etildi. Qolaversa, nafaqat vatanimiz, balki YuNYeSKOning Parijdagi qarorgohi va bir qator mamlakatlarda ham buyuk bobokalonlarimiz va qadimiy shaharlarimizning yubileylari nishonlandi. 2014 yil 15-16 iyun kunlari Samarqandda «O’rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati» mavzusida o’tkazilgan xalqaro konferensiya alohida mazmun-mohiyat kasb etdi.
– Samarqanddagi tarixiy obidalarni, jumladan, me`moriy yodgorliklar va muqaddas qadamjolarni ziyorat qildik, – degan edi mazkur konferensiyada qatnashgan mashhur olima, Qohira universiteti professori Magida Maxluf. – Registon, Shohi Zinda majmualarini, Amir Temur maqbarasi va Ulug’bek rasadxonasini tomosha qilib, olam-olam zavq oldik. Mamlakatingiz tarixini, ajdodlaringizning boy ilmiy merosini chuqur o’rganish va uni yosh avlodga yetkazish borasidagi sa`y-harakatlar natijasida O’zbekiston mustaqilligi tobora mustahkamlanib bormoqda.
Men bolaligimdanoq O’zbekistonni ko’rishni orzu qilardim. Mana, maqsadimga yetdim. Buyuk ajdodlaringiz qoldirgan noyob va o’ta muhim meros asosida bugun dunyo mamlakatlari ilm dargohlarida, maktabu universitetlarda ta`lim berilmoqda. Chet ellik talabalar Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg’oniy, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Mirzo Ulug’bekning insoniyat ilm-fani taraqqiyotidagi buyuk xizmatlari haqida batafsil ma`lumotga ega bo’lmoqda.
Mazkur konferensiyada qatnashgan yana bir nufuzli olim – Hindistondagi umummilliy Islom universiteti xalqaro tadqiqotlar akademiyasi professori Shohid Taslim esa shunday degan edi:
– O’zbekistonda mustaqillik yillarida ro’y berayotgan ma`naviy-ma`rifiy islohotlar butun dunyo uchun ahamiyatli. Birgina tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash, ulug’ allomalar xotirasiga ehtirom ko’rsatish borasidagi sa`y-harakatlarni olib qaraydigan bo’lsak, shuning o’ziyoq katta saboq ekanligini anglab yetamiz. Bilasiz, o’zbek va hind xalqlari azaldan do’st, birodar, hamkor bo’lib yashagan. Hindistonda ham bu yurt ulug’larini, yodgorliklarini yaxshi bilishadi. Masalan, Registon ansambli haqida hindistonliklar go’yo o’zbeklardek g’urur bilan gapiradi. Ahamiyatlisi, O’zbekistonda mustaqillik tufayli qadamjolar, obidalarga e`tibor butkul o’zgardi. Bu yangilanishlarning barchasi xalqingizning ma`naviy yuksalishiga xizmat qilayotgani havasimizni uyg’otadi.

Xulosa o’rnida

2000 yili Toshkentning Yunusobod tumanida qatag’on yillari qancha-qancha yurtdoshlarimiz, xalqimizning asl farzandlari qatl etilib, nom-nishonsiz ko’mib tashlangan joyda «Shahidlar xotirasi» xiyoboni tashkil etildi. Agar 1 sentyabr mamlakatimizda Mustaqillik kuni sifatida sharaflansa, 31 avgust Qatag’on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanadi. Bilasiz, xalqimizda ajoyib bir an`ana bor. Katta to’y oldidan, albatta, o’tganlar haqiga xayr-xudoyi qilinadi, duo birla ruhi shod etiladi.
Qarangki, har yili 31 avgust kuni erta tongdan «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuida azaliy odatlarimizga ko’ra, Qur`on tilovat qilinib, elga osh tortiladi. Bu bilan marhumlar, istiqlol deya, ozodlik deya shahid ketgan ajdodlar ruhiga hurmat bajo keltiriladi. Tinch-xotirjam yurtdagina ana shunday xayrli amallar bardavom bo’ladi.
Aziz Vatanimizni chin dildan, chin ixlos bilan sevgan, tinchligimizni qadrlash, mustaqillikni mustahkamlash yo’lida o’z jonini fido etgan Birinchi Prezidentimiz ulug’ ajdodlarimiz xotirasini tiklash, nomlarini abadiylashtirish, merosini o’rganish borasida ham mislsiz jasorat ko’rsatdi.
Istiqlolning dastlabki yillari. O’zbekiston iqtisodiyoti mo’rt va zaif edi. Lekin shunga qaramay, Buyuk yo’lboshchi Islom Karimov ajdodlar xotirasini tiklash, mangu qo’nim topgan manzillarini obod etishga alohida e`tibor qaratdi. Buning uchun davlat byudjetidan qancha mablag’ sarflandi. Albatta, bu ba`zi odamlarga yoqmagani ham rost. «Undan ko’ra shu pulga zavod, fabrika qursa bo’lmaydimi?», «Iqtisodiyotga ishlatilsa yaxshi bo’lar edi», degan gap-so’zlar ham quloqqa chalinar edi.
Ammo 140 yil qullikda yashagan, «qo’lidan hech narsa kelmaydi», «mustaqil yashab ketolmaydi», degan ta`na-dashnomlarga ko’mib tashlangan xalq aslida qanday xalq ekanini avvalo uning o’ziga va butun dunyoga anglatish uchun bu ishlar nihoyatda muhim tarixiy ahamiyatga ega edi. Bu avvalo xalqning o’ziga ishonchini, kelajakka ishonchini oshirish, olijanob maqsadlar yo’lida birlashtirish uchun naqadar zarurligini Ulug’ yo’lboshchimiz teran anglar edi. Tarixiy haqiqat shuki, bu siyosat o’zining yuksak samarasini berdi.
2016 yilda xalqimiz og’ir judolikka uchradi. Ulug’ allomayu avliyolarimiz ruhi-poklarini muqaddas deb bilgan Buyuk Yo’lboshchimiz o’zi ulug’ etgan aziz avliyolar yoniga ketdi. Bugungi dorilamon kunlarimizning yaratuvchisi, mustaqil O’zbekiston davlatining asoschisi, O’zbekiston Qahramoni Islom Karimovning xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi.

Maqsud JONIXONOV,
jurnalist,
«Oltin qalam» milliy mukofoti uchun
xalqaro tanlov g‘olibi, «Shuhrat» medali sohibi

Foydali havolalar